“Dinamo" jamoasi yangi futbolchilar taqdimoti va muxlislar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Aytish lozimki, shu kungi marosim faqat taqdimot emas, ochiq davra suhbati va mavsum oldi yig‘ilgan dolzarb savol-javoblar bilan o‘tdi.
Shu kungi tadbirda “Dinamo” jamoasining barcha futbolchilari, murabbiylari ishtirok etib, yangi futbolchilar keng ommaga tanishtirildi. Jurnalistlar hamda muxlislarda jamoa futbolchilari va murabbiylarga o‘z savollari bilan murojaat etish imkoniyati bo‘ldi.
Samarqanddagi “Biznes Sentr” binosi zalida o‘tgan konferensiyada yuzga yaqin ishtirokchi qatnashdi. Taqdimotda dastlab “Dinamo” klubi bosh menejeri Ilhom Sharipov so‘zga chiqib, muxlislarga jamoaning yangi mavsumga tayyorgarligi va tarkibi borasida axborot berdi va jamoaga kelib qo‘shilgan 9 nafar yangi futbolchilarni tanishtirdi.
Jumladan, Shohruh Eshbo‘tayev 1-raqamni, Ilhom Yunusov 7, Viktor Grigoryev 50, Azizbek Suyunov 70, Aram Markaryan 90, Mirzabek Joniqulov 24, Maradona Safarov 19, Muydin Mamazulumov 10, Zohir Qo‘ziboyevga esa 28-raqamli futbolka topshirildi.
“Yangi mavsum tayyorgarligini ikki bosqichda Samarqand va Toshkentda o‘tkazdik. Tarkibimizni imkonqadar kuchaytirishga intildik. Qo‘l ostimizdagi yigitlar bilan bosh vazifamiz Superligaga chiqishni maqsad qilganmiz” – dedi Ilhom Sharipov.
O‘z navbatida futbolchilardan jamoa sardori, samarqandlik tajribali yarimhimoyachi Ilhom Yunusov, Jasur Azimov, himoyachi Viktor Grigoryev, hujumchi Zohir Qo‘ziboyevlar so‘zga chiqib, jamoa mavsumga tayyor ekanligi, klub oldidagi bosh vazifa – Superligaga qaytish ekanligini ta’kidlab, muxlislar ishonchini oqlash uchun bor kuch va mahoratlarini ishga solishlariga va’da berishdi.
Savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirda faxriy va faol muxlislardan Murodullo hoji Qarshiyev, Abdumannon Hakimov, O‘ktam Jamolov, Iskandar Xusainov, Abdug‘ani Obloqulov, Zokir Qayumov, Fayoz Ganiyevlar so‘zga chiqib, “Dinamo” jamoasini har qanday holatda ham qo‘llab-quvvatlashlarini ma’lum qilib, dolzarb mavzularni ko‘tarishdi. Samarqandning yana bir jamoasi “Sherdor” klubi bosh murabbiyi Baxtiyor Sattorov ham so‘z olib, jamoaning bu yilgi maqsadi “Dinamo”ga samarqandlik yosh futbolchilarni yetkazib berish ekanliganligini aytib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, “Samarqand” telekanalidan jurnalist Dilmurod Do‘stmurodov, “Zarafshon” gazetasidan Dilmurod To‘xtayev, “STV-Samarqand” telekanali va boshqa nashr muxbirlari stadionda yaratiladigan sharoitlar, klubning hozirgi holati va maqsadi, bu yilgi chiptalar narxi va o‘yinlarning viloyat telekanallarida translyasiya qilishi borasida muhim savollarni o‘rtaga tashlashdi.
O‘z navbatida viloyat futboli mutasaddi rahbarlaridan Baxtiyor Jo‘rayev jurnalist va muxlislar savollariga javob qaytararkan, “Dinamo”ga homiylar tomonidan sharoitlar yaratib berilayotganligini aytib, stadionda chipta bahosini qaytadan ko‘rib chiqishni va “Dinamo”ning Pro-Ligadagi uy uchrashuvlarini viloyat teleradiokompaniyasi orqali efirga uzatish borasida ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
Qiziqarli savol-javoblar, ochiq davra suhbati, konferensiya shaklida o‘tgan taqdimot marosimida yig‘ilganlar jamoaga yangi mavsumga omad va zafarlar tilashdi.
“Dinamo” klubi Matbuot xizmati.