Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/11 00:45 Venetsiya 0-1 Lechche
26/11 01:00 Nyukasl 0-2 Vest Xem
26/11 15:00 Ulsan Xyonde 1-3 Shangxay Port
26/11 15:00 Vissel Kobe 3-2 Sentrel Kost
26/11 17:00 Buriram Yunayted 0-3 Kavasaki Frontale
26/11 17:00 Shandong Taishan 1-0 Johor Dorul Ta'zim
26/11 19:00 Sharja 3-1 Istiqlol Dushanbe
26/11 21:00 As-Sadd 1-1 Al-Hilol
26/11 21:00 Ash-Shorta 1-3 Al-Vasl
26/11 21:00 Sepohon 1-1 Al-Vihdat
26/11 22:45 Slovan 2-3 Milan
26/11 22:45 Sparta 0-6 Atletiko
27/11 01:00 Bayer 5-0 Zalsburg
27/11 01:00 Bavariya 1-0 PSJ
27/11 01:00 Yang Boyz 1-0 Atalanta
27/11 01:00 Barselona 3-0 Brest
27/11 01:00 Inter 1-0 RB Leypsig
27/11 01:00 Manchester Siti 3-3 Feyenoord
27/11 01:00 Sporting 1-5 Arsenal

Murodjon Ahmadaliyev: «O‘zbek xalqi va Prezidentimizga Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini sovg‘a qilishga ahd qildim»

Murodjon Ahmadaliyev: «O‘zbek xalqi va Prezidentimizga Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini sovg‘a qilishga ahd qildim»

Baho:
+ | -
Bo'lim: SPORT / Sport turlari / Boks
Rukn: Intervyular

Xabar berib o‘tganimizdek, kecha, 1 may kuni boks bo‘yicha Rio-2016 Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati sovrindori, Osiyo chempioni, hozirda esa faoliyatini professional boksda davom ettirayotgan hamyurtimiz Murodjon Ahmadaliyev Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurib, Umid Ahmadjonov qabulida bo‘ldi. Fursatdan foydalanib biz bokschimiz bilan kichik suhbat uyushtirdik. Quyida ushbu intervyuni e’tiboringizga havola etamiz.

– Murodjon, sizni Milliy olimpiya qo‘mitasida ko‘rib turganimizdan xursandmiz. Havaskor bokschilar o‘rtasida qanday natijalarga erishganingizni juda yaxshi bilamiz. Ayniqsa, Rioda o‘tkazgan janglaringiz, g‘alabalarni nokaut evaziga qo‘lga kiritishingiz hali hamon ko‘z o‘ngimizda. Keyinchalik, ushbu muvaffaqiyatli yurish Osiyo chempionatida ham davom etdi. Umuman olganda professional boksga o‘tish istagi qayerdan paydo bo‘ldi? Jamoadoshlaringizga havas qilib bunday qarorga keldingizmi?

– To‘g‘ri aytib o‘tdingiz. Oramizda Fazliddin aka birinchilardan bo‘lib professional boksga o‘tdi. Men ham havaskor bokschi sifatida Olimpiya o‘yinlari, Osiyo va jahon chempionatlarida ishtirok etdim. Shundan so‘ng o‘z oldimga professional boksda ham muvaffaqiyatlarga erishib, O‘zbekistonimizning bayrog‘ini yanada yuqoriroqqa ko‘tarish maqsadini qo‘ydim. O‘zbek o‘g‘lonlari nimalarga qodir ekanliklarini butun dunyo bilishi shart. Biz qattiq mehnat qilyapmiz. Yurtboshimiz sportchilar uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib bermoqdalar. Sport kollejlari, suv havzalari zamonaviy holatga keltirilgan. Bunday inshootlarning qurilishi butun mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. Albatta bularning bari biz yoshlar uchun. O‘ylaymanki, bu boshlanishi. Nasib qilsa, keyingi Olimpiya o‘yinlarida yanada yaxshi natijalar qayd etiladi. Riodagi natijalar tasodif emasligini esa Osiyo chempionatida 9 ta oltin medal bilan isbotlab qo‘ydik.

-Professional ringdagi dastlabki janglardan ko‘nglingiz to‘ldimi? Siz uchun yangi yo‘nalishdagi sharoitlar qoniqtiryaptimi?

-Albatta, havaskor boksdan professional boksning farqi katta. Professional boks nisbatan qiyinroq. U yerda janglar 3 yoki 4 raund davom etmaydi, 6 raunddan boshlanadi. Biz nima uchun u yerga o‘tdik? Professional boksda ham o‘zbek yigitlari bo‘lishi shart. Xudo xohlasa Fazliddin G‘oibnazarov, Shahram G‘iyosov, Rustam To‘laganovlar bilan birga professional ringda katta natijalarga erishamiz.

-Milliy Olimpiya qo‘mitasida Umid Ahmadjonov qabulida bo‘ldingiz. Ushbu uchrashuvdan qanday taassurotlar oldingiz?

– Rostini aytsam Umid akani bunchalik samimiy va oqko‘ngil deb o‘ylamagandim. Sportchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, ham moddiy, ham ma’naviy tomondan rag‘batlantirib borishga intilayotgani albatta o‘z samarasini beradi. Qolaversa sharoitlar ham shunga yarasha yaratilmoqda. Meni va do‘stim Shahram G‘iyosovni 2020 yili Tokioda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ko‘rish niyati borligini izhor qilganda hayajonlanib ketdim. Nasib qilsa albatta Tokio Olimpiadasida ishtirok etib, o‘zbek xalqiga va muhtaram Prezidentimizga Olimpiya o‘yinlarining oltin medalini sovg‘a qilishga ahd qildim. Ochig‘i Umid Ahmadjonov bilan uchrashuvdan juda hursand bo‘ldim. Ular har qanday sportchining ko‘ngliga yo‘l topa oladigan kuchli ruhshunos ekanliklari ko‘rinib turibdi.

– Aytib o‘tganingizdek, MOQ Prezidenti Shahramga Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishni taklif qildi. U ham taklifga bajonidil rozi bo‘ldi. Chunki, promouterlik kompaniyasida imzolangan shartnomada ana shunday band kiritilgan ekan. Sizning shartnomangiz qanday? Bu borada imkoniyat bormi?

-SHahram va men bitta promouterlik kompaniyasi mijozlarimiz. Demak ikkalamizning shartnomamiz bir hil bandlardan iborat. Biz shartnomaga ushbu bandni kiritganmiz. Nasib qilsa, Olimpiadaga boramiz va jonajon diyorimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lida bor imkoniyatni ishga solamiz.

-Demak, Olimpiya o‘yinlarida endi bronzadan yuqori medallar uchun ham harakat bo‘ladi. Bu borada professional ringda orttirilayotgan tajriba qo‘l keladi deb hisoblaysizmi?

-Albatta. Chunki, prof. ring tajribasi juda muhim. Olimpiya o‘yinlariga dunyoning eng sara havaskor bokschilari tashrif buyurishadi. Shaxsan biz uchun professional ringda orttirilgan tajriba qo‘l kelishi aniq. Bilasizmi, professional boksda sportchining jismoniy va funksional holati, chidamlilik darajasi sezilarli ravishda yuksaladi. Bu jihatlar esa havaskor boksda beqiyos ahamiyatga ega. Yana bir muhim jihati, AQSHda biz kuchli sparring raqiblarga qarshi janglar o‘tkazib, mahoratimizni toblab boramiz. Bu esa bizga Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida asqotadi.

-Murodjon, fursatdan foydalanib o‘zbekistonlik boks muxlislariga qanday tilaklar bildirasiz?

-Sport bilan shug‘ullaning, bizga o‘xshagan, bizdan ham zo‘r sportchi bo‘ling. Prezidentimiz tomonidan ajoyib sharoitlar yaratib berilmoqda. E’tibor juda katta. Bu barchasi yoshlarimiz, sportchilarimiz uchun. Sport bilan muntazam shug‘ullaning, ustozlarning maslahatiga quloq tuting. Xech qachon kam bo‘lmaysiz. O‘ylaymanki, shunda bizdan ham zo‘r natijalarni qo‘lga kirita olasiz.

-Rahmat mazmunli suhbat uchun. Okean ortida o‘tadigan janglarda sizga omadlar tilaymiz. Tokiodagi o‘yinlarga qadar hali vaqt bor. O‘ylaymanki, ungacha mahoratingizni yanada toblab borasiz va Olimpiya o‘yinlaridagi oltin medal orqali bizni yanada xursand qilasiz.

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 20:36, 02.05.2018.
O'qildi: 5474 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.