Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Bobur Abduxoliqov: «O‘zimizga tegishli xulosani chiqarib oldik»

Bobur Abduxoliqov: «O‘zimizga tegishli xulosani chiqarib oldik»

Baho:
+ | -

Superliga yakuniga yaqinlashgani sari o‘yinlarning shiddati ortib boryapti. Quyi oltilikda ham o‘yinlar ancha jonlanib qoldi.

Elitada qolish uchun kurash «Qo‘qon-1912», «So‘g‘diyona» va «Neftchi» jamoalari o‘rtasida kechmoqda. Qo‘qon klubi hisobida 17 ochko bo‘lsa, Jizzax va Farg‘ona viloyatining bosh jamoalari 16tadan ochko to‘plashgan.

Derbida «Neftchi»ni mag‘lub etgan No‘’mon Hasanov shogirdlari so‘nggi o‘rinni tark etib, ikki pog‘ona ko‘tarilib olishdi.

«Neftchi» esa aksincha, autsayderga aylandi. O‘zbekiston kubogi finalchisi AGMK farg‘onaliklardan 6 ochko ko‘p to‘plagan bo‘lsa-da, hali-hanuz kuchlilar safida qolishni kafolatlamagan.

Mavsumning birinchi yarmini omadsiz o‘tkazgan «Nasaf» esa quyi oltilikda yetakchilik qilyapti. Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari navbatdagi turda «So‘g‘diyona»ni yirik (3:0) hisobda mag‘lub etishdi.

Gollarning ikkitasiga Bobur Abduxoliqov mualliflik qildi. Ushbu hujumchi mazkur guruhda 6ta gol bilan yakka peshqadam. Keyingi o‘rinlarda borayotgan Ivan Nagayev, Artur Gevorkyan, Darko Gojkovich singari futbolchilar hisobida 2tadan gol bor. Biz aynan mana shu o‘yindan so‘ng Boburdan intervyu oldik.

- Bobur, avvalo, g‘alaba bilan tabriklayman. Bir qarashda juda oson yutuqqa o‘xshayapti. Aslida ham shundaymi?

- Tabrik uchun rahmat. Agar hisobga qarasak, g‘alaba osonlikcha kelgandek ko‘rinadi. Ammo «So‘g‘diyona» futbolchilari butun o‘yin davomida bizga jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi. Kuchlilar safidagi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar bilan o‘yinlar yengil o‘tmaydi. G‘a-labaning muhim omili sifatida murabbiyning ko‘rsatmalarini to‘g‘ri bajarganimizni aytib o‘tish o‘rinli bo‘ladi. Qolaversa, har bir o‘yinga jiddiy tarzda tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

- «Nasaf»ning kuchli oltilikda ishtirok etmayotgani futbolchilar kayfiyatiga ta’sir o‘tkazmayaptimi?

- Oz bo‘lsa-da seziladi. Boisi, «Nasaf» shu kungacha sovrinli o‘rinlar uchun kurashib kelgan. Hozir esa biz Superliganing quyi oltiligida ishtirok etyapmiz. Yo‘l qo‘yilgan ayrim xato va kamchiliklardan tegishli xulosalarni chiqarib olganmiz. Nasib qilsa, kelasi mavsum jamoamiz yana avvalgidek chempionlik uchun kurash olib boradi.

- Quyi guruh saviyasi haqida nima deya olasiz?

- Shaxsiy kuzatuvim asosida aytishim mumkinki, har bir o‘yin murosasiz kurashlar ostida o‘tmoqda.

- Umuman, Superliganing yangi formatda o‘tkazilayotganiga qanday munosabat bildirasiz?

- Menimcha, PFL tomonidan amalga oshirilgan bu yangilik o‘zini oqlayapti. Muxlislarga ma’qul keladigan o‘yinlar soni ko‘paygan. Masalan, kuchli oltilikda chempionlik va sovrinli o‘rinlar uchun kurash ancha keskin o‘tyapti. Ikkinchi bosqich boshlanishi arafasida deyarli barcha jamoalarda chempionlik uchun imkoniyat bor edi.

- «Oltin ochko» qoidasi sabab ochkolarning nol holatiga keltirilishi klublarga nisbatan biroz adolatsizlik bo‘lmadimi?

- Buning yaxshi tomonlari ham bor.

- Masalan?

- Jamoalar har bir o‘yinga ikki barobar kuch bilan tayyorgarlik ko‘rishadi. Futbolimizdagi bu yangilik xotirjam bo‘lishga yo‘l qo‘ymaydi. O‘tkinchi o‘yinlar deyarli kuzatilmaydi. Kuchli oltilikka kirish uchun kurash keskin kechadi. Buning natijasida stadionga tashrif buyuradigan muxlislar soni ham ortadi.

- «Nasaf»dagi muammolar ortda qoldi, deyish mumkinmi?

- Ha, menimcha, qiyin kunlardan o‘tdik. Umuman, shu kabi holatlar har bir jamoada bo‘lib turadi. Bundan ortiqcha fojia yasamadik. Jamoamiz bilan birgalikda qiyinchiliklarni yengib o‘tdik.

- Hozir hammasi joyidami? Maoshlar o‘z vaqtida olinyaptimi?

- Ha, bu borada muammo yo‘q.

- Sizningcha, chempionlik masalasi oydinlashdimi?

- Yo‘q. Kurash hali davom etadi. Olti ochkolik farq ikkita o‘yinda yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Bunday holatlar futbolimizda avval ham kuzatilgan. Xotirjamlikka berilgan jamoalarga bu qimmatga tushishi mumkin.

- «Lokomotiv»ni to‘xtatadigan jamoa topilarmikan?

- Hamma narsa bo‘lishi mumkin. To‘g‘ri, «temiryo‘lchilar» ko‘pchilik tomonidan chempionlik o‘yini deb nomlangan derbida asosiy raqib hisoblangan «Paxtakor»ni mag‘lub etishdi. Keyin esa «Navbahor»dan ham uch ochko olishdi. Bu bilan «Loko» chempionlik sari katta qadam tashladi. Lekin oldinda yana beshta o‘yin bor. Mazkur uchrashuvlarda kutilmagan natijalar qayd etilmaydi, deb hech kim kafolat berolmaydi. Agar «Paxtakor» o‘sha o‘yinda «Lokomo-tiv»ni taslim etganida, hozir turnir jadvalida yaxshigina intriga yuzaga kelgan bo‘lardi. Hozir kumush va bronza medallari uchun kurash keskinroq o‘tadigandek tuyulyapti.

- Milliy termamiz bosh murabbiyi va uning taktikasi haqida ko‘p muhokamalar bo‘lyapti. Siz bu haqda qanday fikrdasiz?

- Ektor Kuper xususida fikr bildirishdan o‘zimni tiyaman. Argentinalik mutaxassis futbolimizni o‘rganyapti. Hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman. Muxlislar ham terma jamoa va uning bosh murabbiyiga oxirigacha ishonishlarini xohlardim. Ektor Kuper o‘zi uchun begona joyda ish boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi.

- Osiyo kubogida natijamiz ijobiy tus olishi mumkinmi?

- Nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. O‘FA termamizning qit’a chempionatiga munosib tarzda tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapti. FIFA kunlari doirasida Toshkentda to‘rtta o‘rtoqlik uchrashuvi tashkil etildi. Noyabr oyida Avstraliyada yig‘in va ikkita nazorat o‘yini o‘tkazish rejalashtirilgan. Buning hammasi milliy jamoamiz uchun qilinayotgan ishlar.

K.ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 00:25, 10.11.2018.
O'qildi: 3169 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.