Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

Mundiallar jozibasi

Mundiallar jozibasi

Baho:
+ | -

Ha, biz bu kunni to‘rt yil kutdik. Futbol fanatlari uchun haqiqiy bayramga aylanib ketadigan mundial o‘yinlari chindan ham jozibali. Aslidaku Yevropa chempionati, Chempionlar ligasi o‘yinlari ham bir jahon chempionatidagi o‘yinlardan kam emas. Ammo bu turnirda muhit o‘zgacha. Bu yerda turli qit’alardan kelgan jamoalarning o‘yinlarini tomosha qilasiz. Ular o‘zlaridagi bor iqtidorlarini o‘rtaga tashlaydilar. Kim aytadi Osiyo jamoalarini eng kuchsiz deb? Ular o‘z vaqtida o‘sha maqtalgan Yevropa jamoalarini yer tishlatishgan paytlari ham bo‘ldi.

JCH-1994da Osiyo nomidan ishtirok etgan Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreyani eslang. O‘shanda arablar Marokash va Belgiya kabi kuchli jamoalarni yengib nimchorakfinalga yo‘l olishgan bo‘lishsa, koreyslar Germaniya va Ispaniyadek grandlarni qiynab qo‘yishdi. Qolaversa, jahon chempioni degan sharafli nomga erishish har bir jamoaning, har bir futbolchining, har bir mamlakatning orzusi.

Ana shuning uchun bu joyda kurash ancha qizg‘in kechadi. 5 tadan «Oltin to‘p»ni naqd qilib qo‘ygan Messi va Ronaldu turibdi bu yerda. Braziliya terma jamoasi 6-chempionligini nishonlamoqchi. Germaniya JCHni ketma-ket yutmoqchi. Xullas, ana shunday gaplar. Ana shuning uchun ham mundial hammamiz uchun sevimli.

O‘zi mening futbolga qiziqishim g‘alati bo‘lgan. Yoshligimda futbolni umuman yoqtirmasdim. Sinfdoshlarimiz bilan futbol o‘ynasak, yutqazgan tomon janjalni boshlab yuborardi. Shu ham o‘yinmi derdim, nuqul janjalga sabab bo‘ladigan. 5-sinfligimizda jismoniy tarbiya darsida parallel sinfimiz bilan qiz-o‘g‘il aralash futbol o‘ynaganimizda bizning sinf 2:0 hisobida yutdi. Natijada janjal kelib chiqdi. Keyin rus tili fani o‘qituvchimiz hammamizni savaladi. Futboldan tamoman ko‘nglim qoldi.

Biroq vaqti kelib hammasi o‘zgarib ketdi. Futbol mening hayotim mazmuniga aylandi. 1990 yildan buyon futbol mening hamrohim, futbolchilar esa yaqin do‘stlarimga aylandi. O‘sha yili Toshkentning «Paxtakor» jamoasi Sobiq Ittifoq chempionati Oliy ligasiga chiqdi. «Paxtakor»ning o‘yinlarini qoldirmay tomosha qildim. Futbolga qiziqishim tobora oshib bordi.

O‘sha paytlarda mening jamoam bitta — «Paxtakor» edi. Asta-sekin dunyo futboliga ham qiziqib bordim. Qiziqib bordim emas, butunlay bu jozibali o‘yinga sho‘ng‘ib ketdim. Futbolchilarning nomlari bilan katta-katta umumiy daftarlarni to‘ldirdim. Jahon va Yevropa chempionatlarini, Yevrokubok o‘yinlarini bitta qoldirmay ko‘rib bordim. JCH-1990 o‘yinlarini ko‘rmaganman, garchi futbolga qiziqishni 1990 yildan boshlagan bo‘lsam-da. Men mundiallarni kuzatishni 1994 yilgi JCHdan boshladim. O‘shanda 15 yoshda edim. Chempionatdagi birinchi o‘yin — Germaniya-Boliviya uchrashuvidan mundianlni kuzatishni boshladim. Kutilganidek, o‘yinda nemislar zafar qozonishdi. «Rekord 420» rusumli televizorimiz bo‘lardi. Men mundialni ana shu televizorimizdan kuzatdim.

Chemipionatning eng qizg‘in pallasida, aniqrog‘i, chorak finaldagi Shvesiya-Ruminiya o‘yini payti televizor buzilib qoldi. Shu buzilganicha qaytib sozlanmadi. Chempionatning qolgan o‘yinlarini qo‘shnimiznikidan tomosha qildim.

JCH-1998 o‘yinlari payti Qarshi Davlat Universiteti «O‘zbek filologiyasi» fakultetining birinchi kurs talabasi edim. O‘yinlarni Universitet yotoqxonasidagi televizordan tomosha qildik. Finalda Braziliya bilan Fransiya bahslashdi. Ko‘pchilik Ronaldo boshliq Braziliyaning g‘alabasini bashorat qildi. Ammo Zidan boshliq Fransiya kuchli raqibni yirik hisobda yengdi —3:0. Zidanning «Oltin boshi» 2 marta aniq zarba berib fransuzlarni chempionga aylantirdi.

2002 yilda Osiyo maydonlarida o‘tgan mundialda finalda jahon chempionatlari tarixidagi 2 kuchli jamoa — Braziliya va Germaniya bellashdi. Bu o‘yinda pentakampeonlar 4 yil burungi sharmandali mag‘lubiyat alamini Germaniyadan olishdi — 2:0. O‘yinda ularning yetakchisi Ronaldo «dubl» qayd etdi.

2006 yilda esa finalni bir do‘stim bilan tomosha qildim. U Italiyaga muxlis, men esa Fransiyaga. O‘sha kuni Zineddin Zidanning «oltin boshi» yana sakkiz yil burungidek zarba berdi. Bu zarbalardan birini italyanlarning mahoratli darvozaboni Buffon qaytargan bo‘lsa, ikkinchisi Marko Materatstsining ko‘kragiga berildi. Materassi o‘shanda Zidanni musulmon kishisining nafsoniyatiga tegadigan qilib so‘kkandi. Zidan shu ketganicha ketdi, boshqa futbol o‘ynamadi. Uning «oltin bosh»ini uzoq yillar eslab yurdik. Vaqti kelib bu «oltin bosh» ma’naviy tomonga ham ijobiy ishladi. Zidan boshchiligidagi Madridning «Real» jamoasi hech kim uddalay olmagan ishni qildi — Chempionlar ligasini ketma-ket uch marta yutdi. Zidan Chempionlar ligasini uch marta yutib, «Real»ning o‘tgan asrning 50-yillardagi murabbiyi Luis Karnilyaning rekordini takrorladi.

JCH-2010da mundial bahslari ilk marta Afrika qit’asida tashkil etildi. Unda chiroyli o‘yin ko‘rsatgan Ispaniya, Gollandiya, Germaniya va Urugvay yarim finalgacha yetib kelishdi. Bu chempionatda vuvuzelalarning quloqni qomatga keltiruvchi ovozi har bir o‘yinda eshitilib turdi. Keyin esa Paul ismli sakkizoyoq emishki, o‘yinlardan oldin bashoratgo‘ylik qilganmish. Shaxsan men bu fikrga umuman qo‘shilmadim. Finalda esa gollandlar hujumchisi Aryen Robbenning darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatni urolmagani, keyin Inyestaning oltin goli barchasini hal qildi. Ispanlar jahon chempioni bo‘lishdi. Lekin, nazarimda, JARdagi musobaqaning eng yodda qolgan lahzasi — o‘zbekistonlik referi Ravshan Ermatovning ochilish bahsini boshqargani va ayniqsa, o‘yinning 39-daqiqasidagi vaziyat... Esladingiz-a?!

JCH-2014 Braziliyada tashkil etildi. Barcha jahon chempionatlarining qiroli bo‘lgan karnavallar yurti jamoasi o‘z maydonida yomon sharmanda bo‘ldi. Yarim finalda Germaniya terma jamoasi Pele vatandoshlarini sharmandali 7:1 hisobi bilan taslim etdi. O‘zi Braziliya nimchorakfinalda Chiliga qarshi o‘yinda sharmanda bo‘lardi. O‘shanda so‘nggi daqiqalarda chililik Maurisio Pinilyaning zarbasi to‘singa tegib qaytdi. Finalda Germaniya terma jamoasi Lionel Messi yetakchilgidagi Argentina bilan uchrashdi. Qiziq tomoni, Janubiy Amerika jamoalari shu paytga qadar biror marta ham o‘z qit’alarida chempionlikni boy berishmagandi. Bu an’anani Yoaxim Lyov boshchiligidagi Germaniya terma jamoasi buzdi. JCH-2018 bahslarida tarix, statistika va an’analar Braziliya chempion bo‘lishini tasdiqlab turibdi.

Darhaqiqat, «pentakampeonlar»ning tarkibi juda kuchli. Marselo va Kazemiro «Real» bilan aqlbovarqilmas ishlarni bajarib yuborishdi. Koutinyoning yuksak iqtidori haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Qolaversa, tarkibda Alisson Beker, Gabriyel Jezus, Markinyos, Tyago Silva, Firmino kabi yuksak iqtidor egalari bor. Jamoa yetakchisi Neymar aytganidek, jahon kubogini Braziliyaga qaytarish vaqti keldi. Ammo boshqalar ham kuchsiz emas. It yilida Braziliya yoki Italiya chempion bo‘lishi azaldan an’anaga aylanib kelgan. Shunga ishonib, ko‘pchilik bashoratgo‘ylar Braziliya chempion bo‘lishini aytmoqda. Ammo har qanday an’ana bir kun kelib barham topishini oldingi chempionat ko‘rsatib berdi. Mundialda, Rossiyada ko‘rishguncha.

Safarali Siddiqov

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 11:44, 14.06.2018.
O'qildi: 7379 marta.
Fikrlar: 8 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.