Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start olmoqda

Toshkentda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati start olmoqda

Baho:
+ | -

Xabar berib o‘tganimizdek, yaqin kunlarda Toshkent shahri yana bir nufuzli sport bayramiga mezbonlik qiladi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, diyorimizda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati boshlanmoqda. Mazkur yirik sport anjumaniga jahonning 50 ga yaqin davlatidan 350 dan ortiq sportchi va murabbiylar, mutaxassislar tashrif buyurmoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston nufuzli sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega. Bungacha og‘ir atletika bo‘yicha 2013 yil Toshkentda II o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma beruvchi 17 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi jahon chempionati katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan. Mana endi navbatdagi yosh toifasi – 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionatini o‘tkazish huquqi O‘zbekistonga berildi. Bu huquq shunchaki berilmasligi kundek ravshan. Mamlakatimizdagi siyosiy barqarorlik, tinchlik-xotirjamlik, jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan alohida e’tibor, sportchi va murabbiylarimizning yuqori natijalari – Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a musobaqalarida doimiy ravishda qo‘lga kiritilayotgan medallar – bularning barchasi mana shunday yuksak ishonchni ta’minlab berdi.

Mazkur musobaqa rasman 3-14 iyul kunlariga belgilangan. Xalqaro og‘ir atletika federasiyasi tomonidan tasdiqlangan jadvalga muvofiq, kecha «International Tashkent» mehmonxonasida ushbu nufuzli tashkilot Ijroiya hamda boshqa qo‘mitalari yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ertaga esa Xalqaro og‘ir atletika federasiyasining yillik Kongressi bo‘lib o‘tadi. Unda bir qator muhim tashkiliy masalalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Bahslarga esa 7 iyul kuni rasman start beriladi. O‘sha kuni supachaga birinchilardan bo‘lib -56 kg vazn toifasi “S” guruhi vakillari chiqishadi.

Muxlislarimizni birinchi navbatda terma jamoamiz ishtirokiga oid ma’lumotlar qiziqtiradi. O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi musobaqada to‘liq tarkibda qatnashadi. Dastlab, yigitlarimiz haqida. Musobaqa nizomiga ko‘ra, asosiy tarkibdan 8 sportchi o‘rin olgan. Ular orasida kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati sovrindori Adham Ergashev, bir necha bor Osiyo chempionatlari g‘olib va sovrindorlari Azimjon Hojiyev, Akbar Jo‘rayev, Muhammadali Qahramonovlar, shuningdek, Zaynobiddin Mahamadaminov, Shohmardon Kamolovlar bor. Umuman, tarkibdagi deyarli barcha atletlarimizda xalqaro maydon tajribasi yetarli.

Qizlar jamoamizning imkoniyatlari ham yomon emas. Zero tarkibdan Kumush Fayzullayeva, Gulnoza Ahmadova, Dolera Davronova, Tursunoy Jabborova singari nufuzli xalqaro musobaqalar g‘olib va sovrindorlari o‘rin olishgan. Kumush va Gulnoza o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati medallarini taqishgan. Albatta, endigi navbat yoshlar o‘rtasida ham jahon shohsupasiga ko‘tarilish.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilar o‘rtasidagi jahon chempionati Yaponiya poytaxti Tokio shahrida tashkil etilgan. O‘shanda Farxod Sobirov -94 kg vazn toifasida barcha mashqlar bo‘yicha eng yuqori natija ko‘rsatib, uchta oltin medalga sazovor bo‘lgan. Shahzod Xudoyberganov esa -77 kg vaznli atletlar o‘rtasida siltab ko‘tarish va ikkikurashda ikkita kumush medalni qo‘lga kiritgan. Umuman olganda, keyingi 5 yil davomida hamyurtlarimiz doimiy ravishda jahon chempionatlarida turli medallarga egalik qilib kelishmoqda. Demak, yigit-qizlarimiz oldida ana shu yoqimli an’anani munosib davom ettirishdek mas’uliyatli vazifa turibdi.

Shu o‘rinda bir narsaga e’tibor qaratish zarur. 20 yoshgacha bo‘lgan sportchilardan tuziladigan terma jamoamiz aynan joriy yilda deyarli to‘liq yangilandi. Yuqorida tilga olib o‘tilgan mahoratli polvonlarimiz – Adhamjon Ergashev, Shahzod Xudoyberganov, Farxodbek Sobirov, yetakchi og‘ir atletikachi qizlarimiz Muattar Nabiyeva, Omadoy Otaqo‘ziyevalar endi kattalar terma jamoamizning to‘laqonli a’zolari hisoblanishadi. Bungacha ular bir necha yil davomida o‘z vazn va yosh toifalari bo‘yicha nafaqat Osiyoda, balki jahonda ham yetakchilar safida muqim turishdi. Ular barcha nufuzli musobaqalarda doimiy ravishda faqat eng yuqori maqsadlarni ko‘zlab supachaga chiqishdi. Mamlakat og‘ir atletika federasiyasi mutasaddilari va terma jamoa murabbiylari esa asosiy vazifa – nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritish bilan parallel ravishda yetakchi sportchilarimizga munosib o‘rinbosarlar tayyorlashni ham nazardan chetda qoldirishgani yo‘q. Nima bo‘lganda ham, hammasini yaqinlashib kelayotgan jahon chempionati ko‘rsatib beradi. Binobarin, aynan ushbu musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladigan yigit-qizlarimiz ikki-uch yildan so‘ng kattalar terma jamoasiga o‘tishadi va Vatanimiz sharafini jahon chempionatlari va Olimpiada o‘yinlarida himoya qilishlari lozim bo‘ladi.

Ertaga o‘tkaziladigan Kongressda bir qator muhim masalalar muhokama qilinadi. Jumladan, anchadan buyon musobaqalar o‘tkaziladigan vazn toifalarini o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqiladi. O‘tgan yil, shoshilinch ravishda ayollar uchun eng og‘ir vazn toifasi +75 kg.dan +90 kg.ga oshirilgandi. Afsuski, bu eksperiment o‘zini to‘la oqladi, deya olmaymiz, chunki xalqaro musobaqalar davomida aynan shu masalada anglashilmovchiliklar, noroziliklar kelib chiqdi. Umuman, o‘smirlar, yoshlar va kattalar uchun tasdiqlangan vazn toifalarini butunlay qaytadan ko‘rib chiqish masalasi kun tartibida turibdi.

Bundan tashqari, Olimpiada, shuningdek o‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni taqsimlash tartibida ham o‘zgarish yuz berishi kutilmoqda. Ma’lumki, hozir Olimpiya o‘yinlariga har bir jamoaga ajratilgan maksimal yo‘llanma erkaklar uchun 6 ta, ayollar uchun 4 ta. O‘smirlar Olimpiya o‘yinlariga esa mos ravishda 2+1 shaklda lisenziya beriladi. Tabiiyki, bu jarayon Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talablar bilan bog‘liq. Muammo shundaki, O‘smirlar ya’ni 17 yoshgacha bo‘lgan sportchilar jahon va qit’a chempionatlarida 44 kgdan boshlab +69 kggacha, 7 ta vaznda bahs olib borishadi. O‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida esa vazn toifalari soni chegaralangan. Bunday holatda ayrim atletlarning o‘z mahoratlarini to‘la namoyon etish imkoniyati cheklanishi mumkin.

Demak, oldinda bizni katta sport bayrami kutib turibdi. Natijalar bilan Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti orqali tanishib borishingiz mumkin bo‘ladi.

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 15:59, 05.07.2018.
O'qildi: 2763 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.