“Qo‘qon-1912” jamoasining so‘nggi yillardagi eng yaxshi legioner futbolchilaridan biri bu Darko Gojkovich bo‘ldi. Serbiyalik futbolchi ayni damda o‘z yurtida bo‘lib turibdi. Biz Darko Gojkovich bilan telefon orqali suhbatda bo‘ldik.
-Darko ayni kunlarda nimalar bilan mashg‘ulsiz ? “Neftchi” jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan so‘nggi tur o‘yinida jarohat olgan edingiz, sog‘ligingiz yaxshimi ?
-Assalomu alaykum. Chempionat tugagandan so‘ng Serbiyaga qaytib kelganman. 10 kun hordiq chiqardim, so‘ngra yana mashg‘ulotlarni boshlaganman. Hozirda kuniga yugurish va fitness bilan shug‘ullanib turibman.
“Neftchi” jamoasi bilan bo‘lib o‘tgan “derbi”da biroz jarohat olib maydonni erta tark etgan etdim. Burchak zarbasidan so‘ng, noqulay tarzda yiqilgan edim. Qo‘lim va yelkamda kuchli og‘riq tufayli maydonni tark etdim. Shifokorlar Farg‘onada dastlabki tekshiruvlarni o‘tkazishdi, yaxshiki suyaklarim sinmagan ekan. Biroz mushaklarim cho‘zilgan ekan, hozirgi kunga kelib qo‘limdagi boylamalarni yechganman, hammasi joyida.
-O‘tgan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi ?
-O‘tgan mavsum o‘zidan ajoyib taassurotlar qoldirdi. Esda qoladigan o‘yinlar ko‘p bo‘ldi. Masalan “Bunyodkor” jamoasini uyda ham safarda ham yutganimiz, Toshkentda “Lokomotiv” hamda “Paxtakor” kabi jamoalardan ochko tortib olganimiz ayniqsa esda qolarli bo‘ldi.Oldingi mavsumlarga solishtirganda bu juda yaxshi natija edi. Lekin chempionatning 1-bosqichidan so‘ng “oltin ochko” qoidasi tufayli , ochkolarimiz olib tashlandi va bizda biroz tushkun kayfiyat yuzaga keldi. Yaxshiyamki biz keyinchalik o‘zimizga kelib oldik va yanagi yilda ham superligadagi o‘rnimizni saqlab qolishga erishdik.
-O‘tgan mavsumda muxlislar sizni turli pozisiyalarda ko‘rishdi. Sizga qaysi chiziqda o‘ynash ma’qulroq bo‘ladi ?
-Ha o‘tgan mavsumda men chap qanot himoyasida, “Nasaf” bilan o‘yinda esa o‘ng qanot himoyasida o‘ynadim. Aksariyat o‘yinlarda esa tayanch zonasida harakat qildim. Bu albatta bosh murabbiyimizning menga bildirgan ishonchi tufayli yuz berdi. No‘’mon aka “eplaysanmi” deb so‘radilar, men esa jamoaga foydam tegsa bo‘ldi, qayerda o‘ynashimni farqi yo‘q deb javob berdim. Menga ko‘proq tayanch zonada o‘ynash yoqdi. Bu yerdan hujumlarga ham qo‘shilib turdim va 2 marta gol urishga ham erishdim.
-Kelgusi yilda rejalaringiz qanday?
-Ko‘ramiz hali bir qarorga kelganim yo‘q. Men “Qo‘qon-1912” ajoyib 3 yilni o‘tkazdim. Qo‘qon shahri xuddi o‘z uyimdek bo‘lib qoldi. Ko‘plab muxlislarimiz bilan ham do‘stlashib ketganman.Qo‘qonlik futbol muxlislari men uchun judayam qadrli. Agar jamoa rahbarlari va bosh murabbiy meni yana Qo‘qonga taklif qilsa, albatta jonim bilan yana boraman. Serbiyaning bir klubidan ham qo‘ng‘iroq bo‘ldi, ular meni o‘z jamoalarida ko‘rishni istamoqdalar.
-“Qo‘qon-1912” jamoasi bilan moliyaviy tomondan muammolar bo‘lmadimi ?
“Qo‘qon-1912” jamoasi bilan tuzgan shartnomamizning muddati , mavsum yakunigacha edi. Klubimiz rahbariyati men bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilishdi. Jamoa rahbarilariga bu borada o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hozirda hamma pullarimni olib bo‘lganman.
-YAnvar oyida O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo chempionatida ishtirok etadi. Sizning taxminigizcha terma jamoamiz qanday natija ko‘rsata oladi?
-Avvalo O‘zbekiston terma jamoasini qit’a chempionatida ishtirok etishi bilan tabriklayman. Men o‘ylaymanki terma jamoa bu musobaqada muxlislarni xursand qiladigan natijaga erisha oladi. Sababi O‘zbekiston terma jamoasida juda kuchli murabbiy ishlamoqda. Terma jamoa tarkibiga jalb qilingan futbolchilar ham ancha yaxshi salohiyatga ega futbolchilar. “Qo‘qon-1912” jamoasidan ham Javohir Sidiqov hamda O‘tkir Yusupovlar milliy terma jamoa yig‘inida ishtirok etayotganidan xabarim bor. Men bu yigitlarga hamda barcha O‘zbekiston terma jamoasi futbolchilariga omad tilayman. Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilaman.