Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Fransiyada tajriba, Belgiyada Anri. Bo‘lajak chempionni aniqlaydigan o‘yin

Fransiyada tajriba, Belgiyada Anri. Bo‘lajak chempionni aniqlaydigan o‘yin

Baho:
+ | -

JAHON CHEMPIONATI-2018. 1/2 final. 10 iyul. FRANSIYA – BELGIYA. 23.00 (Toshkent)

Jahon chempionatining birinchi yarim final uchrashuvini ko‘pchilik finaldan oldingi final deb atamoqda. Bugun turnirda eng kuchli tarkiblarga ega hamda eng hujumkor o‘yinlar ko‘rsatayotgan Fransiya va Belgiya terma jamoalari Sankt-Peterburgda final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi.

Kim favorit?

Kimdir yulduz futbolchilar jamoaning haqiqiy kuchini ko‘rsatmaydi, deb bahslashishi mumkin. Bu safargi turnirda ham qator yulduzlar kamtar jamoalarga qarshi o‘yinlarda hech narsa ko‘rsata olmasdan turnirni erta tark etishdi.

Ammo Fransiya va Belgiya bilan biroz boshqacharoq. Bu terma jamoalarda yulduzlar yakka emas, bu terma jamoalar yulduzlar bilan to‘lgan. Didye Deshamd ham, Roberto Martinesda ham yulduzli zaxira mavjud. 

Bu o‘yindan oldin kimni favorit deb atash mumkin? Savol qiyin, ammo hozircha ko‘proq omillar Fransiyani favorit sifatida ko‘rsatmoqda. Fransuzlar barcha o‘yinlarda ishonchli harakat qilib kelishdi va pley-offga ortiqcha kuch sarflamasdan chiqishdi hamda pley-offdagi o‘yinlarni ham osonlik bilan yutishdi. Belgiyaliklar esa pley-offdagi ikki o‘yinda ham, Yaponiyaga qarshi ham, Braziliyaga qarshi ham qiynaldi. Shuningdek, Fransiya terma jamoasining tajribasini ham hisobga olish kerak, Desham boshchiligidagi bu jamoa uchinchi yirik turnirda qatnashmoqda, ular 2016 yilgi Yevropa chempionatida kumush medallarga sazovor bo‘lishgandi. Fransiya katta o‘yinlarni yutishni biladi, Belgiya esa o‘z tarixida atigi ikkinchi marta yarim finalga chiqqan.

Ammo «Qizil iblislar» safida jahon chempionatida qanday yutishni biladigan futbolchi bor.

Buyuk bombardir o‘z vataniga qarshi

Tyerri Anri Fransiya terma jamoasida oxirgi o‘yinini o‘tkazganidan buyon 8 yil o‘tdi. Bu 2010 yili JARda bo‘lib o‘tgan jaho chempionatida bo‘lgandi, o‘shanda u mundialga zaxira futbolchisi bo‘lib borgan, uning futbolchilik faoliyati poyoniga yeta boshlagan davr edi.

Xayrlashish davri Anri uchun noxush kechgandi. U o‘tish o‘yinida Irlandiyaga qarshi o‘yinda qo‘li bilan o‘ynagan va Vilyam Gallasga golli uzatma bergandi. Uning bu harakati Fransiyani mundialga olib chiqdi. JARda ham Anri mojaro girdobida qoldi, u bosh murabbiy Raymon Domenek tomonidan Nikolay Anelka tarkibdan chetlatilishiga ochiq norozilik bildirib, murabbiyni qoraladi va terma jamoaning bir guruh futbolchilarini mashg‘ulotlarni boykot qilishga ko‘ndirdi.

Natijada o‘sha turnir Fransiya uchun sharmandali yakunlandi - 1 ochko va guruhda oxirgi o‘rin. Bu harakatlardan keyin Fransiya futbolida inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Birinchi navbatda bosh murabbiy nihoyat iste’foga chiqarildi, federasiya bir qancha futbolchilarni diskvalifikasiya qildi, tarkib butunlay yoshartirila boshlandi. Lekin 1998 yilgi jahon chempioni va 2000 yilgi Yevropa chempioni Anri hamon Fransiya futboli tarixidagi eng yaxshi hujumchi bo‘lib qolmoqda.

Yevropadan ketgach Anri Amerikada «Nyu-York Red Bullz»da o‘ynadi, keyin bir muddat «Arsenal»ga qaytdi (2012 yil) va 2014 yili futbolchilik faoliyatini yakunlab, Angliyada teleekspert sifatida faoliyat ko‘rsata boshladi.

2016 yili u Belgiya terma jamoasida Roberto Martinesning murabbiylar shtabiga jalb qilindi. «Fransiyadan biron marta ham taklif bo‘lmadi», degandi o‘shanda u.

Shundan buyon Anri ekranlarda ko‘rinmay qoldi, u haqda ko‘p yozishmasdi. U terma jamoa ichida jimgina ishlashda davom etayotgandi. Endi esa hammaning e’tibori yana unga qaratildi. Ayniqsa yarim final arafasida OAVda u birinchi planga chiqdi. Fransuzlarga qarshi o‘yin uning uchun alohida ahamiyatga ega, «Qizil iblislar» futbolchilarining barchasi buni yaxshi anglashadi.

«Tyerri biz bilan bo‘lib, o‘z maslahatlarini bergani yaxshiydi. Men hamisha unga katta hurmat bilan qarayman», dedi o‘yindan oldin Fransiya termasi tarkibida jahon chempionatiga kelgan Olivye Jiru.

Martines qanday sxemada o‘ynaydi?

Sankt-Peterburgdagi o‘yinga jamoalar deyarli yo‘qotishlarsiz yetib kelgan. Faqat Fransiyada zaxira futbolchilaridan biri, himoyachi Sidibe o‘yinga tayyor emas. Belgiya safida ham bitta yo‘qotish bor - chorak finalda Braziliyaga qarshi o‘yinda Neymarni ishonch bilan qo‘riqlagan himoyachi Toma Menye sariq kartochkalari sonini orttirib olgani tufayli bugun o‘yinga tusha olmaydi. 

Belgiyaliklarda yuqori saviyali himoyachilar ko‘p emas va Martinesda Menyening o‘rnini to‘ldirish muammo bo‘lishi mumkin. Guruh bosqichida hujumkor Ferreyra-Karrasko chap qanot himoyasiga qarashib turganini ko‘rgandik. Brazillarga qarshi o‘yinda Martines 3-5-2 sxemasida harakat qildi, ungacha jamoa asosan 4-3-3 sxemasida o‘ynab kelayotgandi. Menye o‘ng qanotda, Fertongen chap qanotda o‘ynadi, Ferreyra-Karrasko zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi.

Endi belgiyaliklarda yangi dilemma. Buni murabbiylar shtabi qanday hal qiladi? Uch himoyachi moduliga qaytiladimi? Mudofaadagi kemtiklarni yopish uchun Shodlidan foydalaniladimi? Yoki Eden Azarning ukasi Torgenga ishonch bildiriladimi? Variantlar ko‘p, ammo Fransiyaning reaktivlari Grizmann va Mbappe bu o‘yinda himoyaga avvalgi o‘yinlardagidan ko‘ra ko‘proq bosim uyushtirishi aniq.

Ammo Belgiyaning ham yarim himoya va hujum chizig‘i juda kuchli. Kevin de Bryuyne, Azar va Lukaku kabi futbolchilar o‘yin taqdirini yolg‘iz hal qila oladigan futbolchilar sirasidandir. Ular istalgan himoyani yorib o‘ta olishadi. Biz bugun turnirning eng qaqshatqich qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishimiz kafolatlangan. Bu o‘yin bo‘lajak chempion nomini aniqlab berishi tayin.

FRANSIYA – BELGIYA
10 iyul. Sankt-Peterburg. «Sankt-Peterburg». 23.00 (Rossiya 1).
Hakamlar: KUNYA. Taran, Espinosa (barchasi – Urugvay).
Diskvalifikasiya qilinganlar: yo‘q – MenYE.

Manba: www.tribuna.uz
Kiritildi: 12:40, 10.07.2018.
O'qildi: 4589 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.