Vodiy derbisi maqomidagi uchrashuvlar har doim shiddatli va keskin kurashlar ostida o‘tib kelgan. Bu galgi bahs ham oldingilaridan qolishgani yo‘q.
Ilq daqiqadan jamoalar hujumkor ruhda o‘ynashga harakat qilishdi. 7-daqiqada mehmonlar darvozasi oldida birinchi xavfli vaziyat vujudga keldi. Nosir Otaqo‘ziyevning qanotdan oshirib bergan to‘piga jamoadoshlaridan hech kim yetib kela olmadi. 9-daqiqa burchak zarbasidan so‘ng G‘iyos Komilovning boshi bilan zarbasini darvozabon mahorat ko‘rsatib ushlab oldi.
14-daqiqada jarima maydonchsi yaqinida Murod Xolmuhammedov raqib futbolchisi qo‘pollik bilan to‘xtatib qolgandi. Jarima to‘pidan esa mehmonlar samarali foydalana olishmadi. 16-daqiqada Sidiqov-Berdiyev-Otaqo‘ziyev kombinasiyasi chiroyli chiqqan edi. So‘nggi zarbani berishga himoyachilar halaqit qilishdi. 18-daqiqada Murod Xolmuhammedovning jarima maydonchasiga oshirib bergan to‘pini Nosir Otaqo‘ziyev boshi bilan raqib darvozasiga to‘g‘irlab qo‘ymoqchi bo‘ldi. Zarbaga biroz aniqlik yetishmadi. 35-daqiqada Milan Spremo hisobni ochishi mumkin edi. Uning zarbasiga birozgina aniqlik yetishmadi. Birinchi bo‘limning so‘nggi daqiqasida raqib darvozasi oldida yana bir xavfli vaziyat yuzaga keldi. Biroq undan foydalana olmadik. Tanaffusga jamoalar nursiz durang bilan chiqib ketishdi.
49-daqiqada Javohir Sidiqov bir necha raqib futbolchisini aldab o‘tgan paytda uni chalib yiqitishdi. 53-daqiqada “Qo‘qon-1912” hisobni ochdi. Jarimadan oshirilgan to‘pni G‘iyos Komilov boshi bilan raqib darvozasiga joylab qo‘ydi.Oradan ikki daqiqa o‘tib, mehmonlar hisobni tenglashtirishdi. Gol muallifi Doston Tursunov. Bu qo‘qonliklarning ushbu mavsumdagi o‘z maydonida o‘tkazib yuborilgan birinchi golidir. 60-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Muhammadanas Hasanovning kuchli va aniq zarbasini darvozabon qaytardi. 62-daqiqada mehmonlar bir kishi bo‘lib qolishdi. Bosh hakam Abror Ismoilovga qo‘poligi uchun ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatdi. Bu esa qizil kartochkaga aylandi va Ismoilov maydondan chetlatildi.
Bir kishi kam bo‘lib qolgach, “Neftchi” futbolchilari bor e’tiborlarini qarshi hujumga qaratishdi. Vakillarimiz esa ketma-ket hujumlar tashkil etishdi. Ko‘p vaziyatlarda mehmonlar posboni o‘zini ko‘rsatdi.80-daqiqa “Neftchi” himoyachisi to‘pni darvoza chizig‘i ustidan qaytarib qoldi. O‘yinning so‘nggi daqiqalari jamoamizning shiddatli hujumlari ostida o‘tdi.
Vakillarimiz g‘alabani o‘zlari tomonga ag‘darish uchun katta kuch bilan hujumga zo‘r berishdi. Biroq barcha o‘rinishlar besamar ketdi. Natijada viloyat derbisida durang qayd etildi.
Pepsi Superliga, 11-tur
“Qo‘qon-1912” – “Neftchi” - 1:1 (0:0)
Gollar: G‘iyos Komilov 53. - Doston Tursunov 55.
“Qo‘qon-1912”: O‘tkir Yusupov, G‘iyos Komilov (Oybek Rustamov), Nosirbek Otaqo‘ziyev, Javohir Sidiqov, Quvondiq Ro‘ziyev (Bahodir Pardayev), Suhrob Berdiyev, Murod Xolmuhammedov, Aleksandr Merzlyakov, Darko Gojkovich, Marko Milich, Milan Spremo (Muhammadanas Hasanov).
“Neftchi”: Abdumavlon Abdujalilov, Iskandar Shoyqulov, Shukur Po‘latov, Abror Ismoilov, Avaz O‘lmasaliyev, Husniddin G‘ofurov, Abdujamol Isroilov (Davron Mamatov), Abdurahmon Abdulhaqov (Abbos Maxstaliyev), Alisher Samatov, Xurshid Asqaraliyev (Abdul Aziz Yusupov), Doston Tursunov.