Yevropa birinchiliklari «surpani qoqib», ufq ortidan Chempionlar Ligasi finali va Jahon chempionati mo‘ralashni boshlagan bo‘lsa-da, hali ham ba’zi ligalarda diqqatni jalb etadigan o‘yinlar va yechilmagan savollar bisyor.
Misol uchun bu safar e’tiborni Rossiya chempionligi yoki Angliyadagi kuchli to‘rtlik uchun kurashlarga qaratish mumkin. «Kamp Nou»esa esa, El-klasiko, tomonlarga ochko kerak bo‘lmasa-da, talashsa bo‘ladigan g‘ururmi yo boshqami, topishlariga umid qilamiz. Shu va boshqa o‘yinlar haqida Tribuna.Uz an’anaviy ruknda hikoya qiladi.
LOKOMOTIV – ZENIT (5 may, 18:30)
Allaqachon chempionlikni rasmiylashtirishi kerak bo‘lgan «Lokomotiv» uch o‘yindan bun nafaqat g‘alaba qozona olmayapti, balki raqib darvozasiga gol ham ura urolmadi. O‘z maydonida «Axmat» va «Ufa» bilan durang o‘ynagan «temiryo‘lchilar» o‘tgan turga «Krasnodar»ga yengilishdi. Ko‘pchilik bunday pasayishdan keyin 2001 yildagi mavsumni eslashdi, o‘shanda turnir tugashigan 4-5 tur qolganda ta’qibchilardan 11 ochkoga o‘zib ketgan «Lokomotiv» yakunda chempion bo‘la olmagandi. Shunday bo‘lsa-da, Syomin jamoasi qolgan ikki turda atigi 2 ochko olib, chempionga aylanishlari mumkin. Ertagayoq, agar mezbonlar g‘alaba qozonishsa, Rossiya yangi chempion nomini bilib olishi mumkin. «Lokomotiv» so‘nggi marta 2002 yilda bu sovrinni qo‘lga kiritgandi.
Ammo bu safargi raqib ancha kuchli, buning ustiga Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan «Zenit» jamoasidir. Piterliklarning ham bu o‘yinda yutqazishga haqlari yo‘q, mag‘lubiyat ularni butunlay YECHL umididan mahrum qiladi.
Tarkiblarga qarasak, «Lokomotiv»da hammasi joyida, «Zenit»da esa, uzoq muddatga safdan chiqqan Kokorin, Fayzulinlar safiga, o‘tgan turda jarohatlanib maydonni erta tark etgan Branislav Ivanovich ham qo‘shildi. Uning o‘rniga Yuriy Jirkov maydonga tushishi kutilmoqda.
Jamoalarning birinchi davrada bo‘lib o‘tgan uchrashuvida «Lokomotiv» mehmonda yirik – 3:0 hisobida g‘alaba qozongandi.
KYEVO – KROTONE (6 may, 18:00)
Nafaqat top klublarning va yulduz futbolchilarning o‘yinlari, balki maydonda haqiqiy kurashni ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, ayniqsa, mavsum oxirlarida jadvalning pastgi qismidan ham juda ko‘p shunday o‘yinlar topish mumkin. A Seriyada xuddi yuqori o‘rinlar uchun bo‘lganidek, ligada o‘z o‘rnini saqlab qolish uchun ham ayovsiz jang davom etyapti.
«Kyevo» 35 o‘yindan 31 ochko jamg‘argan va xavfli zonada turgan uch klub ichida hali o‘zini qutqarish mumkin bo‘lgan yagona jamoadir. Buning uchun esa, avvalo, navbatdagi turda o‘z maydonida «Krotone»ni yengish kerak bo‘ladi. Bu g‘alaba bilan veronaliklar nafaqat «Krotone»ga ochkolar bo‘yicha yetib olishlari, balki, o‘z maydonida «Roma»ni qabul qiladigan «Kalyari»ni quvib o‘tishlari ham mumkin. «Kyevo» keyingi turlarda ochko uncha kerak bo‘lmaydigan «Bolonya» va «Benevento» ga qarshi to‘p surishini e’tiborga olsak, bu o‘yindagi g‘alaba mezbonlar uchun juda muhim «parashyut» bo‘lishi shubhasiz.
«Krotone» esa, tabiiyki, aynan mana shu o‘yinda masalani hal qilishga urinadi. Chunki ular keyingi turlarni «Lasio» va «Napoli»ga qarshi o‘tkazadilar. Asosiy ta’qibchi bilan o‘yinda kerakli farqni qayd etib olish uchun juda yaxshi imkoniyat.
«Kyevo» so‘nggi turlarni juda yomon o‘tkazgan, aprel oyida umuman g‘alaba qozona olmagan bo‘lsa, «Krotone» aynan so‘nggi turlardagi natijalari hisobiga xavfli zonani tark etdi. Jamoa oxirgi besh o‘yindan uchtasida g‘alaba qozondi, shuningdek, «Yuventus» bilan o‘yinda ochko olishga muvaffaq bo‘ldi.
CHELSI – LIVERPUL (6 may, 20:30)
Ikki frontda kurashish «Liverpul»ga bir mashhur kuldiruvchining ta’biri bilan aytganda «shoppillab qolishi» mumkin. Chempionlar Ligasidagi muhim pallaga tayyorlanish vaqtida Klopp jamoasi APL o‘yinlariga biroz e’tiborsizlik qilgandek bo‘ldi. «Vest Bromvich», «Everton» va «Stok Siti» bilan duranglar natijasida, jamoa qimmatli 6 ochkoni yo‘qotdi va «Chelsi» bilan o‘rtadagi farq ancha qisqardi. Londonliklar bu o‘yinda g‘alaba qozonishsa, yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha «Liverpul»ga tenglashib oladi.
To‘g‘ri, APL da avvalo, to‘plar nisbati inobatga olinadi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha liverpulliklarga yetish qiyin. Ya’ni so‘nggi turni «Brayton»ga qarshi o‘tkazadigan Klopp shogirdlari o‘sha o‘yinda g‘alaba qozonib ham, kuchli to‘rtlikdagi o‘rinni saqlab qolishlari mumkin. Lekin hammasini birgina uchrashuvga qoldirish juda xavfli ekanini «Liverpul» ham his qiladi va imkon qadar YECHL yo‘llanmasini ushbu o‘yinda hal qilishga urinishi tabiiy hol. Buning uchun «Liverpul» mag‘lubiyatga uchramasa kifoya.
Premyer liga o‘yinlarida «Chelsi» 6 o‘yindan beri «Liverpul»ni yenga olmay kelayotganini ham ta’kidlash kerak. Birinchi davrada «Enfild»da bo‘lib o‘tgan o‘yinda durang qayd etilgandi. Umuman olganda esa, «Liverpul»ning ushbu mavsumi oldingilardan farq qilmoqda – Klopp endi safardagi top o‘yinlarda juda muvaffaqiyatsiz harakat qilmoqda. «Liverpul» bu mavsumda safarda faqat «Arsenal» bilan durang o‘ynadi, xolos, qolgan o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchradi. Klopp kelganidan buyon o‘tgan o‘yinlarda, oldingi mavsumlarda «Liverpul» biror marta ham safarda mag‘lubiyatga uchramagandi.
Tarkiblarga kelsak, «Chelsi» hali ham Drinkuoter va Luizdan foydalana olmaydi. Mehmonlar tarkibida Oksleyd Chemberlen, Emre Jan va Joel Matipning uzoq muddatga safdan chiqqanliklarini bilamiz.
BARSELONA – REAL (6 may, 23:45)
Kelasi mavsumlarda endi La Liga tashkilotchilari taqvim masalasini o‘ylab ko‘rishlari va Ispaniya chempionatini dunyoga reklama qiladigan eng asosiy o‘yinni may oyiga qo‘ymasliklarini tavsiya etgan bo‘lardim. Aks holda, keyingi klassikolar uchun ham yagona intriga maydonda emas, maydonga kirib kelinadigan «koridor»da bo‘lib qolaveradi.
«Barselona» chempionlikni, «Real» esa, kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini allaqachon naqd qilib qo‘ygan paytda, El-klasikoga na hojat? Albatta, azaliy to‘qnashuv, ikki tomon muxlislari, to‘la stadion futbolchilarni g‘urur uchun ham bor imkoniyatni ishga solishga undar, lekin bu safar emas.
Birinchidan, «Real» bu o‘yinga ikkinchi tarkibni tushirishi mumkinligi haqidagi xabarlar tarqaldi. YECHL finaliga hali yigirma kun bor, Zidan aynan o‘sha o‘yinni o‘ylab rotasiya qilishi mantiqsizdek, lekin murabbiyni ham tushunsa bo‘ladi – «Bavariya» bilan o‘yindan keyingi biroz g‘alati kayfiyatni yangi mag‘lubiyat bilan salbiy tomonga burib yuborish xavfi bor. El-klasikoda olinishi mumkin bo‘lgan ochkolar «Real»ga mabodo mag‘lubiyatga uchralganda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy hissiyotdan qadrliroq emas. Juda ko‘p murabbiylar ham Zidanning o‘rnida bo‘lganida, emosiyani kerakmas o‘yinga sarflamaslik va xotirjam finalga tayyorgarlik ko‘rishni tanlagan bo‘lardi.
«Barselona», umuman maydonga tushadigan futbolchilar tomonidan qaraganda ham, shunaqa. Kataloniyaliklar bir haftada ikki sovrinni nishonlab ulgurishdi va YECHLdagi mag‘lubiyat izi biroz yo‘qoldi. YECHL finaliga chiqqan «Real»ni keraksiz o‘yinda yutish ularning xovurini bosmaydi baribir. Aksincha, kelasi oyda Jahon chempionati kutib turganini ham unutmaslik kerak. Katta ehtimol bilan, Messi, Inyesta, Suares kabi yulduzlar uchun ushbu mavsum tugadi va endi ko‘proq kutilayotgan mundial haqida o‘ylayotgan bo‘lishlari tabiiy. Bunday pallada ortiqcha jarohat olish kimga ham kerak?
Albatta, yuqoridagi mulohazalar noto‘g‘ri bo‘lib chiqishi va tomonlar har doimgidek dramatik va keskin kurashlarga boy o‘yin taqdim etishidan umid qilib televizorni yoqib ko‘ramiz.
SUONSI – SAUTHEMPTON (8 may, 23:45)
Bu o‘yin aslida mana shu haftadagi turdan joy olmagan. «Sauthempton» Angliya kubogi yarim finalida o‘ynagani uchun o‘sha hafta bo‘lishi kerak bo‘lgan bu o‘yin seshanba oqshomida bo‘lib o‘tadi.
Bu o‘yingacha har ikki jamoa ham bittadan o‘yin o‘tkazishadi. «Suonsi» safarda «Bornmut» bilan, «Sauthempton» esa, «Everton» bilan kuch sinashadi. Bu o‘yinlar qanday yakunlanishidan qat’i nazar, so‘nggi turlarda APL da qoluvchi o‘rin uchun asosiy kurash aynan mana shu ikki jamoa o‘rtasida kechadi.
Har ikki jamoa ham o‘tgan yillarda o‘ziga xos uslubda futbol namoyish etgan, bir qator yorqin futbolchilarni kashf etgan. Har ikki jamoa ham mavsumni beqaror o‘tkazishdi, yil davomida murabbiy almashtirishdi, yaxshi seriyalar ham, yomon davrlarni ham boshdan kechirishdi. Oqibatda, «Sauthempton» 32 ochko bilan 18-o‘rinda, «Suonsi» esa, 33 ochko bilan 17-o‘rinni band etib turishibdi.
«Sauthempton» g‘alabasiz 8 o‘yindan keyin nihoyat o‘tgan turda «Bornmut» ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, «Suonsi» 7 o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmayapti. Xullas, mana shu o‘yin kelasi mavsumda Premyer Ligada qaysi biri qolishini qisman aniqlab beradi.
Tarkib borasida uelsliklarda muammo kattaroq. Uilfrid Boni, Leroy Fer kabi yetakchi futbolchilar mavsum oxirigacha safdan chiqishgan. Shuningdek, Narsinx hali qaytmadi, Federiko Fernandes mashg‘ulotlarga kirishgan bo‘lsa-da, to‘liq tayyor emas. Mehmonlar tarkibida faqat Steven Devis maydonga tusha olmasligi mumkin.
Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida hisob ochilmagandi.