Bugun — 17 dekabr sanasidan e’tiboran Superliga klublari yangi futbolchilar bilan tuzilgan shartnomalarni PFL ro‘yxatidan o‘tkazishi mumkin. Bu jarayon 2019 yilning 7 mart sanasiga qadar davom etadi.
Biroq PFL tomonidan 2019 yilgi mavsum uchun qo‘yilgan talablar ham borki, futbol klublari mana shu talablar ijrosini PFL bilan muhokama qilib olmaguniga qadar, birorta ham shartnoma ro‘yxatga olinmaydi. Qayd etish kerak, futbolchi va klub o‘rtasida tuzilgan shartnoma bir oy muddat ichida ro‘yxatga qo‘yilmasa, PFL mazkur shartnomani tan olmaydi. Bu jihat 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan klub direktorlari bilan yig‘ilishda yana bir bor eslatib o‘tilgan.
Futbol klublari shu vaqtga qadar futbolchilar bilan shartnomalar tuzgan va ular ro‘yxatga olingan. Ammo ortda qolib ketayotgan qarzdorliklar masalasi, PFL tomonidan qo‘yilgan talablar jiddiy nazoratda bo‘lmagan. Endilikda esa hammasi o‘z o‘rnida va tartibi bilan bo‘ladi. Klub avval eski qarzdorliklari masalasini hal qiladi, undan keyin talablarni bajarish yuzasidan ish olib boradi va oxirida 2019 yilgi mavsum uchun qadam tashlaydi.