Oldinroq xabar berganimizdek, Ispaniyaning Madrid shahrida 24-25 sentyabr kunlari Butunjahon futbol sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammitda O‘zbekiston Professional futbol ligasi Bosh direktori Omon G‘ofurov boshchiligidagi delegasiya ishtirok etdi.
Sammit doirasida delegasiyamiz vakillari Evropaning bir qancha futbol jamoatchiligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, bir qator loyihalarni amalga oshirishga kelishib olgan edi.
Jumladan, Evropaning eng yetakchi chempionatlari qatoriga kiruvchi Germaniya Bundesligasining xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Bernd Vilms bilan muzokara o‘tkazilib, O‘zbekiston Professional futbol ligasi hamda Bundesliga o‘rtasida bir qancha yo‘nalishlarda, jumladan muxlislar bilan ishlash bo‘yicha hamkorlik qilish uchun memorandum imzolashga kelishib olingan edi.
Bundesliga stadionlarning uchrashuvlar vaqtida to‘lib-toshishi borasida dunyodagi eng yaxshi ko‘rsatgichlarga ega chempionatlardan biri sanaladi. Aynan shu sababdan O‘zbekiston Professional futbol ligasi Bundesliga tajribasini o‘rganib, yurtimizda futbol ishqibozlarining milliy chempionatimizga qiziqishlarini orttirish, Superliga uchrashuvlariga yanada ko‘proq muxlislar tashrif buyurishini ta’minlash bo‘yicha ish olib boradi.
Hamkorlik doirasida noyabr oyida germaniyalik mutaxassislarning yurtimizga tashrif buyurishi ko‘zda tutilmoqda. Bundesliga vakillari Germaniyada muxlislar bilan ishlashda asosan qanday jihatlarga e’tibor qaratishi, o‘yinlarga muxlislar tashrifini ko‘paytirish bo‘yicha qanday dasturlar amalga oshirilishi, Bundesliga o‘yinlari vaqtida stadionlar doimo to‘la bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha qanday chora-tadbirlar ko‘rilishi borasida batafsil ma’lumot berishadi va o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, nemis tajribasini O‘zbekistonda tadbiq etishda o‘z tavsiyalarini berishadi.