Bilasiz, JCH-2018 final raundiga yo‘l olgan 32ta milliy jamoa may oyi oxiri va iyunning ilk kunlari o‘rtoqlik-nazorat o‘yinlariga zo‘r berdi. Tabiiyki, bu jamoalar faqat o‘zaro o‘ynagani yo‘q. Ya’ni mundial ishtirokchilari uchun so‘nggi sinov vazifasini o‘tab bergan o‘yinlar butun jahonni qamrab oldi.
Jumladan, O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixida ilk marta Janubiy Amerikaga safar qilib, Urugvay termasiga qarshi maydonga tushdi. Xullas, «o‘rtoqlik»lar ko‘pligini inobatga olsak, FIFA reytingining dastlabki 100ta qatorida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y berishi muqarrar edi.
Biroq 7 iyun kuni e’lon qilingan yangi reytingning dastlabki 7 pog‘onasi avvalgi oydagi holatda qoldi. Aniqrog‘i, jamoalar hisobidagi ochkolar ancha o‘zgargan bo‘lsada, ularning o‘rinlari almashmadi. Deylik, reyting peshqadamining yaqin ta’qibchisi - Braziliya termasi ochko borasida yaxshigina zaxira to‘pladi.
Diqqat qiling, Qirg‘iziston terma jamoasi naq 17 pog‘ona pastga tushgan bo‘lsada, hamon milliy jamoamizdan yuqorida turibdi. Buni O‘zbekiston termasining oxirgi 2ta o‘rtoqlik o‘yini (Eron - 0:1 va Urugvay - 0:3)da ham imkoniyatni boy bergani bilan izohlash mumkin.
Xullas, ayni reyting bo‘yicha aytsak, OFK miqyosida atigi 13-o‘rinda turibmiz. Jahon reytingidagi o‘rnimiz esa 95-qator... Ochig‘i, bunga ishongingiz ham kelmaydi. Avvalgi oy ro‘yxati bilan taqqoslaganda, milliy jamoamiz yana 7 pog‘ona pastga tushdi. Ochko bo‘yicha yo‘qotish darajasi esa 27,09 ballni tashkil etdi.
Qisqasi, Tehronda Eron termasiga yutqazganimiz tufayli quyi yuztalikka yaqinlashib qoldik. Bu ketishda ishqilib, 1996 yilning noyabr oyida qayd etilgan antirekord (jamoamiz 119-o‘ringa tushib ketgandi) yangilanmasa bo‘lgani...
*** OFK ro‘yxatida yetakchi bo‘lib turgan Eron termasi 36-o‘rindan bir pog‘ona pastga surildi. Avstraliya milliy jamoasi esa 1 iyun kuni Chexiya termasini 4:0 hisobida yengish evaziga umumiy reytingda birdaniga 4 pog‘ona yuqoriladi. Eng muhimi, «sokkeruz» JCH-2018ga OFKning reyting bo‘yicha 1-raqamli jamoasi sifatida kirishdi.
*** Oy yakunlariga ko‘ra, Iordaniya termasi Osiyo va Avstraliyani o‘z ichiga olgan konfederasiyada o‘rinlar bo‘yicha eng katta o‘sishga erishgan jamoa bo‘ldi (+8 o‘rin). Shuningdek, Avstraliya (+4) va Janubiy Koreya (+4) milliy jamoalari ham oldinga dadil qadam tashladi. Ochkolar bo‘yicha o‘sishga qarasak ham, xuddi shu 3ta jamoa oldinda.
*** O‘zbekiston (-7) milliy jamoasi Qirg‘iziston (-17) va Yaman (-9) termalari qatori oy davomida o‘rinlar bo‘yicha eng shiddatli qulashga yuz tutdi. OFK miqyosida ochko yo‘qotish borasida ham ayni shu jamoalar ajralib turibdi.
Oy davomida eng katta o‘sishga erishgan jamoalar (o‘rinlar bo‘yicha)
1. Ozarbayjon: +21 o‘rin
2. Papua-YAngi Gvineya: +14 o‘rin
3. Salvador: +13 o‘rin
Yangi Zelandiya: +13 o‘rin
5. Kosovo: +11 o‘rin
6. Latviya: +10 o‘rin
Solomon orollari: +10 o‘rin
8. Sloveniya: +9 o‘rin
9. Madagaskar: +8 o‘rin
Iordaniya: +8 o‘rin
Oy davomida eng katta qulashga yuz tutgan jamoalar (o‘rinlar bo‘yicha)
1. Gayana: -18 o‘rin
2. Qirg‘iziston: -17 o‘rin
Gvineya-Bisau: -17 o‘rin
4. Puerto-Riko: -14 o‘rin
5. Ruanda: -13 o‘rin
6. Kyurasao: -10 o‘rin
7. Namibiya: -9 o‘rin
Yaman: -9 o‘rin
9. Shotlandiya: -8 o‘rin
Uganda: -8 o‘rin
Syerra-Leone: -8 o‘rin
Mozambik: -8 o‘rin
Oy davomida eng katta o‘sishga erishgan jamoalar (ochkolar bo‘yicha)
1. Ozarbayjon: +76,48 ochko
2. Sloveniya: +63,05 ochko
3. Polsha: +54,61 ochko
4. Salvador: +49,53 ochko
5. Braziliya: +46,57 ochko
6. Venesuela: +45,55 ochko
7. Ruminiya: +44,66 ochko
8. Urugvay: +42,41 ochko
9. Paragvay: +36,18 ochko
10. Kosovo: +33,2 ochko
Oy davomida eng katta yo‘qotishga yuz tutgan jamoalar (ochkolar bo‘yicha)
1. Tunis: -102,09 ochko
2. Shotlandiya: -75,39 ochko
3. Gvineya-Bisau: -74,89 ochko
4. Kabo-Verde: -67,23 ochko
5. Qirg‘iziston: -61,29 ochko
6. Belgiya: -47,68 ochko
7. Ukraina: -44,23 ochko
8. Syerra-Leone: -39,84 ochko
9. Puerto-Riko: -39,41 ochko
10. Liberiya: -37,92 ochko
JCH-2018 guruhlari reytingi qanday?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.