«Galatasaray» «Manchester Yunayted» yarim himoyachisi Brunu Fernandeshni o‘z safiga qo‘shib olishga da’vogarlik qilmoqda.
Turkiya klubi «qizil iblislar» sardorining maosh bo‘yicha talablarini qondirishga tayyor, deb xabar beradi Transfer News Live manbasi HT Spor nashriga tayanib. Hozirda portugaliyalik futbolchi haftasiga taxminan 300 ming funt sterling (350 ming yevrodan ortiq) maosh olmoqda. 31 yoshli futbolchining «MYU» bilan amaldagi shartnomasi kelgusi yilning o‘rtalarida yakuniga yetadi, ammo unda bitimni avtomatik ravishda yana bir yilga uzaytirish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Transfermarkt portali ekspertlari Brunu Fernandeshning transfer qiymatini 35 million yevroga baholashmoqda. Yarim himoyachi 2020 yilning yanvar oyidan beri Angliya grandi sharafini himoya qilib kelmoqda.













