Superliganing 19-turida «Qo‘qon-1912» Jizzaxning «So‘g‘diyona» jamoasini qabul qildi va 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
82-daqiqada, hisob 1:1 bo‘lib turgan vaziyatda, mezbonlar futbolchisi Quvondiq Ro‘ziyev jarima maydoniga kirib borib, yiqildi. Vaziyatga yaqin turgan bosh hakam Ahrol Risqullayev esa zudlik bilan penalti belgiladi. Murod Xolmuhamedov 11 metrli nuqtada adashmadi hamda jamoasiga g‘alaba keltirgan golga muallif bo‘ldi.
O‘yinning sharhiga bag‘ishlangan videoda bu vaziyatni 3-daqiqa 50-soniyadan boshlab ko‘rish mumkin. Ro‘ziyev katta tezlikda jarima maydoniga kirgan va chiroyli tarzda «sho‘ng‘igan». Uni ta’qib qilib kelayotgan himoyachi esa hech qanday qo‘pollik qilmagan. Penalti belgilanganidan so‘ng, jizzaxlik futbolchilar hakamning nohaq qaroridan g‘ayritabiiy ravishda qattiq darg‘azab va norozi bo‘lganini ko‘rish mumkin.
Qayd etish kerakki, qo‘qonliklar ushbu mavsumda sakkizinchi marta penaltidan gol urmoqda. Jamoaning mavsumda urgan gollarining qariyb yarmi hakamlar 11 metrli nuqtani ko‘rsatganidan keyin urilgan.
Avvalroq, «Qo‘qon-1912» - «Metallurg» o‘yinida ham mehmonlar hakam tomonidan 2ta penalti bilan «o‘ldirilgani» haqidagi video chiqqan edi. Ammo na PFL va na O‘FA bu holatga hech qanday izoh bermadi.