Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Aleksandr Gleb: «APLni yoqtirmaslikning iloji yo‘q»

Aleksandr Gleb: «APLni yoqtirmaslikning iloji yo‘q»

Baho:
+ | -

Aleksandr Glebning faoliyati ideal o‘tgan, desa bo‘laveradi.

U Germaniya, Angliya va Ispaniya chempionatlarida faoliyat yuritgan, Chempionlar Ligasida zafar quchgan, «Barselona»da Leo Messi bilan birga to‘p surgan.

Yaqinda Rossiyaning «Futbol» haftanomasi belaruslik futbolchi bilan suhbat uyushtirdi.

Siz futboli rivojlanmagan mamlakatdan Germaniyaga borib, yuqori saviyada o‘yin namoyish qilgan kamsonli futbolchilardan birisiz. Bu qanday yuz bergandi?

— Biz o‘smirlar terma jamoasi bilan turnirga borganmiz. U yerda Ferber ismli germaniyalik agent «Shtutgart» va «Mangeym» klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil qilgandi.

Umuman olganda, o‘sha o‘yinlardan so‘ng meni ko‘rikka chaqirishgan. Belarus va Germaniya futboli o‘rtasidagi farq ancha katta edi.

— Feliks Magat qo‘l ostida o‘ynaganingizda, mashg‘ulotlarga nemischa yondashish qandayligini bilib olganmisiz?

— «Shtutgart»ga o‘tganimda, jamoani Ralf Rangnik boshqarardi. Undan keyin Magat qabul qilib olgan. U juda qattiqqo‘l murabbiy edi. Jismoniy tayyorgarlikka haddan ziyod ko‘p e’tibor qaratardi. Ba’zida qo‘shimcha yuklar bilan ham yugurardik.

— Tumanli o‘lkadagi faoliyatingiz haqida nima deysiz?

— Aslida, Angliyaga avvalroq borishim ham mumkin edi. «Shtutgart»dagi ikkinchi mavsumimdan so‘ng «Liverpul»dan yaxshi taklif tushgandi. Germaniyaga klub vakillari ham borishgan, lekin mersisaydliklar klub bilan kelisha olishmagandi.

— «Arsenal» jiddiy harakat qilganmi?

— Ha. Arsen Venger bilan Londonga borishimdan bir yil oldin tanishganman. Suhbatlashib, vaziyatni o‘rganganmiz. Bir mavsumdan so‘ng klublar barchasini kelishib olishgan va men «Arsenal» a’zosiga aylanganman.

— Muzokaralarni Vengerning o‘zi olib borganmi?

— Ha. Birinchi uchrashuvdan keyinoq menda Arsen bilan ishlash istagi paydo bo‘lgan.

— Venger - ajoyib motivator, lekin yaxshi taktik emas. Shundaymi?

— Balki. Biz hech qachon taktik mashg‘ulotlar olib bormaganmiz va raqiblarni muhokama qilmaganmiz. Maydonda «Arsenal» o‘z o‘yinini namo­yish qilishga uringan.

Raqib harakatiga qarab taktika tanlamagan. Balki jamoaning ko‘p yillardan beri sov­rin yuta olmayotganiga aynan shu jihat sababdir?! Hamisha oldinga intilganmiz. Qayerdadir omadimiz kelgan, ba’zan esa yo‘q.

— Siz o‘ynagan paytdagi «Arsenal»­ning eng yaxshi o‘yini qaysi?

— «Barselona»ga qarshi YECHL finali bo‘lsa kerak. Unda ham omadimiz kelmagan.

— O‘sha kezlari «Arsenal» safida ko‘plab kuchli futbolchilar to‘p surishardi. Ularning orasida eng zo‘ri kim bo‘lgan?

— Bergkamp, Anri va Pireslar bilan o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘lganman. Bu futbolchilarning saviyasi o‘ta yuqori.

— Angliya futbolida sizni yana nima ajablantirgan?

— Birinchidan, to‘p maydonda juda tez harakatlanadi, himoyadan hujumlarga o‘tish bir necha soniya ichida amalga oshadi. Ikkinchidan, muhit. APL stadionlaridagi holat Bundesligadagidan ko‘proq ma’qul kelgan. Muxlislar tinimsiz kuylashadi. Buni yoqtirmaslikning iloji yo‘q.

— Anrini eng yaxshi futbolchilardan biri, deb atadingiz. Taqdirni qarangki, u bilan «Barselona»da ham birga o‘ynagansiz. Aytishlaricha, biroz muddat birga yashagan ekansizlar.

— Ha, bir uyda. «Arsenal» klubi siz uchun hamma narsani shay qiladi. Xonadon topadi, joylashtirib qo‘yadi. Ya’ni, sizdan bor e’tiborni futbolga qaratish talab etiladi.

Angliyada ushbu masalada vaqt sarflamaysiz. Barselonada esa boshqacha. Barcha muammolaringizni o‘zingiz hal qilishingiz kerak. Klub mehmonxonada yashashim uchun yordam bergan, xolos. Rahbariyat doimiy yashash uchun joy topishimga uch oy muxlat bergan. Bu vaqt uchun mehmonxonadan xona ajratib berishgan.

Anri esa nima uchun yolg‘iz yashayotganimni so‘rab, uyiga taklif qilgan. Tyerrinikida yashab yurganimda uning do‘stlari menga uy topib berishgan.

— Ibragimovichning avtobiografiyasini o‘qidingizmi? Unda «Barsa» maktab singari ta’riflangan.

— Kitobni o‘qimadim. «Barsa», futbolchilar haqida yomon taassurotga ega emasman. Aksincha, Xavi, Messi, Inyestalar bilan birga to‘p surish yoqimli. Leo haqida gapiradigan bo‘lsam, «Barselona»ga borgunimga qadar ham uning qanday futbolchi ekanligini bilardim.

Ko‘zim bilan ko‘rganimdan keyin uni ta’riflaganlaridan ham kuchli ekanligiga guvoh bo‘ldim. Ba’zida avtobusga chiqsak, Messini jahon futboli yulduzlari ham maqtashardi. Himoyachilar mashg‘ulotlar paytida unga tashlanishga cho‘chishardi. Chunki masxarabozga aylanib qolishdan qo‘r­qardilar.

— Sebastyan Skillachining aytishicha, Messini faqat oyog‘iga tepib to‘xtatish mumkin ekan...

— Agar Leo yaxshi kayfiyatda bo‘lsa, uni to‘xtatish mutlaqo imkonsiz ishga aylanadi. Umuman olganda, Messi ancha yopiq inson edi. Hamisha Gabriel Milito bilan yurardi.

InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:37, 22.04.2018.
O'qildi: 1440 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.