Reyting - qiziqarli ro‘yxat. To‘g‘ri, hamma ham turli-tuman reytinglarga ishonavermaydi. Soccer.ru sayti esa ular qandaydir asosga egaligini bitta «raqamlashtirilgan» futbol ro‘yxati misolida ko‘rib chiqdi.
Bu reyting yevromavsum-2017|2018 yakuni bo‘yicha tuzilgan. Ya’ni uning jahon chempionati ko‘rsatkichlariga umuman daxli yo‘q.
Futbol - bu ijodiy jarayon. U gohida matematik hisob-kitoblarga aslo bo‘ysinmaydi. Ya’ni o‘yinchilarning ko‘rsatkichlariga bog‘liq tahliliy aniq raqamlar ba’zida mantiqqa umuman to‘g‘ri kelmaydi. Umuman, futbol shunisi bilan ham qiziq. O‘yinlar va ularning atrofidagi voqealarni turlicha muhokama qilish mumkin.
Bunday keng «tahlil maydoni» boshqa biror sport turida mavjud emas. Asosiysi, futbol shunisi bilan ob’ektiv o‘yinki, yakunda hammasini tablodagi hisob aniqlaydi. Ha, boshqa sport turlarida ham shunday. Ammo tan olish kerak, futbol natijasi va deylik, yengil atletikachi qayd etgan ko‘rsatkich o‘rtasida katta farq bor.
Axir birida ko‘p narsani qandaydir soniyalar yoki metrlar hal qiladi va ularni ob’ektiv o‘lchash imkoni bor, ikkinchisida esa, golni yuzaga keltirgan holatni aniq raqamlar bilan ifodalash mumkin emas. Xullas, futbolda natijani ta’minlaydigan faktorlarning sanog‘i yo‘q - hujumchining mohirligi, himoyachining xatosi, darvozabonning omadsizligi, qolaversa, maydon holati...
Shunga qaramay, tahlilchilar futbolni ham qandaydir matematik formulaga solish asnosida eng yaxshi ijrochilarni aniqlashga urinishadi. Bu masalada katta matematik modellar ham ishlab chiqilgan bo‘lib, ular vositasida tablodagi hisob maydonda ko‘rsatilgan real o‘yinga nechog‘li muvofiq ekanligini ko‘rib chiqish imkoni bor. Ammo hammasi nisbiy xarakterga ega.
Chunonchi, tushunarliki, raqib jamoalarning o‘yinga yondashuvi va uslubi turlicha bo‘ladi. Misol uchun, qaysidir klub muntazam ravishda ikkinchi raqam ostida o‘ynash asnosida natijaga erishishni o‘ylaydi. Lekin bu hol uning boshqalardan zaifligini anglatmaydi aslo.
Hammasi taktikaga bog‘liq - kimdir chiroyli futbolni ustun qo‘yadi, boshqasi natija yo‘lida mazmunli harakatlardan shunchaki, voz kechib qo‘ya qoladi. Shuni hisobga olsak, futbolda eng yaxshilarni aniqlash ancha mushkul.
Futbolni matematik formulaga solishga urinayotgan tashkilotlardan biri - bu CIES Football Observatory. Uning baholash tizimi turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: klublar salohiyati, futbolchilarning foydali ish koeffisiyenti va ularning transfer narxi.
Deylik, CIES Football Observatory tahlilchilari klublar tomonidan muayyan futbolchilar uchun belgilangan transfer narxi reallikka nechog‘li to‘g‘ri kelishini aniqlashga urinishgan. Ular bunda o‘yinchining bozor narxini belgilaydigan o‘sha mashhur transfermarkt.de sayti ma’lumotlari va yakunda klub tomonidan uning aynan qanchaga sotilganini o‘zaro tahlil qilishgan.
Aytish mumkinki, tashkilot futbolchi salohiyati va istiqbolini taxminan baholashda ma’lum tajribaga ega va barchasida real asoslarga tayanadi. Ha, narxni «muvofiqlashtirish»da klublar navbatdagi yulduzni qanchaga sotishi yoki xarid qilishi xususidagi xabarlar emas, balki asosan transfermarkt.de ma’lumotlaridan foydalaniladi.
Muhimi, CIES Football Observatory o‘z algoritmi nisbatan asosli bo‘lishi uchun har mavsum yakunida futbolchilarning effektlilik darajasini belgilash uchun maxsus reyting tuzishni ham yo‘lga qo‘ygan.
Mavsum-2017|2018 bo‘yicha tayyorlangan reytingga Yevropaning kuchli 5ta milliy ligasida kamida 1800 daqiqa o‘ynagan barcha futbolchilar kiritildi. Birgina ististo bor: Germaniya Bundesligasida jamoalar soni ozligi uchun 1440 daqiqadan ko‘p harakatlanganlarga e’tibor qaratildi.
Tushunarliki, hamma bu kabi reytinglarda birinchi navbatda, Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu va Neymarni qidiradi. Yangi ro‘yxatga qarasak, JCHda yana omadsizlikka yuz tutgan argentinalik yulduz yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi - 1-o‘rin. Biroq uning asosiy raqibi - Krishtianu Ronaldu atigi 16-qatorda.
Braziliyalik Neymar esa kuchli 20talikda ham yo‘q. Messining yetakchi bo‘lgani o‘z-o‘zidan tushunarli - u Ispaniya chempionatining so‘nggi mavsumida ideal futbol ko‘rsatdi, buni statistik ko‘rsatkichlar bilan ham tasdiqladi.
Qiziq, Ronaldu nega atigi 16-pog‘onada?..
InterFutbol.uz ning Telegram dagi sahifasiga ulaning – eng so‘nggi yangiliklar, qiziqarli bloglar va tahliliy materiallar endi bir to‘plamda.