Portugaliya terma jamoasi himoyachisi Fabiu Koentrau o‘tgan yozda «Sporting» a’zosiga aylangandi. Ayni paytda Lissabon klubi Yevropa Ligasi g‘olibligi uchun kurash olib bormoqda.
Aytish joiz, Koentrauning transfer huquqi hamon «Real»ga tegishlidir.
- Lissabondagi faoliyatingiz qanday kechyapti? Mamnunmisiz?
- Ha, bu yerdaligimdan xursandman. O‘zimga bo‘lgan ishonch ortgan. «Real»da qiynagan jarohatlar yo‘q.
- Madridda yulduzli davringiz o‘tdi. YECHL finalida asosiy tarkibda maydonga tushgansiz. Hammasi qayerga ketdi?
- Tanqid qilayotgan insonlar hammasiga bir boshdan e’tibor berishmaydi. «Real»da mening chizig‘imda Marselo o‘ynaydi. Biz o‘rtamiyona futbolchi emas, balki Marselo haqida gapiryapmiz. Shunga qaramay, o‘zimga yarasha nimadir qilishga ulgurdim.
Birinchi yil chempionatda g‘olib bo‘ldik. 30tacha o‘yinda maydonga tushdim. Keyingi yil omadsiz yakunlandi. Uchinchi mavsumda Anchelotti qo‘l ostida Chempionlar Ligasida zafar quchdik. Keyin meni jarohatlar ta’qib eta boshladi. Umuman olganda, yomon o‘ynamadim, deb hisoblayman.
- Bir safar «Real»da o‘zingizni «irkit o‘rdakcha»dek his qilishingizni aytgandingiz...
- Bu haqiqat. Hozir ham shunday o‘ylayman.
- «Real»dagi sobiq jamoadoshlaringizning qay biri bilan aloqadasiz?
- Barcha bilan munosabatim yaxshi edi. Bu borada muammolar bo‘lmagan. Hozir muloqot qiladigan yagona insonim - Krishtianu. U nafaqat jahonning eng yaxshi futbolchisi, balki mening yaqin do‘stimdir.
- «Sporting» ustozi Jorje Jezush bilan munosabatlaringiz qanday?
- Jezush - hayotimdagi muhim insonlardir biridir. 19 yoshligimda u mening murabbiyim bo‘lgan. Aynan u meni chap qanotda o‘ynatgan. Ayni paytda ham u menga ishonadi.
Bu ham juda muhim jihat. «Real»dagi oxirgi mavsumimda menga ishonishmadi. Bu bilan Zizu menga ishonmadi, demoqchi emasman. U ajoyib murabbiy va u haqida faqat yaxshi fikrlarni aytishim mumkin.
Zidan haqida yomon gapirganlar nohaq deb hisoblayman. Bir yarim yil ichida u ikki marta YECHL va bir marta Ispaniya chempionatida zafar quchdi.
- Fabiu Koentrau klublardan ko‘ra Portugaliya terma jamoasida yaxshiroq o‘ynaganiga guvoh bo‘lganmiz.
- Chunki terma jamoada menga ishonishadi. Har qanday futbolchidan so‘rang, ishonch muvaffaqiyatning 50 foizidir. Terma jamoada o‘zimga bo‘lgan ishonchim yuqori.
- O‘zingizni Rossiyadagi jahon chempionatida his qilyapsizmi?
- Ayni paytdagi maqsadim - «Sporting» bilan chempionlikni qo‘lga kiritish. Klubimiz uchta turnirda ishtirok etmoqda. Ularning barchasida zafar quchishida yordam bermoqchiman. Jahon chempionati haqida gapiradigan bo‘lsam, uni Portugaliya terma jamoasi yutishini istayman. Agar imkonim bo‘lsa, unda yordam beraman. Agar bormasam, qo‘rqinchli joyi yo‘q.
- Madridda uyqu, chekish borasida muammoga duch kelganingiz, kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynashingiz haqida yozishgandi... Bularning qay biri haqiqat?
- Kompyuter o‘yinlarini ko‘p o‘ynarkanman? (kuladi). Bilsangiz, joriy mavsumda maydonda ko‘proq gapiryapman. Tanqidchilarga eng yaxshi javob o‘yiningiz ekanligini Krishtianudan o‘rgandim.
Odamlar Lissabonga tatilga kelganim, o‘ynab ketolmasligim haqida gapirishgandi. Bu «aqllilar» endi nima deyisharkin? Mana, 31ta uchrashuvni jarohatsiz o‘tkazdim. Ishlarim joyida.
- Madridni sog‘inyapsizmi?
- Albatta. Bu borada turmush o‘rtog‘im bilan ham ko‘p gaplashamiz. U ham, farzandlarim ham o‘sha yerda yashashni istashlarini aytishadi. Lekin futbolchining hayoti shunaqa. Bir kun bu yerda, ertasiga u yerda yashashingizga to‘g‘ri keladi. Yaxshiyamki, Madridni Lissabonga almashtirdim.
- Sizningcha, Ispaniya matbuoti sizga biroz adolatsiz bo‘lganmi?
- Albatta, yaxshi o‘yinlarim bilan yomon o‘yinlarim ham bo‘lgan. Lekin Ispaniya matbuotida Fabiu yaxshi o‘ynadi, deb biror marta yozishganini ko‘rmadim.
Ikki hafta oldin «Portu»ga qarshi o‘ynadik. Maydonda 90 daqiqa harakat qildim. Raqiblardan biri fint ishlatib, meni maydonga yiqitib yubordi. Keyin shu vaziyatning videosiga meni yomonlab izoh qoldirishdi. Tushunmayman. Nima uchun men haqimda faqat yomon gapirishadi? Shunchaki, adolatli bo‘lishlarini istayman.
To‘g‘ri, ko‘p marta yomon o‘ynaganman. Buning salbiy joyi yo‘q-ku. Axir yaxshi o‘yinlarim ham talaygina. Buning ustiga, matbuot vakillariga biror marta ham yomon gapirmaganman.
- Hozir 29 yoshdasiz. O‘z formangizdan qoniqyapsizmi?
- Shubhasiz. «Real»da esa men istagandek bo‘lmagandi.
- O‘tgan mavsum nima bo‘ldi? Faqat jarohatlar xalaqit berdimi yoki boshqa narsa ham ro‘y berdimi?
- Agar bitta o‘yinda tushib, keyin yettitasini o‘tkazib yuborsangiz, ishtiyoq yo‘qoladi. Vaholanki, har safar chin dildan mashq qilasiz. «Real»da men bilan xuddi shunday bo‘ldi. Agar ortga qaytishning imkoni bo‘lganida, ko‘p narsani o‘zgartirardim.
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.