Xabaringiz bor, 6-18 oktyabr kunlari Argentina poytaxti Buenos-Ayres shahrida III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston delegasiyasi tarkibida 37 nafar yoshlarimiz sportning 16 turi bo‘yicha bahslarda ishtirok etadi.
Bugun, 2 oktyabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi binosida o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimizni rasmiy kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Axmatdjanov hamda Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyevlar ishtirok etishdi.
Tadbir davomida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, musobaqada yurtimiz sharafini himoya qiladigan sportchilarimizga omad tiladi.
«Yaqindagina Jakartada bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida muvaffaqiyatli qatnashgan sportchilarimizni katta tantanalar bilan kutib olgandik. Endi esa navbat sizga keldi. O‘smirlar Olimpiya o‘yinlari sportchi va murabbiylar uchun o‘z imkoniyatini namoyish etib, Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatdir. Avvalgi Olimpiya o‘yinlarida o‘smirlarimiz 10 ta medal qo‘lga kiritishgandi. Sizlar ushbu natijani yaxshilashning uddasidan chiqa olasizlar. Yaqinlashib kelayotgan musobaqada sportchilarimizga muvaffaqiyatlar tilaymiz. Umid qilamizki, sizlarni medallar shodasi va yangi rekordlar bilan kutib olamiz», – dedi Bosh vazir o‘rinbosari.
So‘ngra, Aziz Abduhakimov III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlarida delegasiyamiz bayroqdori vazifasini bajaradigan erkin kurashchimiz Muhammadrasul Rahimovga davlatimiz bayrog‘ini topshirdi.
Delegasiyamizning asosiy qismi 4 oktyabr kuni tunda poytaxtimizdan Buenos-Ayresga jo‘nab ketadi.
Milliy olimpiya qo‘mitasi ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etadigan sportchilarimizga omad va muvaffakiyatlar tilaydi.