Xabarlarga ko‘ra, myunxenliklar rahbariyati kelasi yil yozida «Real»dan ijara asosida kelib qo‘shilgan 27 yoshli kolumbiyalik pleymeyker transferini to‘liq tartibda rasmiylashtirmoqchi emas.
U Germaniyada dastlab «qaymoqranglilar»da birga ishlagan murabbiyi Karlo Anchelotti qo‘li ostida iliq taassurotlar qoldirgandi. Ammo uning sport formasidagi pasayish bilan uning klubdagi majburiyatlari va o‘rni ham pasayib bordi.
Yupp Xaynkes qo‘li ostida esa biroz jonlangandek ko‘rinish bergandi. Ammo yangi mavsum u uchun «Bavariya» libosida so‘nggisi bo‘lsa ajabmas.
Niko Kovach bilan mavsum startini yomon boshlagan myunzenliklar Bundesliganing 11-turidan keyinoq «Borussiya Dortmund»dan 7 ochkoga ortda qolib ketmoqda. Mavsum shu tariqa yakun topsa kelasi yil yozda klubda katta o‘zgarishlar qilinishi shubhasiz. Bu degani jamoa bir qator futbolchilari bilan xayrlashishi turgan gap. Katta bayramlarda o‘yinga tushirilayotgan Xames ham o‘ziga yangi jamoa topishi mumkin. Ammo uning keyingi faoliyati qaysi klubda davom etadi? Bu savol uning ko‘plab muxlislarini qiziqtirishi bor gap. 2014-yilgi Mundial to‘purarining ko‘plab muxlislari yurtimizda ham topiladi.
Orzu: «Real Madrid»
«Real» va Xames Rodriges hamkorligi qisqa muddat davom etgan bo‘lsada, kolumbiyalik futbolchi «qirollik klubi»da o‘zining yaxshi futbolini namoyish qilgan. Madridliklar uchun 111 o‘yinda u 36 gol va 38 golli uzatmani amalga oshirgan.
«Real» La Ligada hozir egallab turgan o‘rnidan qat’iy nazar elita klub hisoblanadi. Ko‘pchilik uchun esa klub hamon yuqori cho‘qqi hisoblanadi. Agarda kimdir u yerda o‘zini ko‘rsata olgan bo‘lsa tarixning oltin zarvaraqlariga kirishi 100 % kafolatlangan.
«Santyago Bernabeu»da ishlar yurishmayotganini e’tiborga olsak, Xames «qaymoqranglilar» ehtiyoej sezayotgan futbolchi bo‘lishi mumkin. Boz ustiga, u «Real»ga bir tiyinga ham tushmaydi. Yarim himoyachi esa Florentino Peres istayotgan ko‘proq ishni bajara olishga qodir.
Eng muhimi uning klubdan ketishiga xayrihoh bo‘lgan Zinedin Zidan ortiq klub boshqaruvida emas. Klub ayni vaqtda Santyago Solari murabbiyligida o‘ziga kela boshladi.
Haqiqat: «Yuventus»
Argentina, Portugaliya, Ispaniya va Germaniyada chempion bo‘lgan Xames beshinchi mamlakatda ham chempion bo‘lsa yomonmi? Yevropaning «kuchli beshligi»ning uchtasida o‘ynashga ulgurgan futbolchi o‘z tarjimayi-holini boyitib borishni davom ettirishi mumkin.
A Seriyada ko‘proq texnika talab qilinganligi bois u yerda yarim himoyachilarga «qirol»dek muomala qilishadi. Uning «Bavariya»ga o‘tishidan oldin aynan «keksa sinyora» qiziqish bildirgani e’tiborga molik.
«Yuve» hozir superklub maqomida emas. Ammo ertaga nima bo‘lishi noma’lum. Xabarlarga ko‘ra, Xames hamon ularning transfer maqsadi bo‘lib turibdi. Barchasi futbolchiga bog‘liq.
Qo‘shimchasiga uning «Real»dagi hamkori Krishtianu Ronaldu Turinda javlon urmoqda. Ikkalasi birgalikda 86 marta havfli vaziyatlar yaratishgan. 18 golga hammualliflik qilishgan. Xullas o‘zaro hamkorlik darajasi ancha iliq taassurot qoldirgan.
Joker: «Liverpul»
Dunyoning eng kuchli ligasini har kim turlicha sharhlasada, Premyer Liga tomoshabopligi va eng qimmatligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Klublarning moliyaviy imkoniyatlari balandligi, TV translyasiyasidan tushadigan daromad tufayli Xamesni o‘ziga qo‘shib oladigan ko‘plab ingliz jamoalari bor.
Olti jamoa «kuchli to‘rtlik» o‘rinlari uchun kurash olib boradigan Angliya yarim himoyachining keyingi bekati bo‘lishi mumkin. Unga mos klub esa Yurgen Kloppning qaynoq «Liverpuli» to‘g‘ri keladi.
So‘nggi ikki yil ichida uning jamoasi ancha kuchaydi va chempionlik uchun asosiy raqobatchiga aylanishga ulgurdi. Shu yil boshida Filippe Koutinyoning yo‘qotilishi esa ularga kuchli yarim himoyachi kerakligini anglatadi.
Xames o‘yinni o‘zgartira olishi va tez harakatlanishi tufayli Kloppning «erkatoyi»ga aylanib olishi mumkin.
Erkinjon G‘aybullayev tayyorladi