Madriddagi "Vanda Metropolitano" stadionida Ispaniya Qirollik kubogining final bahsi bo‘lib o‘tdi. "Barselona" va "Sevilya" o‘rtasidagi uchrashuvda yirik hisob qayd etildi.
Kataloniyaliklar 14-daqiqadayoq hisobni ochishga muvaffaq bo‘lishdi. "Barsa" posboni Yasper Sillessen kuchli zarba bilan to‘pni oldinga tepib yuborishi natijasida Kotuinyo raqib jarima maydonchasiga kirib bordi va to‘pni yanada qulay vaziyatda turgan Suaresga yetkazdi. Urugvaylik futbolchi deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.
Bahsning 31-daqiqasida hisobdagi farq oshdi. Alba chap qanotda jamoadoshi bilan "devor" o‘ynab, jarima maydonchasiga kirib bordi va kutilmaganda, tovoni bilan to‘pni orqaga yetkazdi. Himoyachilar Messini nazoratsiz qoldirishdi va Leo kuchli zarba bilan darvozani zabt etdi.
Hisobni birinchi bo‘limning o‘zidayoq yirik ko‘rinishga keldi. Messining uzatmasidan keyin Luis darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi va imkoniyatdan samarali foydalandi — 3:0.
Ikkinchi bo‘limning debyuti kataloniyaliklar uchun omadli keldi. Mavsum so‘ngida jamoadan ketishi deyarli aniq bo‘lib qolgan Inyesta Messining uzatmasidan keyin darvozabon qarshisida yolg‘iz qoldi hamda posbonni aldab o‘tib, bo‘sh qolgan darvozaga to‘pni joyladi.
Uchrashuvning 70-daqiqasida qiziq vaziyat yuzaga keldi. Koutinyo raqib jarima maydonchasi ichida Suares bilan "devor" o‘ynab, darvozani ishg‘ol qildi. Ammo hakam golni bekor qilib, "Sevilya" darvozasi tomon penalti belgiladi. "Ko‘k-anorranglilar" 11 metrli jarima zarbasini Filippega berishdi: braziliyalik futbolchi David Soriyaga imkoniyat qoldirmadi.
"Sevilya" o‘yin davomida gol urish uchun vaziyatlarga ega bo‘ldi. Ammo ularga omad kulib boqmadi.
Shu tariqa, "Barselona" ketma-ket to‘rtinchi marta, o‘z tarixida esa 30 marotaba Ispaniya Qirollik kubogini qo‘lga kiritdi.
Ispaniya kubogi, final
Sevilya – Barselona 0:5 (0:3, 0:2)
Gollar: 0:1 – 14 Suares, 0:2 – 31 Messi, 0:3 – 40 Suares, 0:4 – 52 Inyesta, 0:5 – 69, penalti Koutinyo.
Sevilya – Soriya, Langle, Merkado, Eskudero, Navas, Nzonzi, Banega, Vaskes (Nolito, 86), Sarabiya (Layyun, 82), Korrea (Sandro Ramires, 46), Muriel.
Barselona – Sillessen, Umtiti, Pike, Alba, Koutinyo (Dembele, 82), Serdji Roberto, Rakitich, Buskets (Paulinyo, 76), Inyesta (Denis Suares, 88), Messi, Suares.
Ogohlantirishlar: Merkado (34), Eskudero (38), Inyesta (67), Buskets (74), Vaskes (74).