Kirish Ro'yxatdan o'tish
07/10 00:00 Real Sosyedad 1-1 Atletiko

“CAFA U-16 Championship“ musobaqasi. Bosh murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

“CAFA U-16 Championship“ musobaqasi. Bosh murabbiylar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi

Baho:
+ | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

Bugun “Milliy“ stadionida “CAFA U-16 Championship“ mintaqaviy musobaqasining ochilishi oldidan ishtirokchi mamlakatlar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Hikmat Fuzaylov (Tojikiston), Said Xadi Kozimiy (Afg‘oniston), Marat Jumakeev (Qirg‘iziston) va Usmon Toshev (O‘zbekiston) ishtirok etishdi.

Bosh murabbiylar matbuot anjumani boshida tashkilotchilarga o‘z minnatdorliklarini bildirib quyidagi fikrlarni bildirib o‘tdilar:

Afg‘oniston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Said Xadi Kozimiy: 
- Biz “CAFA U-16 Championship“ turnirida ikkinchi marta ishtirok etyapmiz. Musobaqaga terma jamoamiz yaxshi tayyorgarlik ko‘rdi. Bu musobaqa biz uchun Osiyo chempionatiga tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi degan umiddamiz.

- Qirg‘iziston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Jumakeev: 
- “CAFA U-16 Championship“ musobaqasining har bir o‘yini bizga rohat bag‘ishlashiga hamda foydali bo‘lishiga ishonaman. Jamoamiz oldiga yaxshi natijalar ko‘rsatish vazifasi qo‘yilgan. Tashkilotchilik yuqori saviyada. Stadionlarning holati a’lo darajada. Kecha birinchi marotaba “Milliy“ stadionida mashg‘ulot olib bordik, hamda murabbiylar seminarlarida ishtirok etdik. Bu stadionda to‘p surish juda maroqli. Barcha ishtirokchilarga omad tilayman. Shogirdlarim oldilariga qo‘yilgan vazifalarni bajara olishlariga ishonaman.

Tojikiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Hikmat Fuzaylov: 
- Aeroportdan chiqqanimizdan mezbonlar tomonidan uyushtirilgan kutib olish marosimidan hayratda qoldik. Barcha-barchaga minnatdorchilik bildiraman. Bu musobaqa barcha uchun foydali bo‘ladi degan umiddaman. Musobaqada ikkinchi yil ishtirok etishim. Oldingi musobaqadan yoqimli xotiralar qolgan.

O‘zbekiston U-16 terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev: 
- Ushbu turnirni katta voqelik deb ayta olaman. O‘tgan kunlar davomida biz faqatgina futbol haqida gaplashdik. Raqib mamlakatlarning futboli rivojini tahlil qildik. Bu musobaqa qatnashchilarga xalqaro tajriba beradi. Turnir davomida faqatgina yaxshi saviyali o‘yinlar bo‘ladi. Bunga ishonaman.

- Musobaqadadan qanday natijalar kutyapsiz?

Said Xadi Kozimiy: - Oldimizga ikkita maqsad qo‘yganmiz. Asosiy maqsad Malayziyadagi musobaqaga munosib tayyorgarlik ko‘rish, hamda amaldagi chempionlikni saqlab qolish.

Marat Jumakeev: - Musobaqada futbolchilarimning imkoniyatlarini ko‘rib olmoqchiman. Bu musobaqadagi ishtirok murabbiylarning, futbolchilarning, federasiyalarning yutug‘i. Asosiy maqsadimiz bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar orqali o‘zimizning himoya va hujum chizig‘imizni sinovdan o‘tkazib olishdir.

Hikmat Fuzaylov: - Asosiy vazifamiz chiroyli o‘yin ko‘rsatish.

Usmon Toshev: - Musobaqa davomida o‘z o‘yinimizni shakllantirib borishni niyat qilganmiz. O‘yinlar futbolchilarimiz uchun o‘ziga xos dars bo‘lishi kerak. Vazifamiz - xalqaro tajriba orttirish hamda eng kuchli ekanimizni isbotlash.

- Raqiblar haqida fikringiz qanday?

Said Xadi Kozimiy: - Musobaqa ishtirokchilarining barchasi hurmatga sazovor. O‘zbek futboli kundan-kunga yuksalishga erishmoqda. JCHga chiqa olmagan bo‘lsa-da, bu jamoa bilan o‘yin anchagina foydali bo‘ladi. Tojikiston termasida ham katta tajriba bor. Ular Osiyo chempionatiga chiqishdi. Bu katta sharaf. Qirg‘iziston termasi bilan esa yaxshigina jang bo‘ladi.

Marat Jumakeev: - Musobaqaga ishtirokchilarining barchalari juda kuchli jamoalar. O‘zbekistonning Usmon Toshev bor hamda futbol anchagina o‘sgan. Barcha jamoalar chiroyli o‘yin ko‘rsatib, g‘olib bo‘lishni istashadi. Bu musobaqa orqali biz o‘z imkoniyatlarimizni sinovdan o‘tkazamiz.

Hikmat Fuzaylov: - Biz o‘tgan yilgi musobaqadagidan ko‘ra kuchliroq bo‘lganimizni isbotlamoqchimiz hamda xalqaro tajriba to‘plamoqchimiz.

Usmon Toshev: - Men OFK instruktori sifatida qo‘shni davlatlarda ko‘p bo‘lganman. Afg‘oniston futboli yaxshi saviyada. Barchada tizim professional yo‘lga qo‘yilganini ko‘rganman. Raqiblarimiz anchagina kuchli. O‘yinlar qiziqarli bo‘ladi deb umid qilaman.

- Bizda Superliga, Pro-liga, U-18, U-16, U-14 ligalari bor. Sizlardachi?

Said Xadi Kozimiy: - Mamlakatimizdagi holat boshqalar kabi turnirlar o‘tkazishga imkon bermaydi. Vaqt ham juda tig‘iz bo‘ladi. Shuning uchun ham yigitlar o‘zlarini ko‘rsata olmaydi. Termamiz Ummonda ikki marta o‘rtoqlik o‘yin o‘tkazdi. Musobaqaga o‘tgan yilgidek tayyorlana olmadik.

Marat Jumakeev: - U-16, U-17 jamoalarining ligasi bor. Ikki mintaqadan iborat. Shimoliy va janubiy. Bu ligalar seleksiya ishlari uchun ham anchagina foydali. Shuningdek, mashg‘ulot siklini ham kuzatib borish uchun ham qulay.

Hikmat Fuzaylov: - U-15 yoshgacha bo‘lgan yigitlar o‘rtasida kichik turnirlar bo‘ladi. 16, 17, 18, 19 yoshlilar o‘rtasida esa uy va safar tizimi orqali Premyer-liga tashkil qilingan. Bu liganing foydasi juda katta.


- Raqiblarni hurmat qilgan holda musobaqada O‘zbekistonni favorit deb hisoblaysizmi?

Usmon Toshev: - Musobaqada bir-birimizni kamsitish yo‘q. Barcha bir xil saviyada, murabbiylarni ham hurmat qilaman. Barcha narsa o‘yinlarda hal bo‘ladi. Jahon chempionatini kuzatayotgan bo‘lsangi favoritlar turnirni tark etishmoqda. Hozirgi futbol ajoyib hamda qiziqarli.

Manba: www.the-uff.com
Kiritildi: 16:22, 04.07.2018.
O'qildi: 2153 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.