Osiyo o‘yinlaridagi tarixiy va omadli yurishdan so‘ng Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbari Umid Ahmadjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Tashakkurnoma yo‘lladi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida Osiyo o‘yinlari nihoyasiga yetib bormoqda. Ushbu musobaqa O‘zbekiston sporti uchun har tomonlama muvaffaqiyatli o‘tdi. Biz barcha jabhalarda rekordlarni yangiladik. Medallar soni bo‘yicha ham, sifati bo‘yicha ham o‘zbek sporti tarixidagi eng yaxshi Osiyo o‘yinlari bo‘ldi.
Qolaversa, musobaqa davomida Sizning farzandlaringiz Osiyo o‘yinlari rekordlarini ham yangiladilar. Svetlana Radzivil balandlikka sakrash bo‘yicha uch karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylanish bilan birga, 2010 yilda o‘zi o‘rnatgan rekordni yangiladi.
Shuningdek, Ruslan Nurutdinov og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo o‘yinlarining yangi rekordchisiga aylandi. Vadim Menkov baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha to‘rt karra Osiyo o‘yinlari g‘olibiga aylandi. Bu borada Vadim o‘zbekistonlik sportchilar ichida ushbu natijaga erishgan birinchi sportchi bo‘ldi.
Jakarta va Palembang shaharlarida farzandlaringiz sharafiga 21 marotaba Ona vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrog‘imiz balandga ko‘tarildi. Osiyo o‘yinlari davomida 21 ta oltin, 24 ta kumush va 25 ta bronza medallar bilan umumiy hisobda 70 ta medalga ega chiqdik va Osiyo o‘yinlari tarixida o‘zbek sporti uchun yangi sahifa ochdik.
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Ushbu yutuqlar zamirida Sizning sportchilarga bo‘lgan g‘amxo‘rligingiz, yaratib bergan sharoitingiz, biz sport ahliga ko‘rsatgan yuksak e’tiboringiz yotibdi. Biz bundan juda ham minnatdormiz. Jakarta va Palembangda vatan sha’ni uchun kurashga chiqqan har bir farzandingiz qalbida chuqur iftixor tuyg‘ularini his qilgan holda jangga kirishdi va yakunda O‘zbekiston Osiyo o‘yinlaridagi eng yaxshi natijasini qayd etdi. Shu orqali o‘zbek sportchilari Eng ulug‘, Eng aziz bayramimiz – Mustaqilligimizning 27 yillik tantanalariga xalqimiz va shahsan Siz uchun ajoyib sovg‘a tayyorladilar.
Kuni kecha bayram nutqida sportchi yoshlarimiz va ularning ota-onalari, ustoz va murabbiylari tomoniga yo‘llagan iliq va samimiy fikrlaringiz sportchilarimizni shu qadar ruhlantirdiki, ular musobaqaning so‘nggi kunida matonat va mardlik namunasini namoyish etib, bir kunda 6 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medaliga ega chiqa oldilar va medallar sonini umumiy hisobda 70 taga yetkazdilar. Bu natija orqali biz o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdik.
Fursatdan foydalanib, Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan barcha farzandlaringiz, butun mamlakatimiz sport oilasi, Olimpiya harakati ishtirokchilari nomidan Sizga chuqur minnatdorchilik izhor etishga ijozat bergaysiz.
Bizga ko‘rsatilgan yuksak e’tibor, yaratib berilgan sharoitlardan behad minnatdormiz. Bu yutuqlar eng avvalo Sizniki, xalqimizniki, har bir yurtdoshimizniki! Biz buni juda ham qadrlaymiz va hurmat qilamiz. Nasib qilsa Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlarida ham qaddimizni baland tutishga, millionlab yurtdoshlarimizni oltin va kumush medallar bilan hursand qilishga, jonajon diyorimizni butun dunyoga yanada mashhurroq qilishga so‘z beramiz. Barchasi uchun rahmat Sizga, Shavkat Miromonovich!
Hurmat bilan,
Umid Ahmadjonov.
Ayni vaqtda O‘zbekiston sport delegasiyasining umumjamoa hisobidagi medallar soni 70 taga yetdi, ularning 21 tasi oltin, 24 tasi kumush va yana 25 tasi bronza hisoblanadi.