Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

VAR haqida: Xatoning haqiqiy egasi

VAR haqida: Xatoning haqiqiy egasi

Baho:
+ | -

Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatida hakamlar videotakrorlardan foydalanayotganidan xabaringiz bor. Ushbu yangilik har kim tomonidan turlicha qabul qilinayotganligi tabiiy. O‘yindagi uzilishlarni ro‘kach qilib, bu yangilikka tamoman qarshilar ham bor, ular bilan bahslashish shart emas, bu borada fikrim qat’iy — adolat haqida gap borganda, o‘yin sur’ati haqida fikr yuritishdan ma’ni yo‘q. Bu haqida Ravshan Ermatovning ajoyib fikri kifoya: «bir xato ustida o‘n yil tortishib yurgandan, bir daqiqa o‘yinni to‘xtatib, uni joyida to‘g‘rilagan afzal».

Misol uchun, jahon chempionatida juda ko‘p penalti belgilanyapti. Rekord darajada. Va bu penaltilarning deyarli hammasi VAR (videotakror tizimi) yordamida belgilanmoqda. Go‘yoki, aynan mana shu tizim aslida normal holatda penalti bo‘lmagan vaziyatlarni penaltiga aylantirib qo‘yayotgandek tasavvur uyg‘otmoqda. Ammo bir muhim jihatni e’tiborga olish kerak – bu tizimda hakamning qarorini o‘zgartirish yoki hakamni boshqarish ko‘zda tutilmagan. Hakam o‘ziga ishonmayotgan, vaziyatni aniq ko‘ra olmayotgan paytlarda videotakror orqali kerakli rakursda vaziyatni ko‘rish imkoniga ega bo‘lyapti xolos. Ya’ni kecha, Junayt Chaqir Argentina darvozasiga belgilagan birinchi penaltida ham, belgilamagan ikkinchi penaltida ham tamomila mustaqil qaror chiqardi. Faqat shu qaror uchun videotakrordan tasvirlarni ko‘rib oldi xolos.  

Xo‘sh, videotakrorlar qanday vaziyatlar uchun qo‘llanilmoqda?

FIFA tashkilotining rasmiy saytida bu aniq va sodda shaklda tushuntirib berilgan. Videotakror asosan qo‘yidagi to‘rt xil holatni aniqlashtirishda qo‘llanilishi belgilangan.

Golning haqqoniyligini aniqlash. Misol uchun, futbolchi ofsaydda qolgan holatda yoki qoida buzish orqali raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, videotakrordan foydalangan holda, hakam qaror chiqarishi, dastlabki qarorini o‘zgartirishi mumkin. To‘p darvozaga kirgach, o‘z-o‘zidan o‘yinda uzilish sodir bo‘ladi, ya’ni bu yerda o‘yin sur’atining tushishi haqidagi gaplar ortiqcha.

Penaltini bor yoki yo‘qligini aniqlash. Penaltining belgilanishi yoki belgilanmasligi ham o‘yin natijasiga ta’sir qiladigan muhim qarorlardan biri. Jarima maydonida qoida buzilgani yoki buzilmagani videoassisent yordami bilan aniqlashtirilishi mumkin.

Qizil kartochka. Qizil kartochkaga loyiq qoida buzilishi yoki vaziyatning qizil kartochkaga «tortmasligi»ni aniqlash uchun ham, videotakrorga murojaat qilinishi mumkin. Bu yerda faqat to‘g‘ri-to‘g‘ri qizil kartochkalar nazarda tutilgan, ikkinchi sariq kartochka emas. Masalan, Eronga qarshi o‘yinda Krishtianu Ronalduga videotakrordan keyin sariq kartochka ko‘rsatildi. Aslida, tizim sariq kartochka ko‘rsatish uchun emas, qizil kartochka bor yoki yo‘qligini aniqlashtirish uchun qo‘llanilgan edi. Qizil kartochkaga tortmasligi ma’lum bo‘lgach, sariq kartochka bilan kifoyalanildi. 

Futbolchilarni chalkashtirib yuborish. Misol uchun, hakam qoida buzgan yoki raqibini urgan bir futbolchi qolib, yonida turgan sherigini jazolab yuborishi, butunlay boshqa odamga sariq yoki qizil kartochka ko‘rsatib yuborishi mumkin. Bu holat ham videotakror yordamida tuzatiladi.

To‘p maydon tashqarisiga kimdan chiqib ketdi? Maydon markazida qoida buzildimi yoki yo‘qmi? Bu futbolchiga sariq kartochka ko‘rsatish kerakmi yoki yo‘qmi? Shu va boshqa savollar bilan videoassisent shug‘ullanmaydi.

Endi tizimning ishlash tamoyillariga o‘tamiz.

Foto: REUTERS

Birinchi bosqich: Bosh hakam yuqoridagi to‘rtlikka kiradigan ma’lum bir vaziyatda videotakrorga muxtoj bo‘lib qolsa, ishora beradi. Yoki videoassisent biror vaziyatda hakam adashganini ko‘rsa, hakamga ushbu vaziyatni videotakrorda qayta ko‘rishni tavsiya qiladi.
Ikkinchi bosqich. Bir necha kameradan lavhalarni kuzatib o‘tirgan yordamchi eng maqbul rakursdagi videoni maydon chetidagi monitorga jo‘natadi.
Uchinchi bosqich. Hakam videoni ko‘rib, o‘z qarorini aytadi. U videotakrorni ko‘rgandan so‘ng, dastlabki fikrida qolishi ham, videoassisentning ma’lumoti asosida qarorini o‘zgartirishi ham mumkin.

Misol uchun. To‘p darvozaga kiritildi, hakam ofsayd bor yoki yo‘qligiga shubhalansa, videotakrorni ko‘rib, qaror qilishni istashi mumkin. Yoki bosh hakam gol deb hisobladi, lekin video oldida o‘tirgan yordamchi ofsayd bo‘lganini ko‘rdi. Yordamchi bosh hakamga ofsayd bo‘lganini aytadi. Bosh hakam yordamchi tavsiyasi bilan takroriy lavhani ko‘radi. Va qarorini o‘zgartirishi yoki o‘zgartirmasligi mumkin.

Mana shu.

Endi qaysidir vaziyatda hakam o‘z qarori bilan penalti belgilasa-yu, videotakrorga murojaat qilmasa, aybdor sifatida VAR ni ko‘rsatmaslik kerak.  Bosh hakamda vaziyatni aniqroq baholash imkoniyati bo‘lgandi. U bunday foydalanishni istamadi, o‘ziga mutlaqo ishondi. Agar yakuniy qaror xato bo‘lgan taqdirda ham, faqat va faqat bosh hakamni malomat qilish mumkin xolos.

Bu yerda bir nozik jihatni ta’kidlash kerak. Hakam maydonda ikki yo‘nalishda ish olib boradi – vaziyatni ANIQLASH (ya’ni ko‘rish) va vaziyatni BAHOLASH. Videotakrorlar tizimi, asosan hakamga vaziyatni aniqlashda dastak bo‘ladi. Hakam videotakror orqali to‘p qo‘lga tekkani yoki tegmaganini aniqlashi mumkin, ammo baholash baribir o‘zida qoladi. Argentina – Nigeriya o‘rtasidagi o‘yinda Markos Roho bilan bog‘liq vaziyatni eslang. To‘p qo‘lga tegdi, hakam buni videotakror orqali ko‘rdi, ammo penalbti belgilamadi. Boshqa bir hakam misol uchun, ayni shu holatda penalti deb baholashi ham mumkin edi. Bu yerda videotakrorlar xuddi bosh va qanot hakamlari o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydigan apparat singari bir vosita bo‘lyapti xolos. 

Aytaylik hakam xato qiladi. Butun stadion, futbolchilar, hatto hakamning o‘zi ham tribuna tepasida turgan monitordan takroriy lavhani ko‘radilar. JARdagi Germaniya–Angliya o‘yinidagi Lempardning golini eslang. Mayli, stadionda takroriy lavha namoyish qilinmagan taqdirda ham, har bir muxlis yoki murabbiy vaziyatni telefonda onlayn ko‘rib olish imkoniyatiga ega. Hakamning o‘zi ham xatosini juda tez tushunib yetadi. O‘yin tugamasdan hakamning xatosi «bo‘yniga qo‘yiladi». Tabiiyki u ham inson, unga ham bosim tushadi. 

Qarang, o‘yin davomida stadion va TV qarshisidagi millionlab tomoshabinda vaziyatni aniq baholash imkoniyati bor — dunyoda faqat birgina insonda bunday imkoniyat yo‘q. Aynan o‘sha birgina inson aynan shu vaziyat uchun qaror chiqarishga javobgar. Absurd emasmi? 

«Hakamlar ham inson, futbolchilar kabi xato qilishga haqqi bor», deyishadi yana. Futbol xatolari bilan go‘zal emish... Bilasizmi, futbolchi xato qilsa, o‘zi o‘ynayotgan jamoa zarariga xato qiladi. Hakam-chi? Hakamning xatosida xato qilmagan taraf, ya’ni jamoalardan biri zarar ko‘radi. Qani adolat? O‘sha adolatning topilishi uchun bir necha soniya kerak bo‘lsa ham, kutishga tayyorman.

Xulosa qilib, videotakrorlarning ijobiy jihatlaridan mavzuga aloqador ikki tomonini aytib, ketmoqchiman.

Birinchidan, bu tizim hakam qarorlarini sog‘lomlashtiradi. O‘yin sur’atii yildan-yilga yuksalib borayotgan bir paytda, maydondagi hakam futbolchilardan bir necha barobar ko‘p ter to‘kishga to‘g‘ri keladi. U Ronaldu bilan birga hujumga yugurishi, agar Ronaldu to‘pni oldirib qo‘ysa, u bilan birga boshini changallab o‘tirmay, narigi jamoa himoyachisi bilan birga endi, narigi darvoza tomon yugurib ketishi kerak. Shu bilan birga, ma’lum soniyalarda juda muhim qarorlarni chiqarishi kerak bo‘lardi.

Tasavvur qiling, hakam mana shu tezlikda biror vaziyatni ko‘rmay qoldi. Farqi yo‘q, u bu vaziyat uchun qaror chiqarishi shart. O‘ziga ishonadimi, yo‘qmi, vaziyatni ko‘ra oldimi, ko‘rmay qoldimi, farqi yo‘q, u bechora qaror chiqarishga mahkum. Natijada, jamoalardan biri jabr chekishi, hakam esa, yillab eslanib yuradigan vaziyat qurboniga aylanishi mumkin.

Endi esa, qarorlar sog‘lom bo‘ladi. Hakam vaziyatni baholay olmasa, videotakrorga murojaat qilish va sog‘lom qaror chiqarish imkoniga ega. U videotakrorlarga murojaat qilmadimi, demak, o‘sha vaziyatni aniq ko‘rgan, aniq baholashga qodir bo‘lgan — yana sog‘lom qarorga ega bo‘lyapmiz.

Ikkinchidan, eng muhimi, biz endi bosh hakam aniqroq qaror chiqarish uchun imkoniyatga ega ekanini bilib turamiz. Mabodo biror joyda adashsa, «axir u ham inson, xato qilishi mumkin-ku, o‘n kilometrlab yuguradi, o‘sha rakursdan ko‘ra olmasdi, biz takroriy lavhalarni ko‘rib fikr bildiryapmiz, u bechora nima qilsin» deb hakamlarni oqlamaymiz. «Ko‘ra olmay qolsa, videotakrordan ko‘rishi kerak edi», deb turaveramiz.

Endi hakamlar kamroq xato qilganlari bilan, xatolarning javobi ham qattiqroq bo‘ladi — chunki ular bu xatolarning haqiqiy egasiga aylanadilar.

Manba: www.kun.uz
Kiritildi: 13:32, 28.06.2018.
O'qildi: 10444 marta.
Fikrlar: 7 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.