Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Superligadagi ilk «kalla»

Superligadagi ilk «kalla»

Baho:
+ | -

Superliga deganlari menga juda yoqib tushdi. Avvallari yurgan ekanmiz chempionatimiz bor, deb. Oliy ligada o‘yin bo‘lib o‘tganini birov bilib, birov bilmay qolardi. Yangicha formatdagi musobaqaning esa qaysi turini olmang, bo‘lmaganda ikki-uchta «syurpriz» uchrab turadi-da.

Goh shov-shuvli hisob qayd etilsa, gohida mojarolar boshlanib qoladi. Hakamlarning-ku «sho‘riga to‘kilgan sho‘rva» bo‘ldi bu Superliga. Xullas, qiziqish zo‘r. Ayniqsa, 5-tur dahshatli o‘tdi.

Buxorodagi «Buxoro» - «Paxtakor» o‘yinini «hazm» qilib ulgurmasimizdan, Toshkentda undan zo‘rini kuzatdik. «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» o‘yinini ko‘rgandirsiz?

Ko‘rgan bo‘lsangiz ham rasamadisini keltirish uchun birrov eslab o‘tsak. O‘sha o‘yinda «Lokomotiv» hujumchisi Nivaldo qilgan ish hali ko‘p tilga olinadi. Axir o‘zi bo‘ladimi: avval yo‘q joydan qizil kartochka oldi, keyin esa...

Xullas, braziliyalik hujumchi tomonidan «Qo‘qon-1912» darvozaboni O‘tkir Yusupovga qo‘yilgan «kalla»ni ortiqcha ta’riflashga hojat yo‘q. Bunaqasi bir Zidanda va... Nivaldoda bor. Shaxsan o‘zim shuncha yil futbol ichida yurib, bunaqasini ikkinchi marta ko‘rib turibman.

Aslida, bu o‘yinda g‘alabaga juda muhtoj bo‘lgan «Lokomotiv» qiynalib turgandi. Braziliyalik hujumchining hurmacha qilig‘i esa «dard ustiga chipqon» bo‘ldi.

Nivaldo avvaliga 89-daqiqada qo‘qonliklar himoyachisi Mirko Milich bilan janjallashib, hakam tomonidan chetlatildi. Agar o‘shanda Nivaldo shunchaki, maydondan chiqib ketganda, balki jabrdiyda sifatida ko‘pchilikning hurmatiga loyiq bo‘lardi. Biroq uning keyingi qilig‘i ortiqchalik qildi.

«Qo‘qon-1912» darvozaboni O‘tkir Yusupov qanot hakamiga vaziyatni tushuntirayotgan vaqtda Nivaldo «kalla» qo‘ydi. Chin ma’noda kalla qo‘ydi.

Keling, endi shu o‘rinda o‘sha «kalla»ga nima sabab bo‘lganini bevosita ishtirokchilardan so‘rab, bilib olsak. Axir Nivaldo o‘z-o‘zidan Yusupov bilan xusumatga bormagandir?! O‘yindan so‘ng braziliyalik hujumchi bilan bog‘landik va nima uchun bunday bo‘lgani bilan qiziqdik.

- Futbolchilik faoliyatim davomida hali hech qachon bunday irqiy kamsitishga uchramaganman. Qayerda to‘p surmay, doim og‘ir-bosiqlik bilan o‘ynaganman.

Bunaqasi men bilan birinchi marta ro‘y beryapti. «Qo‘qon-1912»ga qarshi kechgan uchrashuv juda og‘ir va qiyin o‘tdi. Kamiga o‘yin davomida raqib himoyachisi («Qo‘qon-1912» klubining serbiyalik himoyachisi Marko Milich nazarda tutilmoqda - «InterFutbol» izohi) meni haqorat qildi. Oxir-oqibat o‘zimni tutib tura olmadim va unga javob qaytarib, qizil kartochka oldim.

Shundan so‘ng raqib darvozaboni ham menga yomon munosabatda bo‘ldi. Bu safar ham ehtiroslarimni jilovlay olmay, unga nisbatan kuch ishlatdim. To‘g‘ri, bu mening aybim. O‘zimni bosib olishim kerak edi.

Ammo ochig‘ini aytsam, faoliyatimda birinchi marta shunday holatga tushyapman. Hozirga qadar hech qachon bunday haqoratlarni eshitmaganman, - deydi Nivaldo.

«Lokomotiv» hujumchisi biz bilan bo‘lgan suhbatda aynan qanday haqoratli so‘zlar ishlatilganini ayt­madi. Ammo ishoning, bu ayblov ancha jiddiy.

Masalan, Marko Milich bilan suhbatda bo‘lganimizda, u aynan qaysi so‘zni aytmaganini ochiq bildirdi. Umuman, serbiyalik himoyachi bilan suhbatimiz u qadar uzoq davom etmadi va «Qo‘qon-1912» matbuot xizmati orqali olingan mana shu ikki qator so‘z bilan cheklanishga majburmiz:

«Unga yomon so‘z aytganim yo‘q. Shunchaki, futbol o‘ynadim - to‘pni egallashga intildim, kurashdim, yugurdim, tortishdim... Men faqat futbol haqida o‘yladim, boshqa narsaga vaqt ham bo‘lmadi», - deydi Marko Milich.

O‘tkir Yusupov esa bu borada shunday deydi: «Hech qanday haqoratli so‘zlarni ishlatganimiz yo‘q. Uchrashuvni televizor orqali bo‘lsa ham tomosha qilganlar ko‘rishgan, men shunchaki, qanot hakamini chaqirib, unga aynan kim qoida buzganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgandim.

O‘sha vaqtda qanot hakami ham, bosh hakam Valentin Kovalenko ham yonimda turgandi. Nivaldoni haqorat qilmaganimga ular guvoh bo‘lishlari mumkin».

Ko‘rib turganingizdek, Marko Milich ham, O‘tkir Yusupov ham haqoratli so‘z ishlatmaganliklarini aytishmoqda. Albatta, hech kim aybni bo‘yniga olgisi kelmaydi va dabdurustdan hammasiga oydinlik kiritish qiyin.

Biz faqat shuni ta’kidlashimiz mumkinki, «Lokomotiv» - «Qo‘qon-1912» (1:1) o‘yinini boshqarib borgan hakam Valentin Kovalenko darhaqiqat, o‘yin hisobotida Nivaldo sha’niga haqoratli so‘zlar aytilganini qayd etmagan.

O‘tgan hafta O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasi mazkur uchrashuvda kuzatilgan vaziyat sabab Nivaldoni 5ta o‘yinga diskvalifikasiya qilib, qo‘shimchasiga 25 million so‘m miqdorida jarima jazosi qo‘lladi.

Shunaqa. Agar bu ish o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, chora ko‘rilmaganda, nafaqat Superliga, balki o‘zbek futboli obro‘yiga ham yaxshi ta’sir o‘tkazmasligi aniq edi. Ammo O‘FA tezkor ravishda vaziyatga tegishlicha munosabat bildirdi.

Bu esa ishga professionalcha yondashilayotganining yana bir namunasi. Assosiasiya Tartib-intizom qo‘mitasi o‘z qarorlari bilan futbolchilardan ham aynan shuni talab etmoqda. Umid qilamizki, kelgusida bunday «kalla» qo‘yishlar boshqa uchramaydi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 10:22, 14.04.2018.
O'qildi: 5033 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.