Myunxen klubi rahbarlari bir-ikki hafta oldin maxsus matbuot anjumani tashkil etib, jurnalistlarga ayblov qo‘yishdi: «Sizlar futbolchilarni tanqid qilishda me’yorni unutib qo‘ymoqdasiz...».
Gap shundaki, «Bavariya» Bundesligada ketma-ket 2 marta mag‘lubiyatga uchrab, turnir jadvali 6-qatoriga surilganidan keyin Germaniyada bosh murabbiy Niko Kovach iste’foga chiqarilishi haqida baralla gapira boshlashdi. OAV vakillari xorvat mutaxassisi o‘rniga munosib nomzod qidirishni ham paysalga solishmadi.
Deylik, «Bavariya» rahbariyati Yupp Xaynkesni ortga qaytarish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida yozildi, Arsen Vengerga murojaat qilingani ham bayon etildi. Natijada myunxenliklar o‘tgan juma kuni maxsus matbuot anjumani uyushtirib, vaziyatga oydinlik kiritishni lozim topishdi.
Tadbirda «Bavariya»ning barcha rahbarlari - Uli Xyoness (klub prezidenti), Karl-Xayns Rummenigge (boshqaruv kengashi raisi), Hasan Salixamijich (sport direktori) ishtirok etishdi. Lekin ular murabbiyni almashtirish xususida gapirishgani yo‘q, aksincha, Kovach va futbolchilarni qo‘llab-quvvatlab, matbuotdagi tanqidlarga mutlaqo qarshi ekanliklarini bildirishdi.
Karl-Xayns Rummenigge («Bavariya» boshqaruv kengashi raisi): - Bu «Bavariya» uchun muhim kun, zero, noo‘rin munosabatlarga oxirigacha sabr qilmasligimizni bildirmoqchimiz. Har holda, matbuotning bo‘hton tarqatishiga jim qarab turmaymiz. Maqsadimiz - futbolchilar, murabbiylar va klubimizni himoya qilish.
Yo‘q, barcha aybni OAVga to‘nkash niyatidan yiroqmiz. Agar jamoa sust o‘ynasa, maqtov ortiqcha. Demoqchimanki, adolatli reportajlar ko‘rishni xohlaymiz. Xullas, agar jamoamiz yoki futbolchilarimizga nisbatan noo‘rin tanqidlar yangrasa, bunga qarshi chora qo‘llaymiz.
Misol uchun, Manuel Noyer haqida o‘qiganlarimni izohlab berishga ojizman. Axir u 4 marta jahonning eng yaxshi darvozaboni sifatida e’tirof etilgan. Unutmang, Manuel jarohat tufayli deyarli bir yil maydonga tusholmadi.
Aytingchi, endi bitta xato uchun uning ustidan mag‘zava to‘kish insofdanmi? Nima, sizlarda Noyerning yuqori saviyasiga shubha bormi? Xummels va Boateng haqida ham ko‘p nomaqbul gaplar eshityapmiz. Ularga nisbatan bo‘layotgan tanqidlar haddan ziyod oshib ketdi. Bu gaplarim OAV vakillariga ham, futbol ekspertlariga ham birdek taalluqli.
Hasan Salixamijich («Bavariya» sport direktori): - Meni bosh murabbiyni oshkora qo‘llab-quvvatlamaslikda ayblashmoqda. Bir narsani aniqlashtirib olaylik, nega bunday qilishim kerak? Biz Kovach ishini qadrlaymiz, tamom. Har bir o‘yindan keyin uni deylik, matbuotda maqtashimiz shart emas.
Umuman, hozirgi holat juda g‘alati. Sizlar - matbuotchilar klubga hurmat bilan yondashmayapsizlar. Jamoa tomon yo‘naltirilgan tanqinlar bo‘ronidan shunchaki, dahshatga tushyapman. Bunday vaqtda tabiyki, futbolchilarni himoya qilamiz.
Uli Xyoness («Bavariya» prezidenti): - Klubning transfer siyosatini tanqid ostiga olayotganlarga javobim shuki, birinchidan, yangi futbolchilarga katta mablag‘ sarflaganimiz yo‘q. Misol uchun, Goreska uchun «Shalke»ga bir chaqa ham to‘lamadik, Gnabrini esa «Xoffenxaym»dan ortga qaytardik.
Ikkinchidan, Robben, Riberi va Rafinya kabi futbolchilar bilan shartnoma muddatini uzaytirdik. Bernatni «PSJ»ga sotganimizga kelsak, o‘tgan yili Sevilyada o‘ynaganimizda, uning jamoamizni CHL keyingi raundiga chiqishdan musovo etishiga sal qolgandi.
«Bavariya» qadriyati shuki, muammolar ham, yutuqlar ham muayyan bir futbolchiga bog‘liq emas. Ixtiyorimizda 16-17 nafar jahon saviyasidagi futbolchi bor!
Niko Kovach («Bavariya» bosh murabbiyi): - Fakt shuki, natijalar - adolatsiz. Deylik, oxirgi 4ta uchrashuvda dastlabki o‘yinlardagidan kam vaziyat yaratmadik. Muammo - hujumlarga yakuniy nuqtani qo‘ya olmayotganimiz. Har holda, biror o‘yinda sust ko‘rinmadik, faqat to‘p darvozaga kirmadi.
Hammasini birdaniga o‘zgartirmoqchi emasmiz, shubhaga o‘rin yo‘q. Jamoamizga faqat ozgina omad kerak. Aslida kayfiyat a’lo, o‘z ishimizga pozitiv ruhda yondashyapmiz. Ichimizda futbolga nisbatan ehtiros olovi bor.
Hayot omadsizlik va muvaffaqiyatlardan iborat. Ishontirib aytamanki, «Bavariya» o‘yinlarga munosib tayyorgarlik ko‘ryapti va ijobiy natijalarga munosib.