Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

MOQda sportchilarimizni Osiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi va yangi sport ekipirovkalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

MOQda sportchilarimizni Osiyo o‘yinlariga kuzatish marosimi va yangi sport ekipirovkalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Baho:
+ | -

Yana bir necha kundan so‘ng, aniqrog‘i 18 avgust kuni Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida XVIII Osiyo o‘yinlari start oladi. Bugun, 7 avgust kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida ushbu musobaqada ishtirok etadigan sportchilarimizni rasmiy kuzatish marosimi tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov, Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezident devoni mas’ul xodimi Zafar Bakiyev, Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov, yetakchi sportchilarimiz, sport federasiyalari vakillari va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

“O‘zbekiston sport delegasiyasi muhim musobaqa ostonasida turibdi. Yana bir necha kundan so‘ng Indoneziyada XVIII Osiyo o‘yinlari start oladi. Yaqinlashib kelayotgan musobaqa biz uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi. Chunki, milliy sportimiz – Kurash aynan ushbu Osiyo o‘yinlaridan boshlab musobaqa dasturiga kiritildi. Bu o‘zbek sportining navbatdagi yutug‘i bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ulkan hajmda ish olib borildi. Yetarli sharoitlar yaratib berildi. Shuni unutmangki, ortingizda xalqimiz va Prezidentimiz turibdilar. Bor mahoratingizni ko‘rsatib, o‘zbek yoshlari nimalarga qodir ekanliklarini namoyish eting. Ishonamanki, musobaqa har doimgidan ham omadli bo‘ladi. Oy borib, medallar shodasi bilan qaytinglar”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev ham so‘zga chiqib, sportchilarimizga omad tiladi.

“Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan sportchilarga omad tilaymiz. Shaxsan Prezidentimiz sizlardan muvaffaqiyatli ishtirok kutmoqdalar. Jismoniy tarbiya va sport vaziri lavozimiga yaqinda tayinlandim. Nasib qilsa, qaytib kelganingizdan so‘ng uchrashamiz, bafurja suhbatlashamiz. O‘yinlarda barchaga omad tilayman. Osiyo o‘yinlarida medallarimiz ko‘p bo‘lsin. Yorug‘ yuz bilan kutib olaylik”, – dedi Dilmurod Nabiyev.

Shundan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Jasur Matchanov O‘zbekiston sport delegasiyasi uchun eksklyuziv tarzda ishlab chiqarilgan sport liboslari haqida gapirdi.

“Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegasiyasiga chet el kompaniyalari tomonidan qiziqish bu darajada bo‘ladi deb o‘ylamagandik. Sport ekipirovkalari bo‘yicha chet el kompaniyalari bizga taklif bilan chiqishdi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Xitoyning «QIERTE Co. Ltd» kompaniyasi tomonidan PRES-JOG brendi ostidagi sport liboslarini tanladi. Ekipirovkalarni tanlashda Indoneziyaning subtropik iqlimi, u yerning yomg‘irli ob-havosi hisobga olindi. Umid qilamanki, ushbu liboslar biz uchun omadli bo‘ladi”, – dedi Jasur Matchanov.

So‘ngra, Aziz Abduhakimov delegasiyamiz bayroqdori Isroil Madrimovga tantanali ravishda O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘ini topshirdi.

“Ushbu katta va mas’uliyatli vazifa menga topshirilganidan benihoya xursandman. Sharafli vazifani qo‘ldan kelganicha oltin medal bilan oqlashga harakat qilaman. Menda oltin medalni qo‘lga kiritishim uchun yetarlicha motivasiya bor. Chunki, oldingi Osiyo o‘yinlarida finalgacha yetib borib, kumush medalni qo‘lga kiritgandim. Endi uni oltinga aylantiraman. Indoneziyadagi musobaqada barcha sportchilarimizga omad tilayman”, – dedi Isroil Madrimov.

Tadbir davomida shuningdek, Rio Olimpiadasi chempioni Hasanboy Do‘smatov so‘zga chiqib, oldinda turgan musobaqa nihoyatda mas’uliyatli ekanligi haqida gapirdi.

“Sanoqli kunlardan so‘ng barchamiz uchun muhim va nufuzli musobaqa boshlanadi. Biz sportchilar Indoneziyada bor kuchimiz bilan harakat qilamiz. Yaratilgan sharoitlar uchun muhtaram yurtboshimiz, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va O‘zbekiston boks federasiyasiga minnatdorchilik bildiramiz. Osiyo o‘yinlarida oltin medal bilan yurtdoshlarimizni xursand qilamiz”, – dedi Hasanboy Do‘smatov.

Eslatib o‘tamiz, 18 avgust kuni boshlanadigan Osiyo o‘yinlarida yurtimiz sharafini 232 nafar sportchi 30ta sport turida himoya qiladi. O‘z navbatida Milliy olimpiya qo‘mitasi ham yaqinlashib kelayotgan Osiyo o‘yinlarida sportchilarimizdan muvaffaqiyatli ishtirokni kutib qoladi.

  

Manba: www.olympic.uz
Kiritildi: 16:36, 07.08.2018.
O'qildi: 1607 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.