26 noyabr kuni Toshkentdagi «Toshkent savdo markazi»da (sobiq «Turkuaz») ofislardan biriga hujum qilinishi natijasida MMA jangchisi Murod Xonto‘rayev jarohat olgani va kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgandi. 28 noyabr, chorshanba kuni sportchi o‘zining Instagram’dagi sahifasida hozirgi ahvoli aks etgan surat bilan bo‘lishdi, deb yozadi Repost.
Qayd etish joiz, hujum natijasida Xonto‘rayev «bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, bosh o‘ng tepa sohasi ezilib yorilgan jarohati, o‘ng son, dumba sohasi ko‘plab sanchilib kesilgan jarohatlari (9 ta), ikkila ko‘krak usti sohasi sidirilgan jarohati, chap tirsak sohasi kesilgan jarohat» tashxisi bilan 1-shahar kasalxonasiga yotqizilgandi.
Sportchiga hujum qilgan shaxslar hali aniqlanganicha yo‘q; ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b», «v» bandlari («bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan arsalarni (qurol sifatida) qo‘llab bezorilik sodir etish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan (bu modda bo‘yicha aybdor deb topilganlar uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin).
Eslatib o‘tamiz, Murod Xonto‘rayev joriy yilning 21 iyuniga o‘tar kechasi Yunusoboddagi tungi klubda ro‘y bergan mojaro ishtirokchisi bo‘lgan, u ko‘krak qismiga pichoq bilan berilgan zarbadan jarohat olgandi. Keyinroq shifoxonadan huquq-tartibot organlariga so‘roq berish uchun olib ketilgan, sud hukmi bilan qamoqqa olingandi.
Sud uni Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «a» bandi («takroran yoki xavfli residivist tomonidan bezorilik sodir etilishi») bo‘yicha aybdor deb topgan («Osiyo ayig‘i» laqabi bilan mashhur Murod Xonto‘rayev ilgari ham sudlangan).
Avvaliga unga 3 yillik qamoq jazosi xavf solayotgandi. 12 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tumani sudida Murod Xonto‘rayevga jarima tarzidagi jazoni qo‘lladi. Sportchi eng kam ish haqining 94 baravari miqdorida jarima (16 190 560 so‘m) to‘lab, ozodlikka chiqdi.