O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi deyarli ikki hafta davomida Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazdi.
Ushbu yig‘in JCH-2018 sabab Pepsi Superligada yuzaga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish maqsadida tashkil etildi va avgust oyida Indoneziyada o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bosqichi vazifasini o‘tab berdi.
Qit’a musobaqasi dasturidan futbol turniri ham o‘rin olgan bo‘lib, Jakarta shahriga 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan tarkib topgan jamoalar tashrif buyuradi. Tabiiyki, ular orasida O‘zbekiston termasi ham bor.
Ma’lumot uchun, 1994 yili Yaponiyaning Xirosima shahrida o‘tkazilgan XII Osiyo o‘yinlarida Rustam Akramov va Birodar Abduraimov murabbiyligidagi vakillarimiz chempionlik shohsupasiga ko‘tarilgandilar.
Musobaqa reglamentiga ko‘ra, murabbiylar tarkibga 3 nafar 23 yoshdan katta futbolchilarni qo‘shib olish imkoniyatiga egalar. Demak, Ravshan Haydarov tez orada ana shu 3 futbolchining ism-sharifini oshkor qiladi.
Biz yig‘in yakunida termamiz darvozaboni Botirali Ergashev bilan bog‘lanib, undan intervyu oldik. Mavsum kashfiyotiga aylangan «Navbahor» posboni Superligada bir necha bor tur va oy darvozaboni bo‘lishga erishdi.
O‘z o‘yinlari bilan milliy jamoada ham jiddiy raqobatni yuzaga keltira oldi. Uning jamoasi «Navbahor» turnir jadvalida 28 ochko bilan 3-o‘rinni egallab turibdi. «Lochinlar» peshqadam «Paxtakor»dan 5 ochko kam jamg‘arishgan.
E’tiborlisi, namanganlik futbolchilar xuddi «Paxtakor» singari o‘z darvozalaridan 14ta o‘yinda 8ta gol o‘tkazib yuborishgan.
- Botirali, ta’til qanday o‘tdi? Jahon chempionati sabab yuzaga kelgan tanaffus paytidagi mashg‘ulotlar ko‘ngildagidek kechdimi?
- Qisqa muddatli ta’tilni ota-onam, oila a’zolarim davrasida o‘tkazdim. Ammo bu jarayon uzoq davom etmadi. Klub va olimpiya jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari boshlanib ketdi. Termamiz Osiyo o‘yinlariga, klubimiz esa Superliganing ikkinchi davra uchrashuvlariga tayyorgarlik ko‘ryapti.
Kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Oldinda bizni mavsumning oson bo‘lmagan uchrashuvlari kutib turibdi. Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan terma jamoa oldiga chempion bo‘lish vazifasi qo‘-yilgan. Qolaversa, xuddi shunday vazifa klubimizda ham yo‘q emas.
Ikkinchi davra o‘yinlari oldidan jamoamiz turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda. Tarkibda o‘zgarishlar bo‘lyapti. Safimizga nomdor futbolchilar kelib qo‘shilyapti.
O‘ylaymanki, mavsumning qolgan uchrashuvlarida ham mazmunli o‘yin ko‘rsatib, muxlislarimizni xushnud etishga intilamiz. Lekin oson bo‘lmasligi hozirdanoq ma’lum. Boisi, davralar oralig‘ida qolgan klublar ham o‘z tarkiblarini sezilarli darajada kuchaytirib olishdi.
- Birinchi davra o‘yinlari haqida nima deya olasiz?
- Chempionatimizda ijobiy tomonga o‘zgarish bo‘layotganini deyarli hamma e’tirof etyapti. Haqiqatan ham, milliy birinchiligimizda faqatgina nom o‘zgargani yo‘q. Superliga o‘z nomiga mos tarzda o‘tkazilyapti.
Shunchaki, o‘tkinchi o‘yinlar haqida gap bo‘lishi mumkinmas. Turnir jadvalining quyi qismida borayotgan klublar ham yetakchilardan bemalol ochko tortib olishyapti.
Qaysidir o‘yinning hisobi u yoqda tursin, hattoki, natijasini ham oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lib bormoqda. Yetakchi klublarimiz ham o‘z maydonida ochko yo‘qotmoqda. Bu holat chempionatimizga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi. Buni stadionga kelayotgan muxlislar sonidan ham bilib olsa bo‘ladi.
O‘ylaymanki, ikkinchi davra uchrashuvlari bundan ham qiziqarli kechadi. Shunday fikr yuritishga yetarlicha asoslar bor. O‘z o‘rnida, bizning jamoada ham katta o‘zgarishlar bo‘lyapti.
Klubda ichki muhit a’lo darajada, juda yaxshi shakllangan jamoaga egamiz. Bunda murabbiylarimizning roli katta bo‘lmoqda. Biz futbolchilar oldimizga qo‘yilgan maqsad yo‘lida mehnat qilyapmiz.
- Birinchi davrada «Navbahor» uchun kutilmagan natija bilan yakunlangan o‘yinlar bo‘ldimi?
- Albatta, bo‘ldi. Masalan, «So‘g‘diyona» bilan kechgan uchrashuvni bemalol kutilmagan o‘yinlar qatorida birinchi o‘ringa qo‘yishim mumkin. Jizzaxda kechgan uchrashuv biz uchun alamli mag‘lubiyat bilan yakunlandi.
«So‘g‘diyona»ga qarshi bahsda 2:0 hisobida oldinda borayotgandik. Lekin yakunda maydon egalari «kambek»ni amalga oshirishdi va 3:2 hisobida zafar quchishdi.
- Bunga o‘zlaring sababchi bo‘ldinglarmi yoki «So‘g‘diyona» futbolchilari favqulodda kuchli o‘yin namoyish etishdimi?
- Yo‘q, hamma ayb o‘zimizda. Ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinga chiqib olganimizdan so‘ng futbolchilarda xotirjamlikka berilish holati kuzatildi. Bundan esa mezbonlar unumli foydalanib qolishdi.
- Ikkinchi davradan nimalar kutyapsiz?
- Takrorlayman, kutilmagan o‘yin-lardan hech kim kafolatlanmagan. Menimcha, ikkinchi davrada ham bunday natija bilan yakunlanadigan uchrashuvlar yetarlicha bo‘ladi. Yuqorida aytganimdek, jamoamizga yangi futbolchilar kelib qo‘shilmoqda. Tarkibni kuchaytirish holati boshqa klublarda ham kuzatilyapti.
Bir narsani ishonch bilan ayta olamanki, muxlislar ikkinchi davradagi o‘yinlardan aslo zerikib qolishmaydi. Qolaversa, oldinda ikkinchi bosqich uchrashuvlari ham bor.
Olti jamoa ishtirokidagi sovrinli o‘rinlar uchun kechadigan o‘yinlarni ham ko‘pchilik sabrsizlik bilan kutyapti. Bundan tashqari, Osiyo o‘yinlari bor, futbol ixlosmandlari bu musobaqadan ham bahra olishadi. Biz futbolchilar ularning ishonchini oqlashga harakat qilamiz.
- «Navbahor» oldiga qanday vazifa qo‘yilyapti?
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.