Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Sanjar Shoahmedov: «Revansh haqida gapirish ortiqcha»

Sanjar Shoahmedov: «Revansh haqida gapirish ortiqcha»

Baho:
+ | -

O‘zbekiston Superligasi 26-turida mavsumning hal qiluvchi o‘yinlaridan biriga guvoh bo‘ldik. «Poytaxt derbisi» - ta’qibchi «Paxtakor» va peshqadam «Lokomotiv» o‘rtasidagi qarama-qarshilikka bejiz «chempionlik o‘yini» sifatida qaralmadi.

«Sherlar» o‘zaro to‘qnashuvga qadar «temiryo‘lchilar»dan 3 ochko ortda qolishayotgan va raqibga tenglashish imkoniyatiga ega edilar.

Ammo derbiga yuqori kayfiyatda tayyorgarlik ko‘rgan Andrey Fyodorov shogirdlari ishonchli g‘alabaga erishib, o‘rtadagi tafovutni 6 ochkoga yetkazib qo‘yishdi. Ular yana kubok chorak finalidagi mag‘lubiyat uchun munosib revansh olishdi.

Yodingizdadir, «Paxtakor» stadionida o‘tkazilgan o‘sha bahsda Shota Arveladze shogirdlari 4:0 hisobida ustun kelishgandi.

Xullas, Superliga finishiga 6ta tur qolgan pallada «Loko» chempionlikka ancha yaqinlashdi. Biz «Poytaxt derbisi»dan so‘ng mehmonlar vakili - yarim himoyachi Sanjar Shoahmedovni maxsus suhbatga tortdik.

- Sanjar, g‘alabaning muhim omili sifatida qaysi jihatni tilga olasiz?

- O‘ylashimcha, eng asosiy omil - bu hamjihatlik. Yigitlar butun o‘yin davomida bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilishdi. G‘alabaga ishtiyoqimiz ham baland edi. Bu kabi o‘yinlarda bitta xato ham qimmatga tushishi ta-yin. Murabbiylarimiz bu borada bizni qayta-qayta ogohlantirishdi. 

Maydonga tushishdan oldin birinchi raqam ostida o‘ynash haqida ko‘rsatma berildimi yoki vaziyatga qarab harakatlanish buyurildi?

- Oldimizga bitta vazifa qo‘yildi - g‘alaba qozonish. Tabiiyki, g‘olib chiqish uchun raqib darvozasini ishg‘ol etish talab qilinadi. Shuni inobatga olgan holda, ilk daqiqalardan hujumga o‘tdik. Natijada maydon egalari darvozasini bir emas, 3 marta ishg‘ol qildik.

- Lekin tavakkalchilik bor edi: «Paxtakor» xuddi kubok bahsidagi kabi qarshi hujumlarda sizlarni jazolashi hech gap emasdi...

- Ha, to‘g‘ri. Lekin «Lokomotiv» uyda o‘ynaydimi yoki safarda - hamisha hujumkor futbolga tayanadi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. To‘g‘ri, himoyani ham unutmadik. Standart vaziyatlarni inobatga olmaganda, 2-3 nafar futbolchimiz orqada qolib, himoyadan chiqmadi. Ular hujumga qo‘shilganlarida o‘rinlarini boshqa futbolchilar «yopib» turishdi. Umuman, himoya va hujum uyg‘unligi oldindan rejaga kiritilgandi.

Kubok yarim finalidagi mag‘lubiyat uchun revansh olindi, deyish mumkinmi?

- Ochig‘i, bu uchrashuvga kubokdagi mag‘lubiyat uchun alam olish imkoniyati sifatida qaramagandik. Demak, revansh haqida gapirish ortiqcha. Maqsadga erishish uchun chempion bo‘lishimiz kerak. Buning uchun esa birinchi galda, «Paxtakor»ni mag‘lubiyatga uchratishimiz talab etilardi. Oldimizda turgan birinchi vazifani bajardik. Endi qolgan bahslarda ham bugungidek shiddatni saqlab qolsak, bas.

Umuman, «Paxtakor - «Lokomov» uchrashuviga «chempionlik o‘yini» sifatida qaralishi to‘g‘rimi?

- Yo‘q! Chunki oldinda hali 6ta tur bor. Kuchli oltilikdan joy olgan har bir jamoa «Lokomotiv»ni yengishi mumkin. Chempionlik rasman qo‘lga kiritilmaguniga qadar xotirjam tortishga haqqimiz yo‘q.

- Shunday, lekin chempionlik marrasiga juda yaqin kelganinglar ham fakt.

- Ha, imkoniyatimiz ancha yaxshi. Lekin chempionlik masalasi uzil-kesil hal bo‘lganicha yo‘q. Qolaversa, kuchli oltilikdagi har bir jamoada o‘ziga yarasha maqsadi bor. Umuman, kamida 2ta ta’qibchimiz hali chempionlikdan umid uzmagan.  

Demak, «Paxtakor» bilan teng miqdorda ochko to‘plagan «Navbahor» ham kurashdan chetda emas, shundaymi?

- Ha, «Navbahor» ham chempionlikdan umidvor. Unda kamida 2-o‘rinni egallash uchun real imkoniyat bor.

Quyi guruhda o‘yinlar rasmiyatchilik uchun o‘tkazilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Bu borada fikringiz qanday?

- Ikkinchi oltitalik doirasidagi uchrashuvlarni ham imkon qadar ko‘rib boryapman. Shaxsan menda siz aytgan taassurot yo‘q - o‘yinlarda shiddat ko‘zga tashlanyapti. To‘g‘ri, o‘tkinchidek ko‘ringan 1-2ta uchrashuv bo‘lishi mumkin. Ammo umumiy holatga past baho berish noto‘g‘ri, menimcha.

Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi 

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 07:21, 25.10.2018.
O'qildi: 1763 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.