Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Zerikarli «Liverpul» kerakmi? Marhamat

Zerikarli «Liverpul» kerakmi? Marhamat

Baho:
+ | -

(Quyidagi fikrlar «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘rtasidagi birinchi o‘yindan keyin yozilgan).
Angliya Premyer Ligasi 19-turidan o‘rin olgan «Arsenal»ga qarshi o‘yindan (3:3) keyin «Liverpul» futbolchisi Jeyms Milner «Biz biroz zerikarli jamoaga aylanishimiz kerak» deb aytgandi. Futbolchi bu gapi bilan faqat hujumga berilib muxlislarga yoqadigan o‘yin ko‘rsatavermay, himoya haqida ham bosh qotirish, natija uchun ham o‘ynash kerak demoqchi bo‘lgandi. Chempionlar Ligasi chorak finalidan o‘rin olgan «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda Milner aytganidek biroz zerikarliroq ko‘rindi va 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Odatda jamoa muxlislari «Liverpul» uchta gol ursa ham o‘yinni xotirjam kuzata olishmaydi, chunki har qanday vaziyatda raqib gol urib ketishi mumkin degan hadik ularni tark etmaydi. «Siti»ga qarshi Klopp shogirdlari mavsumdagi eng aqlli o‘yinlarini ko‘rsatishdi.

ODATDAGI START

«Liverpul» bu o‘yinni ham o‘z odatiga ko‘ra juda faol boshladi. 12-daqiqadayoq Muhammad Saloh hisobni ochdi. «Liverpul»ning odatiy juda tezkor qarshi hujumini Saloh va Firmino rivojlantirishadi. Saloh Firminoni qulay vaziyatga olib chiqadi. Firmino himoyachini aldab o‘tib zarba yo‘llaydi, lekin to‘p darvozagacha borishiga «Siti» futbolchilari yo‘l qo‘yishmaydi. Shunda Firmino qulayroq nuqtada turgan Salohga to‘pni tepib yuboradi va misrlik hujumchi hisobni ochadi. Ikkinchi gol ham ko‘p kuttirmadi. 20-daqiqada Milnerdan to‘pni qabul qilib olgan Aleks Oksleyd-CHemberlen jarima maydonchasiga kirmay kuchli zarba bilan Ederson darvozasini ishg‘ol qiladi. Xuddi APLdagi o‘yinda bo‘lgani kabi. Esingizda bo‘lsa, o‘shanda Chemberlen juda kuchli zarbasi bilan o‘yinda hisobni ochgan va «Liverpul»ning gollar shousini boshlab bergandi. Uchinchi golga esa Mane mualliflik qildi. Muhammad Salohning ajoyib uzatmasidan keyin senegallik hujumchi to‘pni bosh bilan darvozaga joylab qo‘ydi.

Ko‘rib turganingizek biz bilgan Kloppning «Liverpul»i. Bu jamoa «Real» yoki «Barselona»ga ham 20 daqiqa ichida uchta gol ursa ajablanmaslik mumkin. Chunki bunday katta tezlikdagi yigitlar har qanday himoyani parchalay oladi. Lekin bugun biz jamoaning boshqa jihatiga e’tibor qaratmoqchimiz. Himoyaga. «Liverpul» shu kuni himoyaga «yotib oldi» desak xato bo‘ladi. Bu jamoa darvoza oldida turib olishni o‘ziga ep bilmaydi. Klopp bunga also ruxsat bermasligi turgan gap. «Siti»ga qarshi jamoa aqlli o‘yin ko‘rsatdi.

«ZERIKARLI» «LIVERPUL»

Sezgan bo‘lsangiz, uchinchi gol urilgandan keyin «Liverpul» tempni pasaytirdi. Sadio Mane bir nechta holatda maydonning raqib o‘ynaydigan tomonidan turib to‘pni o‘z himoyachilariga tepib yubordi. Bu holat futbolchining o‘z tashabbusi desak, Mane xuddi shunday ishni bir emas, bir necha marta qildi. Ya’ni bu katta ehtimol bilan murabbiy ko‘rsatmasi. «Siti» navbatdagi hujumni kutayotganda to‘p yana raqib himoyasi tomon yo‘l oldi va turgan gapki bu o‘yin tezligini tushirib yubordi. Biroq shu kecha «Liverpul» to‘pni ko‘p vaqt o‘zida ushlab tura olmadi. Axir «Siti» bu borada Yevropada eng yaxshilardan hisoblanadi. Ikki yildan buyon Gvardiola qo‘l ostida o‘ynayotgan «Shaharliklar» to‘pni egallashning hadisini olishdi. Qanot himoyachisi sifatida tanilgan Uokerlar bugun maydon markazida qo‘rqmay raqib futbolchilarini aldab yurishibdi. Xullas ana shunday jamoaga qarshi to‘pni egallab turish oson emasdi. O‘yinning yakuniy statisikasiga e’tibor bersak, «Manchester Siti» uchrashuvning 66 foiz vaqti davomida to‘pni o‘zida ushlab turgan. Ikkinchi bo‘limda farq yanada kattalashdi, chunki o‘yinning ikkinchi yarmida «Liverpul» deyarli hujum qilmadi. Biroq yana bir statistika borki, faqat to‘pni egallab turish bilan futbolda hech narsa qilib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. «Manchester Siti» butun o‘yin davomida «Liverpul» darvozasi tomon birorta ham aniq zarba yo‘llamagan! Ha, birorta ham! Shunaqasini eslay olasizmi? Butun Yevropada eng ko‘p gol urayotgan jamoalardan bo‘lgan «Siti» himoyasi kuchsiz deb qaraladigan, har qanday jamoadan gol o‘tkazib yuborishi mumkin bo‘lgan «Liverpul» darvozasiga birorta ham aniq zarba yo‘llay olmagan. Bu esa Gvardiola jamoasi to‘pni shunchaki maydon bo‘ylab mazmunsiz olib yuranidan nishona.

JAN BO‘LMASA, BOSHQALAR BOR

«Manchester Siti»ga qarshi o‘yindan oldin «Liverpul» ikkita yo‘qotishga duch keldi. Jamoaning eng muhim futbolchilaridan biri Emre Jan jarohati sabab o‘yinda qatnasha olmadi. Asosiy tayanch yarim himoyachisi bo‘lgan Janning yo‘qligi «Liverpul» o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatishini taxmin qilish mumkin edi. Biroq maydon markazida germaniyalik futbolchining yo‘q ekani deyarli bilinmadi. Jamoa sardori Jordan Xenderson o‘zini ayamay o‘ynadi va markazda raqiblarga deyarli imkon bermadi. U sariq kartochka olib, keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, lekin birinchi o‘yinni juda yuqori saviyada o‘tkazdi. Shu kuni markazda yana bir futbolchining o‘yini «Siti» yarimhimoyachilariga kun bermadi. Bu Aleks Oksleyd-CHemberlen. «Liverpul»ga kelganida jamoa ketma-ket o‘yinlarda ochko yo‘qotgandan keyin omadsiz futbolchi deb atalgan Chemberlen «Siti»ga qarshi juda zo‘r o‘yin ko‘rsatdi. Hujumga qo‘shilishni yoqtiradigan Oks (Angliyada uni shunday atashadi) tayanch zonasida ham ajoyib o‘yin ko‘rsatdi. Undan tashqari o‘ng qanot himoyachisi Trent Aleksandr-Arnold ham shu kecha yaxshi o‘ynadi. Jussasi kichik, lekin chaqqon Arnold «Siti» futbolchisi Leroy Saneni ko‘p hollarda to‘xtatib qola oldi. Chap qanotdagi Endryu Robertson ham har doimgidek tezkorligi bilan «Siti» futbolchilarini qiynab qo‘ydi. Bekorga «Siti»ga qarshi o‘yin haqida gapirayotganda «Liverpul»ning asosan himoyaga javobgar futbolchilari haqida gapirmayapmiz, chunki hujumdagi yigitlarning qanday yuqori darajada ekanini barcha bilib bo‘lgan. Himoyadagi tartib esa jamoa uchun chinakam yangilik bo‘ldi.

Esingizda bo‘lsa «Liverpul» Premyer-Liga doirasida «Siti»ni 4:3 hisobida mag‘lub etgan o‘yinda 4:1 hisobida oldinda borayotib, uchrashuv so‘ngida ikkita gol o‘tkazib yuborgandi. Klopp o‘yindan keyin Agueroning zarbasi gol bo‘lib, hisob tenglashganda yuragi to‘xtab qolgan bo‘lishini aytdi. Biroq bu safar uning shogirdlari «Siti»ga bunday imkoniyat berishmadi. 4:3 hisobida tugagan o‘yinda Virdjil van Deyk qatnashmagandi, Chempionlar Ligasi doirasidagi o‘yinda esa u o‘ynadi. Gollandiyalik futbolchi jamoa himoyasida tartib o‘rnata olgani mana shu o‘yinda ayniqsa bilindi. Ko‘ramiz Kloppning shogirdlari «Etixad»da o‘tadigan javob o‘yinida «Siti»ning bosimiga dosh bera olisharmikin. Axir Gvardiola shogirdlari o‘z maydonlarida «Liverpul»ga kerak bo‘lsa 5 ta gol ura olishlarini isbotlashgan…

O‘tkir JALOLXONOV

Manba: www.erudit-sport.uz
Kiritildi: 11:51, 11.04.2018.
O'qildi: 7189 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.