Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

JCH haqida 21ta qiziqarli fakt

JCH haqida 21ta qiziqarli fakt

Baho:
+ | -

Bugun futbol bo‘yicha 21-jahon chempionatiga start beriladi. Mundiallar bilan bog‘liq 21ta faktni e’tiboringizga havola qilamiz.

1. Dastlabki JCH g‘olibi Urugvay terma jamoasi hisoblanadi. Ular JCH-1930 finalida Argentinani 4:2 hisobida mag‘lub etishgan.

2. O‘sha Urugvay terma jamoasi tarkibida bir qo‘li yo‘q Ektor Kastro o‘ynagan. Ushbu futbolchi jismoniy nuqsonga ega bo‘la turib jahon chempionatida g‘olib chiqqan yagona o‘yinchi hisoblanadi.

3. Eng ko‘p sovrinni Braziliya terma jamoasi qo‘lga kiritgan — 5 marta. Italiya va Germaniya termalari 4 martadan g‘oliblikni qo‘lga kiritishgan.

4. Eng omadsiz terma jamoa — Gollandiya. Bu jamoa 3 marta finalda o‘ynab, barchasida yutqazgan. Chexoslovakiya va Vengriya terma jamoalari 2 marta finalga chiqib, ular ham mag‘lub bo‘lishgan.

5. Finalga chiqish bo‘yicha rekordchi — Germaniya terma jamoasi. Nemislar 8 marta finalgacha yetib kelib, 4 marta g‘alaba qozongan.

6. 1950 yilgi jahon chempionati o‘zgacha tizimda o‘tgan. Unda final bahsda ko‘zda tutilmagandi. Final qismida 4ta terma jamoa guruh tizimida o‘ynab, chempionni aniqlashgan.

7. Afsonaviy futbolchilar — Pele va Diyego Maradona bir martadan jahon chempionatining eng yaxshi futbolchilari bo‘lishgan: Pele — 1970, Maradona — 1986 yilda. Ammo ular hech qachon Mundialning eng yaxshi to‘purari bo‘lishmagan.

8. Faqat bir marta musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sifatida darvozabon tan olingan. Oliver Kan 2002 yilgi Mundialda Germaniya bilan finalgacha yetib borgan, ammo hal qiluvchi bahsda uning xatosi tufayli nemislar Braziliyaga mag‘lub bo‘lishgan.

9. Jahon chempionatlarining eng yaxshi to‘purari germaniyalik Miroslav Kloze — u 4ta Mundialda jami 16ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan.

10. Bitta turnir davomida eng ko‘p gol urgan ftubolchi — Jyust Fonten. U JCH-1958da 6ta o‘yinda maydonga tushib, naq 13ta gol urgan. Bu rekord hali-beri yangilanmasa kerak.

11. To‘purarlar poygasi bo‘yicha JCH-1962da o‘ziga xos vaziyat yuzaga kelgan. Birdaniga 6 nafar futbolchi 4tadan gol urishgan.

12. To‘rt nafar futbolchi ikkita final bahsida gol urishga muvaffaq bo‘lgan: Vava (1958, 1962), Pele (1958, 1970), Paul Braytner (1974, 1982) va Zayniddin Zidan (1998, 2006).

13. Mundial tarixidagi eng tezkor gol turkiyalik Hoqon Shukurga tegishli. U JCH-2002ning bronza medali uchun bahsida Janubiy Koreya terma jamoasi darvozasini 11-soniyada ishg‘ol qilgan.

14. JCH-1986da Maradona tomonidan Angliya terma jamoasi darvozasiga urilgan 2ta gol tarixga kirgan. Argentinalik futbolchi gollardan birini qo‘l bilan urgan bo‘lsa, ikkinchisini raqib futbolchilarining yarmini aldab o‘tgan holda urishga muvaffaq bo‘lgan.

15. Mundialda eng ko‘p g‘olib chiqqan shaxs bu — Mario Zagallo. U ikki marta futbolchi sifatida, ikki marta murabbiy (bir marta yordamchi, bir marta bosh murabbiy) sifatida Kubokni boshi uzra baland ko‘targan.

16. Faqat ikki insonga ham futbolchi, ham murabbiy sifatida Mundialda g‘olib chiqish nasib qilgan. Ular Mario Zagallo (Braziliya) va Frans Bekkenbauer (Germaniya).

17. JCHlari tarixidagi eng dramatik o‘yin sifatida 1970 yilda bo‘lib o‘tgan Italiya va Germaniya o‘rtasidagi to‘qnashuv tilga olinadi. Yutqazishga yaqin turgan nemislar faqatgina 90-daqiqada hisobni tenglashtirishdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda tomonlar navbati bilan hisobda oldinga chiqib olishdi. Yakunda esa Italiya 4:3 hisobida g‘alaba qozongan. Finalda esa "skuadro adzurra" yirik hisobda Braziliyaga yutqazgan.

18. Argentina terma jamoasi Mundialda so‘nggi marta 1986 yilda — Lionel Messi tug‘ilishidan 1 yil avval g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.

19. Afrika terma jamoalari shu paytgacha yarim finalgacha yetib kelishmagan. Ularning eng yaxshi natijasi chorak final bo‘lib turibdi: Kamerun (1990), Senegal (2002) va Gana (2010).

20. Osiyo terma jamoalarining eng yaxshi natijasi — yarim final. Janubiy Koreya terma jamoasi bu ishni 2002 yilda eplagan.

21. Rossiya jahon chempionatiga ilk marta mezbonlik qiladi.

Manba: sputnik.kg
Kiritildi: 10:51, 14.06.2018.
O'qildi: 9565 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.