Kirish Ro'yxatdan o'tish
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted

Unutilayozgan g‘alabalarning totli ta’mi

Unutilayozgan g‘alabalarning totli ta’mi

Baho:
+ | -

O‘zbekiston terma jamoasi mazmunli o‘yin namoyish qilib, nihoyat, ketma-ket ikkita yutuqqa erishdi. G‘alabaning ta’mini deyarli unutayozgandik. Ancha totli ekan, garchi u o‘rtoqlik o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan bo‘lsa-da...

ASOSIY TARKIBNI ANIQLASH ILINJIDA

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper oktyabr oyidagi ikkita o‘rtoqlik o‘yini orqali futbolchilarni sinovdan o‘tkazib, asosiy tarkibni aniqlab olishga harakat qilayotgani yaqqol ko‘zga tashlandi. Uch kun oldin KXDRga qarshi bo‘lib o‘tgan bahsda argentinalik mutaxassis asosan tajribali futbolchilarga tayangan bo‘lsa, Qatarga qarshi o‘yinda ko‘proq yoshlarga umid bildirildi. «Qo‘qon-1912» darvozaboni O‘tkir Yusupov O‘zbekiston terma jamoasi safidagi debyutini nishonladi. Himoyaning qanotlari bu safar Oleg Zoteev (chap) va Akmal Shorahmedov (o‘ng)ga ishonib topshirildi. Javohir Siddiqov yarim himoya va hujumni bog‘lovchi vazifasini bajargan bo‘lsa, Odil Ahmedov nisbatan erkinroq harakat qildi: u ham tayanch zonasida, ham vaziyatga qarab oldinroqqa o‘tib o‘ynadi. Odil Hamrobekov ko‘proq himoyaga yordam berdi. Qanot yarim himoyachilari sifatida Kuper «Lokomotiv» futbolchilari — Ikrom Aliboyev va Husniddin G‘ofurovni sinovdan o‘tkazdi. Avvalgi o‘yinda qanotda o‘ynagan Shomurodov, bu safar yagona nominal hujumchi sifatida maydonga tushirildi. Faqatgina Anzur Ismoilov va Yegor Krimes yana markaziy himoyada harakat qilishdi.

TARTIB, INTIZOM, PRESSING

Kuper O‘zbekiston termasidagi ishni o‘yinimizga tartib-intizomni joriy qilishdan boshladi. Futbolchilar murabbiyning qat’iy ko‘rsatmasi asosida harakatlanishlari lozim. Tartib esa, avvalo, himoyadan boshlanadi. Bundan tashqari, o‘yinchilarimiz raqibdan to‘pni imkon qadar tezroq olib qo‘yish maqsadida jamoaviy pressingda ishtirok etishlari shart. Jismoniy jihatdan katta kuchni talab qiladigan ushbu jarayonga futbolchilarimizning ko‘nikma hosil qilishlari oson kechmayapti. To‘p bilan o‘ynashni yaxshi ko‘radigan o‘zbek futbolchilarini to‘psiz tinimsiz harakatga solish oson kechmasligi aniq. Shunga qaramay, vakillarimiz bu o‘yin uslubini ham o‘zlashtirishga intilishmoqda.

O‘zbekistondan farqli o‘laroq, Feliks Sanches Bas bir yildan ortiqroq vaqt mobaynida Qatar terma jamoasini shakllantirib kelmoqda. Ushbu mutaxassis ham pressingga kuchli e’tibor qaratayotgani ko‘zga tashlandi. Bu esa termamiz hujumga o‘tayotgan pallada jiddiy muammo yaratdi. Birinchi bo‘limning ikkinchi yarmiga kelib, Kuper shogirdlari raqib darvozasi oldida xavfli vaziyatlarni yuzaga keltira boshlashdi. Javohir Siddiqov pleymeyker pozisiyasida o‘ynagan bo‘lsa-da, tez yugura olish qobiliyatini namoyish qilib, raqib darvozasi tomon xavf solib turdi. Qatar posboni Yusuf Hassanning qo‘pol xatosidan keyin Siddiqov to‘pni egallab oldi, ammo u bo‘sh qolgan darvoza tomon zarba berishni biroz paysalga solgani bois, vaziyat qo‘ldan chiqdi. Birinchi bo‘lim so‘ngida esa Abdulaziz Hatim Muhammad 20 metrlardan zarba yo‘llab, Yusupov qo‘riqlayotgan darvoza ustunini nishonga oldi.

ODIL, BARIBIR, ODIL!

Ikkinchi bo‘lim avvalida ham qatarliklar faol o‘yin namoyish qilishdi. Terma jamoamiz shoshmadi, pressingga pressing bilan javob qaytardi. Raqib imkon berganda esa oldinga tashlandi. Bahsning 62-daqiqasida yaxshigina standart vaziyatga ega bo‘ldik. Siddiqov tomonidan yetkazilgan burchak to‘piga Anzur Ismoilov 5 metrdan bosh bilan zarba berdi. Ammo himoyachimizga aniqlik yetishmadi.

O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov kerakli pallada mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan qo‘rqmaydi. Ikkinchi bo‘limda u ko‘proq oldinga o‘ta boshladi. Uchrashuvning 69-daqiqasida «Shangxay SIPG» futbolchisi Shomurodov bilan «devor» uslubida o‘ynab, darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi. Ammo Odil so‘nggi pallada zarba berishga ulgurmadi. Yusuf Hassan to‘pni egallab oldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, Ahmedov hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Siddiqov-Hamdamov-SHorahmedov o‘ng burchakdagi bayroq yonida o‘zaro kombinasiya tashkil qilishdi va Akmal to‘pni yuqoridan darvoza oldiga yetkazib berdi. Ahmedov baland sakrab darvoza tomon zarba berdi. To‘p raqib jamoa posbonining qo‘liga tegib, so‘ng to‘rga borib tushdi.

QATAR HAM CHAKKI EMAS

Shu paytgacha biroz ehtiyotkor o‘yin namoyish qilayotgan qatarliklar o‘tkazib yuborilgan goldan keyin darhol katta kuch bilan oldinga tashlanishdi. Ularning hamlasini qaytarish terma jamoamizga oson bo‘lgani yo‘q. Bahsning 76-daqiqasida Ali al Moyez chap qanotdan yorib kirdi hamda O‘tkir Yusupov va himoyachilarmizning o‘zaro tushunmovchiligidan foydalanib, jamoadoshiga bir amallab uzatma berdi. Endigina zaxiradan maydonga tushgan Ahmad Abdulmutal yaqin masofadan zarba yo‘lladi. To‘p avval Ismoilovning oyog‘iga tegdi, so‘ngra yerda yotgan Zoteev uni boshi yordamida qaytarishga muvaffaq bo‘ldi!

Hujumkorlikka zo‘r berayotgan Qatar 86-daqiqada xatoga yo‘l qo‘ydi. Ahmedov o‘z jarima maydonchamiz tashqarisida to‘pni egalladi va qarshi hujumga asos soldi. Uning aniq uzatmasidan keyin Bikmayev yakkama-yakka vaziyatga chiqib borib, «parashyut» uslubida darvozani ishg‘ol qildi - 2:0! Bu ancha ishonchli g‘alaba edi.

Hisob yirik ko‘rinishga kelishi ham hech gap emasdi. Dostonbek Hamdamov raqib jarima maydonchasi atrofida bir himoyachini ikki marta aldadi va 14 metrlardan zarba berdi. Ammo afsuski, to‘p ancha yuqoriga ko‘tarilib ketdi.

KELAJAKKA UMID

KXDR va Qatarga qarshi o‘yinlar bor-yo‘g‘i o‘rtoqlik maqomida bo‘lsa-da, unda qo‘lga kiritilgan g‘alabalar muxlislarimizni ancha xursand qildi. Boisi, terma jamoamizning g‘alabalarini ancha sog‘inib qolgandik. Ektor Kuper amalga oshirayotgan ishlar ko‘zga tashlana boshladi. Bu esa ishqibozlarda O‘zbekiston terma jamoasiga bo‘lgan ishonchni qaytardi. Bunisi hammasidan ham muhimroq. Yanvar oyida Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogiga ko‘p vaqt qolmadi. Bu musobaqani intizorlik bilan kutamiz. 

Olimxo‘ja BO‘RONOV

Kiritildi: 16:35, 22.10.2018.
O'qildi: 3347 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.