Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti 1-1 Everton
26/12 20:00 Bornmut 0-0 Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi 1-2 Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl 3-0 Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest 1-0 Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Superliga-2018: Yana atigi besh qadam qoldiya...

Superliga-2018: Yana atigi besh qadam qoldiya...

Baho:
+1 | -1

Yangicha ko‘rinish olgan milliy birinchiligimiz elit divizioni tobora finishga yaqinlashmoqda.

O‘tgan hafta uchinchi davra o‘yinlari ham xotima topdi. Demakki, oldinda hal qiluvchi ahamiyatga ega yakuniy davra qoldi. Boshqacha aytganda, chempionat karvonini manzildan atigi 5 qadam - 5 tur ajratib turibdi.

Bu vaqtda Superliga peshqadami «Lokomotiv» mutlaqo xotirjam: «temiryo‘lchilar» 27-turda «Navbahor»ni qabul qilib, navbatdagi 3 ochkoni qo‘lga kiritishdi.

Ikkinchi tomondan, «Paxtakor» hali umid uzgan emas: «sherlar» bu safar «Bunyodkor» maydonidan g‘alaba bilan qaytib, «Loko»ning yanada uzoqlashishiga yo‘l qo‘yishmadi.

1-KUN: «NASAF» («AJDAR») NAFASI

23 oktyabr kuni bo‘lgan 3ta o‘yin tafsilotlarini gazetamizning payshanba sonida yozgandik, shuning uchun ularga keng to‘xtalish shart emas. Faqat ayrim faktlar va jihatlarga birrov nazar solamiz. «Nasaf» o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ni bemalol yengib (3:0), g‘alabali seriyasini 3ta o‘yinga yetkazdi. Ha, «ajdar» nafasi endi sezilmoqda. Qarshidagi bahsda Bobur Abduxoliqov «dubl»ga erishdi, yana bir gol Sharof Muhiddinov nomiga yozildi. Ikkinchi guruh g‘olibi bo‘lishga da’vogar «Qizilqum» va AGMK o‘rtasidagi bahsda ham mezbonlar ustun kelishdi - 2:1. Navoiyliklardan Elguja Grigalashvili va Ivan Nagayev o‘zlarini ko‘rsatgan bo‘lsalar, Baxtiyor Ashurmatov jamoasiga ojiz tasalli bergan javob goli 90+1-daqiqada urildi: Kamoliddin Murzoyev nihoyat, Superliga doirasidagi o‘yinda ilk marta raqib darvozasini nishonga oldi.  «Lokomotiv» - «Navbahor» uchrashuvida taxmin qilingan keskinlik kuzatilmadi: sokingina kurash yakunida Marat Bikmayevning yagona goli «temiryo‘lchilar»ga kutilgan 3 ochkoni taqdim etdi. «Lokomotiv»ning Superliga doirasidagi oxirgi 14ta o‘yindan 11tasida g‘alaba, 3tasida durang qayd etganini alohida aytish kerak. Umuman, Andrey Fyodorov jamoasi qatorasiga 6ta o‘yindan buyon faqat g‘alaba qozonmoqda. Darvoqe, Andrey Kanchelskis «Navbahor» boshmurabbiyi rolida ilk mag‘lubiyatni tan oldi.

2-KUN: VODIYCHA «ROKIROVKA»

«Qo‘qon-1912» - «Neftchi» o‘yini natijasi juda-juda muhim edi. Birinchi bosqichda tuppa-tuzuk o‘ynagan, lekin bir aylanib, autsayder bo‘lib qolgan No‘’mon Hasanov jamoasi nihoyat, 6ta turga cho‘zilgan g‘alabasiz odimiga chek qo‘ydi. Umuman, qo‘qonliklar vaziyat qaltisligini teran anglab, ilk daqiqalardan hujumga katta e’tibor qaratishdi, oldinda 2 nafar futbolchiga tayanishdi. Shu kunlarda hayotdan ko‘z yumgan sobiq futbolchilar - Abror Nazirov va Ravshan Do‘rmonov xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash bilan boshlangan o‘yinda muxlislar tezkor gol ko‘rishdi. Ya’ni 9-daqiqada Darko Gojkovich hisobni ochdi: «Neftchi» kiperi Abdumavlon Abdujalilov bosh bilan yo‘llangan to‘pni qaytarishga ojizlik qildi. Farg‘onaliklar 20-daqiqada muvozanatni tiklashlari mumkin edi, biroq Igor Taran deyarli bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etolmadi. Keyingi hujumda Shodiyor Hojimatovga sovuqqonlik yetishmadi. Umuman, ikkinchi bo‘lim yarmiga qadar hisobdagi minimal farq saqlanib turdi, garchi tomonlar galma-gal xavfli hujumlar uyushtirgan bo‘lsalarda. Bu holatni yana o‘sha Darko Gojkovich buzdi. Serb himoyachisi bu safar havodagi to‘p uchun kurashda ustun kelib, yana boshi bilan aniq zarba yo‘lladi. Xullas, Gojkovichning 2ta goli «Qo‘qon-1912»ga uzoq kutilgan g‘alabani tortiq etdi va jamoa jadvalda birdaniga ikki pog‘ona yuqoriladi, «Neftchi» esa yana autsayder maqomida.

Yana bir muhim o‘yin, yana bir derbi, yana ikki gol. Farqi shuki, «Toshkent derbisi»da mehmon jamoa g‘alaba qozondi. O‘xshash tomoni esa, «Milliy» stadionida «Bunyodkor» mehmoni bo‘lgan «Paxtakor» ham ikki bo‘limda 1tadan gol urdi. Birinchi bo‘limning yakuniy qismiga qadar Sanjar Qodirqulov («Bunyodkor»), Farrux Sayfiyev, Ismoil Gonsalvesh va Tiago Bezerra- («Paxtakor»)ning urinishlari samara keltirmadi. 36-daqiqada esa aynan Bezerra mezbonlar kiperi qarshisiga yolg‘iz chiqib borib, hisobni ochdi. «Sherlar» tanaffusdan keyin ham tashabbusni qo‘ldan boy berishmadi va 81-daqiqada o‘rtadagi 3 ochko taqdirini uzil-kesil hal qilishdi: o‘yinga zaxiradan qo‘shilgan Jamshid Iskanderovning jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi kuchli va aniq chiqdi. Shu tariqa Shota Arveladze jamoasi peshqadamning yanada uzoqlashib ketishiga yo‘l qo‘ymadi, Mirjalol Qosimov drujinasi esa 3-o‘rindagi «Navbahor»ga nisbatan yaqinlashib olish imkoniyatidan foydalanolmadi.

«Buxoro» ikkinchi bosqich hisobidan ilk g‘alabasini nishonladi. Umuman olganda, Ulug‘bek Baqoyev jamoasi naq 6ta o‘yindan buyon ochko ham ololmayotgandi. Mana, buxoroliklar o‘z maydonlarida «Metallurg» darvozasini bir martagina ishg‘ol qilib, noxush seriyaga nuqta qo‘yishdi. Aslida o‘yin mezbonlar uchun yaxshi boshlanmadi. Zero, bekobodliklar 11-daqiqada penalti tepish huquqini qo‘lga kiritishdi, ammo Islom Isoqjonov «nuqta»dan noaniq zarba berdi. Bu holat «Buxoro» vakillariga ijobiy ta’sir qildi, chog‘i, ular tez orada uncha xavfli ko‘rinmagan hujumni gol bilan yakunlashdi. Akobir To‘rayev to‘pni ancha olis masofadan darvoza tomon yo‘llagach, u hech kimga tegmay, to‘rga «ilindi». Shundan keyin «Metallurg» hujumlar shiddatini oshirdi. Xususan, Shahzod Shaymanov yaqin masofadan gol urolmagan bo‘lsa, Xudoyshukur Sattorov o‘tkir burchak ostidan darvoza  to‘sinini nishonga oldi. Ikkinchi bo‘limda ham mehmonlar ustunlikni saqlab qolishdi. Lekin asosiy e’tiborni himoyaga qaratgan «Buxoro»ning qarshi hujumlari xavfliroq chiqdi. Shundan vaziyatlardan birida Javohir Ilyosov ajoyib «seyv» ko‘rsatib, «Metallurg»ni muqarrar goldan qutqardi. Yakunda mehmonlarga shunchaki, omad yetishmadi - Suhrob Nurulloyevning zarbasidan so‘ng to‘p yana bir bora darvoza ustuni bilan «o‘pishdi». Xullas, ijobiy natijani bir amallab saqlab qolgan «Buxoro» turnir jadvalida aynan «Metallurg»ga nisbatan yaqinlashdi.

TUR QAHRAMONI - DARKO GOJKOVICH

Yo‘q, serbiyalik futbolchini «dubl» qayd etgani uchungina tanlamadik. Asosiy sabab - «Qo‘qon-1912»ning omadsiz davrga chek qo‘ygani. Binobarin, No‘’mon Hasanov tomonidan tuzilgan qiziqarli jamoa 6ta tur mobaynida g‘alaba ko‘chasiga kirmay, qandaydir «o‘ra»ga tushib qolgandek taassurot uyg‘otgandi. Mana, bitta g‘alaba samarasi o‘laroq, «Qo‘qon-1912»ning umumiy holati biroz o‘nglandi. Shunday ekan, Gojkovichning bosh bilan urgan 2ta goli qadri juda baland. Qolaversa, serbiyalik himoyachi «dubl» qayd etish barobarida orqa chiziqda ham rosa ter to‘kdi. Xullas, «Neftchi» ustidan qozonilgan g‘alaba «Qo‘qon-1912»ning Superligada qolish imkoniyatini ancha oshirganini nazarda tutib, uning bosh sababchisini tur qahramoni sifatida e’tirof etishni ma’qul ko‘rdik.

TUR IQTIBOSLARI

- Joriy yil «Nasaf» bilan 3-marta o‘ynadik, menga qolsa, bunday uchrashuvlar soni yanada ko‘pa-yishini xohlardim. Sergey Lushan («So‘g‘diyona» bosh murabbiyi).

- Qanday bo‘lsak, shundaymiz. Borimizni shu maydon ko‘rsatdi. Zaxiramiz esa «Paxtakor» yoki «Lokomotiv»niki kabi katta emas. Andrey Kanchel-skis («Navbahor» bosh murabbiyi).

- Raqibning himoyaviy taktika qo‘llashini avvaldan kutgandik, ammo bunchalikka borishi mumkinligi xayolimizga ham kelmagandi. Andrey Fyodorov («Lokomotiv» bosh murabbiyi). 

- «Qo‘qon-1912» asosan standart vaziyatlarga e’tibor qaratishini shogirdlarimga alohida aytgandim. Lekin men xavfsiragan holat bo‘ldi, baribir... Bahrom Haydarov («Neftchi» bosh murabbiyi).

- Bu g‘alaba men uchun ham boshqacha ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun turmush o‘rtog‘imning tug‘ilgan kuni. Demak, yaxshi sovg‘a tayyorladim. No‘’mon Hasanov («Qo‘qon-1912» bosh murabbiyi).

- Yaxshiboyev, Alijonov, Aliboyev, Shukurov, Turg‘unboyev va Hamdamov kabi yigitlar ertaga o‘zbek futboli tayanchiga aylanishga qodirlar. Shota Arveladze («Paxtakor» bosh murabbiyi).

- To‘g‘ri, mukofot puli yo‘q, lekin bu bahona bo‘lmaydi. O‘z oldiga katta maqsad qo‘ygan, kelajakda kuchli futbolchi sifatida tanilishni istaganlar moddiy manfaatni birinchi o‘ringa qo‘ymasliklari kerak. Mirjalol Qosimov («Bunyodkor» bosh murabbiyi).

 

TUR STATISTIKASI

O‘yin: 6

Gol: 12 (o‘rtacha: 2)

Tomoshabin: 25062 (o‘rtacha: 4177)

Mezbonlar g‘alabasi: 5

Mehmonlar g‘alabasi: 1

Durang: -

Yirik hisobli g‘alaba: 1 («Nasaf» - 3:0)  

Eng sermahsul o‘yinlar: «Nasaf» - «So‘g‘diyona», «Qizilqum» - AGMK (3tadan gol)

Ogohlantirish: 21 (o‘rtacha: 3,5)

Chetlatish: 1 (o‘rtacha: 0,16...)

Eng «qo‘pol» o‘yin: «Buxoro» - «Metallurg» (9ta «sariq» + 1ta «qizil»)

Eng ko‘p tomoshabin kirgan o‘yin: «Buxoro» - «Metallurg» (6315)

Penalti: 1(samarasiz)

«Dubl»: 2 (B.Abduxoliqov, Nasaf»; D.Gojkovich, «Qo‘qon-1912») 

«Xet-trik»: - 

Avtogol: -

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 11:56, 31.10.2018.
O'qildi: 4429 marta.
Fikrlar: 6 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.