Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Jasur Hasanov: «Mavsumni kuchlilar safida yakunlashni xohlaymiz»

Jasur Hasanov: «Mavsumni kuchlilar safida yakunlashni xohlaymiz»

Baho:
+ | -

Pepsi Superligasida jahon chempionati munosabati bilan berilgan ta’til ham poyoniga yetib qoldi. Barcha jamoalar singari Bekobodning “Metallurg” klubida ham hal qiluvchi o‘yinlarga tayyorgarlik jarayoni jiddiy olib borilyapti.

Bekobodliklar etakchilaridan biri Jasur Hasanov PFL rasmiy saytiga yangi mavsum, jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalar to‘g‘risida gapirib berdi.

-  Jasur, mashg‘ulotlarni kuzata turib, sizning umumiy guruhdan ajralgan holda alohida shug‘illanganingizga shohid bo‘ldik. Jarohatdan to‘liq qutilmadingizmi? Tiklanish jarayoni qanday kechayapti?

-  To‘g‘ri qayd etdingiz, hozircha jismoniy tayyorgarligimni ushlab turish uchun individual tarzda shug‘ullanayapman. Xabaringiz bor, birinchi davraning “Qizilqum”ga qarshi kechgan safar uchrashuvi paytida oyoq paylarimni cho‘zib olgandim. Qisqa davolanishdan keyin o‘zimga kelgandek bo‘ldim. Murabbiylarimiz shoshilmaslikni, yaxshilab sog‘ayib olishimni aytishdi. Ammo hal qiluvchi o‘yinlar ketayotgan bir paytda tezroq jamoadoshlarimga yordamga oshiqdim, o‘zimni o‘yinlarga yuz foiz tayyordek his etdim. “Lokomotiv” hamda “Nasaf”ga qarshi uchrashuvlarga zahiradan maydonga tushirishlarini so‘radim. Afsuski, jarohatdan to‘liq qutilmaganligim ma’lum bo‘ldi. Mana endi yana o‘sha jarohat asoratlarini bartaraf etish bilan mashg‘ulman.

-  Safga qachon qaytasiz?

-  Bir narsa deyolmayman. Murabbiy va shifokorimizning ta’kidlashicha men yana ikki uch tur jamoadoshlarimga yordam bera olmayman.

-  Ta’til qanday kechdi? Chempionatni sog‘inib qolgandirsizlar?

-  Albatta. Bu yil chempionatimiz juda qiziqarli kechayapti. Xuddi Yevropaning kuchli chempionatlaridagi singari hech bitta uchrashuvda natijani oldindan bashorat qilib bo‘lmayapti. Tomoshabinlarning tashrifi oshganini aytmaysizmi. Bunday chempionatni sog‘inmay bo‘larkanmi? Hatto jahon chempionati ketayotgan bir paytda ham xayolimiz o‘zimizning chempionatimizda. Mavsum tezroq davom ettirilsa-yu, yana ishqibozlarimiz qarshisida chiroyli o‘yinlarimiz bilan ularni xursand etishga kirishsak, deymiz. PepsiSuperligasi o‘zimizga ham juda manzur bo‘lyapti. Har bitta uchrashuv bayramona tarzda tashkillashtirilmoqda. E’tibor bering, mamlakatimizda futbolni rivojlantirishga qanday katta e’tibor berilmoqda. Birgina Bekobod shahri misolida olib qaraydigan bo‘lsak, qisqa fursat ichida “Markaziy” stadionimiz tanib bo‘lmaydigan darajada o‘zgardi. Yangicha qiyofa kasb etdi. Jamoada futbolchilarga barcha zarur shart-sharoitlar yaratib berilgan. Bunday e’tiborga faqatgina munosib o‘yinlar bilan javob berish kerak, deb o‘ylayman.

-  “Metallurg” ayni paytda oltinchi o‘rinda borayapti. Jamoa o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani qanchalik uddalayapti?

-  Mavsum arafasida jamoamiz tarkibi deyarli yangilandi. Yangi murabbiylar shtabi ish boshladi. Birinchi mavsumning o‘zidayoq bunday o‘zgarishlar bilan katta vazifalarni bajarish qiyin bo‘lardi. Biroq murabbiylarimiz tanlagan yo‘l, olib borayotgan siyosat to‘g‘riligi natijalarimizda aksini topayapti deb o‘ylayman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, bu yil oson o‘yinlarning o‘zi yo‘q. O‘z navbatida barcha jamoalar yuksak maqsadlar sari harakatlanishayapti. Bizning jamoamiz oldiga ham kuchli oltitalikka kirish vazifasi qo‘yilgan. Hozircha oltinchi o‘rinda borayapmizmi, demak vazifa sari og‘ishmay harakatlanayapmiz. Eng asosiysi, ahil, uyushqoq, hamfikr yigitlardan iborat jamoaga egamiz. Bunday kollektiv bilan esa bemalol har qanday vazifani bajarsa bo‘ladi.

-  Ikkinchi davrada qolgan uchrashuvlarning katta qismi safar o‘yinlari, bu sizlarni cho‘chitmayaptimi?

-  Aslo. Safarda mezbon jamoani to‘liq qo‘llab quvvatlayotgan muxlislar qarshisida to‘p surish oson emas. Biroq biz “Lokomotiv”, “Nasaf” singari kuchli jamoalar muxlislari qarshisida o‘ynadik. Ochkoli bo‘ldik. Demak, maqsad sari intilinsa, ishtiyoq katta bo‘lsa har qanday qiyin vazifani bajarsa bo‘ladi.

“Metallurg” matbuot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi. 

Manba: www.pfl.uz
Kiritildi: 10:55, 06.07.2018.
O'qildi: 2511 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.