Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

Prezident qarori ijrosi: Yangi futbol akademiyalariga qabul qay tartibda amalga oshiriladi?

Prezident qarori ijrosi: Yangi futbol akademiyalariga qabul qay tartibda amalga oshiriladi?

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

Xabaringiz bor, shu yilning 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-3610-sonli “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorning bir qator bandlarida respublikamizda futbol akadameyalarini tashkil etishga e’tibor qaratilgan bo‘lib, shunga asosan hozirgi kunda O‘zbekiston futbol assosiasiyasi tomonidan tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirda hududiy akademiyalarga direktor va texnik direktorlar nomzodlari ko‘rib chiqilib, ular ishtirokida seminarlar tashkil qilinyapti. Yangi tashkil etiladigan bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalarining tuzilishi, o‘quv dasturi haqida tushunchalar berilmoqda.

O‘FA mutaxassisi O‘ngar Jalimov yangi tashkil etilayotgan hududiy futbol akademiyalari va ularga qabul jarayonlari haqida so‘zlab berdi.

- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 martdagi PQ-3610-sonli “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga qabul jarayonida qanday o‘zgarishlar yuzaga keldi?

- Joriy yildan hududiy bolalar va o‘smirlar futbol akademiyalariga qabul 2 bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda dastlabki ko‘rik o‘tkaziladi. Birinchi bosqich 1 iyul kunidan 20 iyul kuniga qadar davom etadi. Har bir hudud, ya’ni viloyat aholisi faqatgina o‘zining viloyatidagi hududiy akademiyaga xujjat topshirishi mumkin. Masalan, Samarqand viloyati misolida oladigan bo‘lsak, Samarqand viloyatining barcha tumanlaridan tashrif buyurgan bolalar birinchi bosqichda o‘z iqtidorini namoyish etishadi. Futbolchi bo‘lish orzusidagi bolalarning salohiyati qay darajada ekanligi aniqlanadi. Birinchi bosqichda ko‘rikdan o‘tishi mumkin bo‘lgan bolalarning soni chegaralanmagan. Har bir yosh doirsiga biriktirilgan 2 nafardan murabbiy 300-400 nafargacha futbolchini tanlab olishi mumkin.

- Birinchi bosqich imtihonlarida ishtirok etish istagida bo‘lganlardan qanday hujjat talab qilinadi?
- Birinchi bosqich imtihonlarida qatnashishni istagan bolalar o‘zlari bilan tug‘ilganlik haqida guvohnoma hamda sog‘lig‘i to‘g‘risida ma’lumotnoma (086 forma) olib kelishlari kerak bo‘ladi.

- 2-bosqich haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.
- 20 iyul kuniga qadar saralab olingan iqtidorli bolalar avgust oyining birinchi kunidan 20 avgust kuniga qadar test sinovlarini topshiradilar. 2 -bosqichda bolalar 7ta yosh toifasi uchun tayyorlangan testlarni topshiradilar.

- 1 va 2-bosqichlarda bolalardan qanday mashqlarni bajarish talab qilinadi?
- 1-bosqichda sinovga kelgan bolalar jamoalarga bo‘lingan holatda futbol o‘ynashadi. Boshqa hech qanday maxsus talablar mavjud emas. Futbolchilar bevosita o‘yin davomida o‘z iqtidorlarini namoyish qilishadi. Murabbiylar tomonidan tanlab olingan iqtidori bor bolalar, 2-bosqichda ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi. 2-bosqichda imtihonlar 4 xil yo‘nalishda o‘tkazilidi. Birinchisi, o‘yin qobiliyati. Murabbiylar tomonidan imtihon normativini bajara olgan bolalar 50 ballgacha baho olishadi. Ikkinchisi, mantiqiy fikrlash bo‘yicha test. Uchinchisi, texnik sinov. Texnik sinovda imtihon topshirayotgan futbolchining to‘p bilan harakatlari tekshiriladi. To‘rtinchi, ya’ni so‘nggi sinov bu – jismoniy test.

- Ushbu qabul jarayoni boshlanguniga qadar futbol maktablarida o‘qigan yoki futbol to‘garaklarida ishtirok etib yurgan bolalar hamda umuman futbol bilan shug‘ullanmagan bolalar bir xil sinovdan o‘tishadimi yoki alohida-alohida sinovlar mavjudmi?
- Yo‘q, hech qanday guruhlarga ajratilmaydi. Barcha bolalar uchun sinov imtihonlari bir xil o‘tkaziladi.

- Akademiyaga qabul qilish shartlari hamda tashkil etiladigan sharoitlar haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz.
- Akademiyaga 10-11 yoshli bolalar, ya’ni 4-sinfni bitirib, 5-sinfga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilar qabul qilinadi. O‘qish 17 yoshga qadar davom etadi. O‘qishga qabul qilingan bolaning 17 yoshgacha akademiyada o‘qishi kafolatlanmagan. O‘qish boshlangach, har 3 oyda nazariy sinov imtihonlari o‘tkaziladi. Ushbu sinov imtihonlaridan o‘ta olmagan o‘quvchilar akademiyadan chetlatiladi. Ularning o‘rniga boshqa iqtidori bor bolalar o‘qishga qabul qilinadi.

- O‘qishdan chetlatilgan o‘quvchilarning o‘rniga qayta qabul jarayoni qanday amalga oshiriladi?
- Qayta qabul jarayonida seleksionerlar katta sahnaga chiqishadi. Ularda yil davomida viloyat, shahar va tumanlar bo‘ylab o‘tkazilayotgan musobaqalarda o‘zini ko‘rsatib kelayotgan salohiyatli yosh futbolchilarning ro‘yxati bo‘ladi. O‘sha ro‘yxatdagi bolalarni murabbiy, seleksioner hamda texnik direktor birgalikda tanlab oladi. Bu degani yozgi qabul paytida akademiyaga o‘qishga kirolmagan bolalarda ham hali o‘qishga kirish uchun imkoniyat saqlanib qoladi degani.

- Akademiyaga o‘qishga qabul qilinganlar uchun qanday shart-sharoitlar yaratiladi, umuman o‘qish jarayoni qanday bo‘ladi?
- Akademiya tarbiyalanuvchilari uchun futbol bilan shug‘ullanish va yetuk futbolchi bo‘lish uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Jumladan, futbolchilarning o‘z oilasidan uzoqda bo‘lmasligini ta’minlash uchun ham akademiyalar har bir hududda, viloyatlarda tashkil qilinmoqda. Bolalar oilasini ko‘rish uchun yuzlab kilometr yo‘l bosishiga to‘g‘ri kelmaydi.

Akademiya tarbiyalanuvchilari bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi va futbolchilarga xos bo‘lgan ovqatlanish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Akademiyaga qabul qilingan o‘quvchi maktab ta’limini akademiya bilan yondosh hududdagi maktabda davom ettiradi. Maslan, ertalabki smenada o‘qiydigan o‘quvchi ertalab uyg‘ongach, badantarbiya bilan shug‘ullanadi, so‘ngra nonushta. Nonushtadan keyin maktabga boradi. U yerdan qaytgach, tushlik, tushlikdan so‘ng dam olishi uchun vaqt ajratiladi. So‘ngra akademiyada futbol mashg‘ulotlariga kirishadi.

Akademiyaning asosiy maqsadi har bir yosh toifasida viloyat terma jamoasiga yetuk va barkamol futbolchilarni yetkazib berishdir. Viloyat terma jamoasiga tavsiya qilingan futbolchilarning eng iqtidorlilari Toshkentdagi Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi o‘qishga tavsiya qilinadi.

- Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi hududiy akademiyalardan futbolchilarni tanlab olish yiliga necha marotaba tashkil qilnadi hamda jarayon qanday kechadi?
- Hududiy akademiyalardagi o‘qish jarayonida ko‘plab musobaqalar tashkil qilinadi. Ushbu musobaqalar markazlashgan tizimda biror shaharda, masalan, Toshkentda yoki uyda-mehmonda tizimida tashkil qilinadi. Ushbu musobaqaga barcha viloyat hududiy akademiyalar o‘quvchilari tashrif buyurgan holda musobaqalarda qatnashadilar.

Ushbu musobaqalarda o‘zlarini ijobiy tarafdan har tomonlama ko‘rsata olgan futbolchilar Respublika akademiyasiga taklif qilinadi. Shu bilan bir qatorda, Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasida faoliyat ko‘rsatayotgan seleksionerlar tomonidan iqtidorli bolalar hududiy akademiyalardan yil davomida ham tanlab olinishi mumkin.

- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Manba: www.the-uff.com
Kiritildi: 10:32, 26.06.2018.
O'qildi: 14549 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.