Xabaringiz bor, 29 aprel – 2 may kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati bahslari tashkil qilindi. Unda III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga ham yo‘llanmalar berilgani haqida xabar qilgandik. Mazkur bellashuvlarda hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Yekaterina Fetisova ko‘pkurash yakunlariga ko‘ra oltin medalni qo‘lga kiritib, Buenos-Ayres yo‘llanmasiga ega chiqdi. Ana shu tariqa gimnastikachilarimiz sportning ushbu turida uchta yo‘nalishi – sport akrobatikasi, sport gimnastikasi va badiiy gimnastika bo‘yicha o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ega bo‘lishdi. Trampolin bo‘yicha lisenzion musobaqa – Osiyo chempionati 17-21 may kunlari Filippin davlatida bo‘lib o‘tadi. Ishonamizki, ushbu yo‘nalishda ham sportchilarimiz Buenos-Ayresga yo‘llanma qo‘lga kiritib, barchamizni hursand qilishadi.
Kuala-Lumpurdagi Osiyo chempionatida badiiy gimnastikachilarimiz qayd etgan natijalar:
O‘smir-qizlar:
Jamoaviy ko‘pkurash – kumush
Yakkalik ko‘pkurash – oltin (Fetisova YE.), kumush (Zokirova L.)
Halqa bilan mashqlar – kumush (Zokirova L.)
Bulava bilan mashqlar – kumush (Fetisova YE.)
Tasma bilan mashqlar – oltin (Fetisova YE.), kumush (Zokirova L.)
O‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga lisenziya (Fetisova YE.)
Shuningdek, kattalar o‘rtasidagi musobaqada ham bir qator sportchilarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi:
Jamoaviy ko‘pkurash – oltin
Yakkalik ko‘pkurash – kumush (Tashkenbayeva S.), bronza (Usmonova N.)
Halqa bilan mashqlar – oltin (Usmonova N.)
Koptok bilan mashqlar – bronza (Usmonova N.)
Bulava bilan mashqlar – oltin (Tashkenbayeva S.), kumush (Usmonova N.)
Quvonarlisi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo chempionatida medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Yosh spotchilarimiz esa bu borada ikkinchi bo‘lishdi. Terma jamoamiz a’zolari bugun yurtimizga qaytib kelishadi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston gimnastika federasiyasi, murabbiylar shtabi va albatta sportchilarni Malayziyadagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan tabriklaydi va navbatdagi muhim musobaqalarda omad va zafarlar tilaydi.