Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

Elfi Fernshild: «O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘p»

Elfi Fernshild: «O‘zbekistonda iqtidorlar juda ko‘p»

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Intervyular

O‘tgan hafta Germaniyadagi JFL in Schlotheim futbol maktabi direktori Elfi Fernshild va katta murabbiy Benjamin Gasman yurtimizda mehmon bo‘lib, bir qator tadbirlarda ishtirok etishdi.

O‘z navbatida, germaniyalik mutaxassislarni alohida suhbatga chorlab, ularning tashrifdan ko‘zlangan maqsadlariga qiziqdik.

- Elfi, avvalo, yurtimizga tashrifingizdan ko‘zlangan maqsad haqida ma’lumot bersangiz...

- Shuni alohida ta’kidlashim lozim, bu O‘zbekistonga birinchi tashrifim emas. Bungacha ham yurtingizga ikki marta kelganman va umid qilamanki, hozirgi safarim oxirgisi emas. Endi maqsadga ko‘chsak, JFL in Schlotheim maktabi Toshkentda o‘z filialini ochgan - JFL in Taschkent.

Ushbu maktab rahbari Dilshod Qoriyev o‘z ishini a’lo darajada uddalamoqda. Deylik, JFL in Schlotheim hamda JFL in Taschkent o‘rtasida mustahkam aloqalar o‘rnatilgan bo‘lib, tajriba almashish jarayoni uzviy davom etmoqda. Tashrifimizning bosh sabablaridan biri ham shu.

Qolaversa, Qo‘qon shahrida ham xuddi shunday filial ishga tushdi va uning ochilish marosimida bevosita qatnashdik. Shuningdek, Qo‘qonda mahalliy murabbiylar uchun master-saboq o‘tkazdik, bolalar bilan uchrashdik va aytishim kerak, ularning ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib, o‘zimiz ham bag‘oyat sevindik.

- O‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari haqida nima deya olasiz? Ular orasida alohida iqtidorga ega yigitlarni ham ko‘rdingizmi?

- Albatta, ko‘rdim! Hozirgi fikrim ehtimol, sizlar uchun birmuncha balandparvoz gapdek tuyular, ammo borini aytaman - O‘zbekistonda iqtidorli yoshlar juda ko‘p, juda. Bolalar ayniqsa, texnik salohiyat bobida futboli rivojlangan ancha-muncha o‘lka vakillaridan sira qolishmaydilar.

Toshkentda ham, Qo‘qonda ham texnikasi havas uyg‘otadigan bolalarni yetarlicha uchratdim. Faqat bitta masala bor - shu yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash va mahoratlarini tobora shakllantirib borish zarur.

- Qiziq, bolalardan kimlarnidir Germaniyaga olib ketish fikri tug‘ilmadimi?

- Yashirib nima qildim, tashrifdan ko‘zlangan yana bir maqsad aslida shu. Darvoqe, o‘z o‘rnida bitta ma’lumot - ayni vaqt JFL in Schlotheim maktabida o‘zbekistonlik ikki nafar futbolchi tahsil olmoqda. Alohida aytishim joiz, Davron Qoriyev va Aziz Ilyosov ancha istiqbolli ko‘rinishmoqda hamda ulardan umidimiz katta.

Umuman, takror bo‘lsada, aytaman, yurtingizda bunday bolalar ko‘p. Xullas, bu galgi safar doirasida ham bir qator iqtidorlarni ko‘zdan kechirdik.

- Aynan kimlarni, natijalar, taassurotlar qanday?

- Bu haqda hozirdan ochiq-oydin gapirish uncha to‘g‘ri emas. Chunki hali qilinadigan ishlar yetarli. Faqat shuni tasdiqlashim mumkinki, ayni vaqtda bir qator yigitlarni Germaniyaga olib ketish uchun hujjatlarni tayyorlamoqdamiz. Ammo bu jarayon oson emas.

Yosh futbolchilarni Germaniyaga chaqirish uchun taklifnomalarni shu yerning o‘zida taxladik. Endi qolgani Germaniya elchixonasi va davlatimiz immigrasiya xizmatiga bog‘liq. Aynan immigrasiya qo‘mitasi bolalarni Germaniyada tahsil olishlariga ruxsat berishi lozim.

Elchixona vakillari qabul ko‘pligi bois, biz tanlagan bolalar masalasi bilan faqat sentyabr oyida shug‘ullanishlari mumkinligini bildirishdi. Bu ancha vaqt yo‘qotilishiga olib keladi. Ko‘ramiz, balki elchixona bizga yordam berish uchun ba’zi imtiyozlarni taqdim etar...

- Tashrif davomida O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va Sport vaziri Shoakrom Isroilov qabulida bo‘libsiz.

- Ha. Avvalo, taklif hamda qabul uchun janob vazirga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Sport haqida juda yaxshi suhbatlashdik, maktablarimizda olib borilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdik. O‘zbek sporti erishayotgan yutuqlar darhaqiqat, tahsinga loyiq.

Umid qilamanki, vaqti kelib, O‘zbekiston milliy jamoasi jahon chempionatida ishtirok etadi va uning tarkibida JFL filiallarida tarbiyalanayotgan futbolchilarni ham ko‘ramiz.

- JFL in Schlotheim maktabida yana qaysi mamlakatlar vakillari bor?

- Germaniyalik iqtidorli bolalardan tashqari, 12ta xorij mamlakatidan taklif qilingan yosh futbolchilar tahsil olishadi. Ya’ni tarbiyalanuvchilarimiz orasida Afrika, Amerika va Osiyo davlatlari vakillari bor. Albatta, ularning har biriga alohida e’tibor bilan qaraymiz.

Oddiyroq aytsam, bolalarga milliy qarashlaridan kelib chiqib, zarur sharoitlarni yaratib berishga intilamiz. Qisqasi, maktabimizda bolalarga munosabat yaxshi yo‘lga qo‘-yilgan. Muhimi, nafaqat mashg‘ulot masalasida, balki hayotning har bir jabhasida tarbiyalanuvchilarga individual munosabat shakllantirilgan.

Hattoki, oddiygina taom masalasiga ham katta e’tibor qaratiladi. Bola nimani suyub iste’mol qiladi, u qanday vitaminlarga ehtiyoj sezmoqda - hammasi qat’iy nazorat ostida. Masalan, safar o‘yiniga chiqqanda, har bir bolakay rasionida yozilgan taomni o‘zimiz olib boramiz. Zero, u safarda ham o‘zini uydagidek his qilishi lozim.

- Bunday yondashuv bola tarbiyasiga aks ta’sir qilmaydimi?

- Yo‘q-yo‘q. U har doim e’tibor ostida ekanligini his qiladi. Shuning barobarida maktabimiz tarbiyalanuvchilarni hayotga tayyorlab borishda ham ilg‘or. Deylik, o‘z bog‘imiz bor va u yerda turli tadbirlar o‘tkaziladi. Diqqatni tortadigan tomoni, tadbirlarni bolalarning o‘zlari tashkil etadilar.

Xususan, stol-stulmi kerakmi yoki sahna - barchasini o‘zlari tayyorlaydilar. Bunday yondashuv o‘z navbatida, bolada mehnatga nisbatan ko‘nikma hosil qiladi. Yaxshi bilasiz, hattoki, dunyoning eng mashhur akademiyasida tahsil olgan tarbiyalanuvchilar ham to‘liq 100 foiz professional sport bilan shug‘ullanmaydilar.

Ya’ni ayrimlar sportda o‘z o‘rinlarini topolmaydilar. Shu sababga ko‘ra, bolalarni avvalo, katta hayotga tayyorlashni maqsad qilganmiz. Xullas, kimdir professional futbolchi bo‘lmagan taqdirda ham, hayotda o‘z o‘rnini topib ketishi uchun qo‘ldan kelgan barcha ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

ABDULLOH suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 12:46, 01.07.2018.
O'qildi: 4461 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.