Joriy mavsum yakuni madridlik muxlislar va poytaxt mehmonlariga navbatdagi o‘ta ta’sirli, ehtiroslarga boy dramani hadya etdi.
Bu qaysidir futbol afsonasi bilan xayrlashish emasdi, shunchaki, «Atletiko»ning fransiyalik javohiri Antuan Grizmann «Vanda Metropolitano»dagi yarim soat ichida kuchli nafrat, qo‘rquv, chinakam do‘stlik va samimiy afv kabi hayajonli holatga guvoh bo‘ldi.
Hozirda tarixga aylanib ulgurgan YEL turnirining so‘nggi finali arafasida gumburlagan momoqaldiroq «ko‘hna qit’a»ni larzaga keltirdi: Antuan Grizmann va «Barselona» o‘zaro shartnoma borasida kelishib olishgani e’lon qilindi
. Ammo bellashuv paytida Antuanga nisbatan nafratli hushtakbozliklar yangramadi - nufuzli musobaqaning hal qiluvchi bahsida o‘z jamoasini bo‘g‘ishni kim ham istardi, axir? Muruvvatni munosib baholagan fransiyalik to‘purar «Marsel» darvozasini ikki bor zabt etdi, muxlislar esa «dubl»ni o‘ziga xos xayrlashuv tuhfasi sifatida qabul qilishdi.
Shundan keyin faqat xushxabarlar tarala boshladi. Gard qo‘nib ulgurmagan nufuzli sovrinni boshi uzra baland ko‘targan «hindular» yetakchisi ayni o‘sha pallada kelajagi xususidagi qarorini qayta ko‘rib chiqdi va jamadonini javonga joyladi. Yengil tin olgan «Atletiko» «Eybar» bilan bo‘ladigan mavsumning so‘nggi uchrashuvi tadorigini ko‘ra boshladi.
Chempionatda barcha masalalar hal bo‘lib ulgurgan, Fernando Torresni munosib tarzda nafaqaga kuzatishdan boshqa yumush qolmagandi. Grizmann zaxiradan maydonga tushgunga qadar hammasi risoladagidek kechayotgandi. Ammo u paydo bo‘lishi bilan haqoratlar bo‘roni ostida qoldi. Oyog‘i to‘pga tekkani zahoti hayqiriq va hushtakbozliklar avjiga chiqardi.
Qisqasi, madridlik muxlislar fransiyalik merganni umuman ayashmadi. Agar Antuan maydon chetiga chiqqudek bo‘lsa, fanatlar uni burdalab tashlashga tayyor edilar. Tabiiyki, qadrdon stadionida o‘z muxlislaridan bunday munosabatni kutmagan hujumchi dovdirab qoldi, o‘yini qovushmadi.
Oqibatda oddiy vaziyatlarda ham to‘pni yo‘qota boshladi. Shu bois, hushtakbozlik va haqoratlar tobora kuchayib bordi, ko‘ngilsiz manzarani birinchi bo‘lib Torres payqadi. Avvaliga u hech narsani tushunmayotgandek qo‘llarini silkitdi, keyin Grizmannga yaqinlashib, dalda berdi. Urinish besamar ketdi.
Tez orada Gabi ham voqeadan xabardor bo‘ldi. Sardor 7 barmog‘ini yuqoriga ko‘tarib, Antuandan «sirk»ka barham berishni so‘radi. Nihoyat, Diyego Simeone ham ishga kirishdi. U Godinni yoniga chorlab, fanatlar tribunasidagi «og‘zi maymoqlar»ni tartibga chaqirib qo‘yishni, Grizmanni haqoratlash emas, qo‘llab-quvvatlashlariga da’vat etish vazifasini topshirdi.
Urugvaylik himoyachining bir-ikki og‘iz «nordon» kalimalaridan keyin fanatlarning qahru-g‘azabi sarobdek g‘oyib bo‘ldi, stadionni barcha muxlislar jo‘rligidagi estamos contigo («Biz sen bilanmiz») qo‘shig‘i zabt etdi.
Ortidan ular Grizmann nomini sharaflay boshladilar. Vaziyatni diqqat bilan kuzatib borgan murabbiy asta-sekin asabiylikdan forig‘ bo‘ldi. Shu tariqa «Vanda Metropolitano»dagi sog‘lom muhit qayta tiklandi. Hatto «hindular»ning jangovar durangga (2:2) rozi bo‘lishgani ham hech kimni ranjitmadi.
Antuan esa maydonda yuz bergan o‘zgarishlarga hamon ishona olmadi. Shu payt Fernando u tomon chopib borib, samimiy ohangda shunday dedi: «Biz seni hech kimga alishmaymiz. Sen bizga aynan shu yerda keraksan!» Torresning e’tirofi uni to‘lqinlantirib yubordi, hujumchining ko‘zlariga yosh qalqdi.
Bu uning shunchaki sovrinlar va chiroyli futbol o‘ynashi uchun emas, balki tug‘ishgan aka-ukalardek ahil oilaga aylangan jamoaning haqiqiy a’zosi ekanligidan dalolat beruvchi faxr va g‘urur yoshlari edi...
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.