Avvalroq, Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vaziri Shoakrom Isroilov bilan birga respublika sport federasiyalari, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmalari mutasaddilari bilan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazgani haqida xabar bergan edik.
Yig‘ilishda asosan Prezident Shavkat Mirziyov tomonidan imzolangan farmon va qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, bundan keyin bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, rejalar va boshqa masalalar muhokama qilindi.
MOQ rahbari Umid Ahmadjonov Toshkent viloyati jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Tillayevni ishni tashkil etishda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani hamda vazifasiga mas’uliyatsizlik bilan yondoshgani uchun yig‘ilishning o‘zida lavozimidan ozod etdi. Shuningdek, Ahmadjonov Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yaratib berilgan sharoitlarga yarasha javob berish kerakligini aytib o‘tdi.
“Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev biz uchun tarixiy qarorni qabul qilib berdilar. Nima so‘ragan bo‘lsak, barchasiga ega bo‘ldik. Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun 5 ta baza Milliy olimpiya qo‘mitasining balansiga o‘tkazildi. Sizlarga yana qanday sharoit kerak?
Yig‘ilishda sizlar bilan Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etib, erishilgan yutuqlardan ko‘proq natija ko‘rsatishimiz uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi va federasiya rahbarlari qanday ishlarni amalga oshirishini kelishib oldik.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyov “Yoshlarni tarbiyalash bizning eng ulug‘ maqsadimiz” deya tunu-kun jon kuydirmoqdalar. Biz esa chetda qarab tura olmaymiz. Yo‘l qo‘yilgan xatolarni endi hech kim kechirmaydi. Barcha o‘z ishini, faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, tegishli hulosalar chiqarib olsin”, dedi Umid Ahmadjonov.
Akmalxon Eshonxonov