Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

A’zam Aliyev: «Yangi format jamoamizga foydali bo‘ldi»

A’zam Aliyev: «Yangi format jamoamizga foydali bo‘ldi»

Baho:
+ | -

Namanganning «Navbahor» klubi yakuniga yetgan mavsumda 14 yillik tanaffusdan keyin yana sov-rindorlar safidan o‘rin olib, bronza medali sohibiga aylandi.

Albatta, ushbu muvaffaqiyatda jamoa yetakchilaridan biri bo‘lgan yarim himoyachi A’zamjon Aliyevning ham munosib hissasi bor. Bu yilgi Superliga bahslarida Aliyev «lochinlar» ishtirokidagi barcha 32ta o‘yinda maydonga tushib, 4ta golga assistentlik qildi. Biz yakunlangan mavsum borasida mahoratli xavbek bilan suhbat uyushtirib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir nechta savollar bilan murojaat etdik.

- A’zamjon, yakunlangan mavsum sizda qanday taassurot qoldirdi?

- Umuman olganda, Superliga bahs-lari borasidagi taassurot ijobiy. Ammo shaxsiy fikrim bo‘yicha, ortda qolgan mavsum o‘rtacha kechdi.

- Jamoangizning yakunlangan mavsumdagi o‘yinlaridan qoniqish hosil qildingizmi?

- Ayrim xatolarni inobatga olmaganda, klubimizning yakunlangan mavsumdagi natijasidan qoniqdim. Har holda, ko‘p yillik tanaffusdan keyin bronza medali sohibiga aylandik.

- Siz Superliga bahslarida barcha 32ta uchrashuvda maydonga tushgan kamsonli futbolchilardan birisiz. «Navbahor»da esa bu borada yagonasiz. Bunga qanday erishdingiz?

- Bu klubimiz murabbiylarining menga bildirgan ishonchlari hosilasi. Shu sababli ham, 32ta bahsda maydonga tushishga muvaffaq bo‘ldim. Fursatdan foydalanib, buning uchun ularga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Menimcha, o‘zimga bildirilgan ishonchni oqladim. Aks holda, bunday ijobiy natijani qayd etolmasdim.

- Pepsi Superliganing bu yilgi formati borasida qanday fikrdasiz?

- Yangi format jamoamiz uchun ancha foydali bo‘ldi. Boisi, ta’kidlaganimdek, 14 yillik tanaffusdan keyin 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. Bundan tashqari, Superliganing har bir bahsi kurashlarga boy tarzda o‘tdi.

- Muxlislar uchun yaratilgan sharoitlar va onlayn teletranslyasiya-lar borasidagi fikringiz?

- Albatta, Pepsi Superliga bahslarining televideniya orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilishi ko‘pchilikka ma’qul keldi va futbolimiz rivoji uchun turtki berdi. Uchrashuvlarning muxlislar bo‘sh vaqtlariga to‘g‘ri kelganligi esa yanada yaxshi bo‘ldi.

- Bu yilgi Superliga bahslarida jamoangiz uchun eng qiyin bahs qaysi bo‘ldi?

- 30-tur doirasidagi o‘z maydonimizda «Bunyodkor» klubiga qarshi kechgan uchrashuv bizga qiyinchilik tug‘dirdi. Boisi, mazkur o‘yin bronza medali taqdirini hal qilardi. Shuning uchun o‘sha uchrashuvni 6 ochkolik o‘yin desa ham bo‘laverardi. Xayriyatki, yakunda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, 3-o‘rinni deyarli naqd qildik.

- Bu yil «Navbahor» safida ko‘plab xorijlik futbolchilar to‘p surishdi. Sizningcha, ulardan qaysi biri legioner nomini oqladi?

- Xorijlik jamoadoshlarimning har biri o‘z imkoniyati darajasida to‘p surishdi. Shuning uchun ularning o‘yin-lari borasida biror fikr bildira olmayman.

- «Navbahor»ning ayni paytdagi ustozi Andrey Kanchelskis boshqa mutaxassislardan mashg‘ulotlar olib borish, g‘alabaga ruhlantirish borasida qanday sifatlari bilan ajralib turadi?

- Har bir murabbiyning o‘z uslubi bo‘ladi. Shular qatorida Andrey Antanasovich ham biz - futbolchilarni bo‘lajak o‘yinlarga o‘ziga xos tarzda tayyorladi. Uning ko‘proq jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratishini ta’kidlash joiz.

- «Navbahor» bu yil bronza medali sohibiga aylandi. Nima deb o‘ylaysiz, mazkur muvaffaqiyat qoniqarlimi yoki jamoa bundan ham yuqoriroq o‘rinni egallashga qodirmidi? Qodir bo‘lsa, buning uchun «Navbahor»ga nima yetishmadi?

- Albatta, jamoamizda o‘tgan mavsumga qaraganda ancha o‘sish bo‘ldi. Chunki bu yil sovrinli o‘rinlar kurash olib bordik va yakunda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdik. To‘g‘ri, bu ham ijobiy ko‘rsatkich. Ammo bundan-da yaxshiroq natijani qo‘lga kiritishga ham qodir edik. Menimcha, buning uchun bizga biroz omad yetishmadi.

- Klubingiz tarkibida kim bu yil yaxshi o‘yin namoyish etdi?

- Jamoadoshlarimning har biri o‘z vazifasini sidqidildan bajardi. Barchamizning yagona maqsad yo‘lida jipslashib, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilganimiz muvaffaqiyat omili bo‘ldi. Shuning uchun jamoadoshlarimdan hech birini alohida ajratib ko‘rsata olmayman. Ularning barchalari juda yaxshi o‘yin namoyish etishdi.

- 14 dekabr kuni bu yilgi mavsum laureatlari aniqlanadi. Sizningcha, yakunlangan mavsumda Superliganing eng yaxshi murabbiyi va futbolchisi kim bo‘ladi?

- Menimcha, «Lokomotiv» ustozi Andrey Fyodorov eng yaxshi murabbiy, «Bunyodkor» yarim himoyachisi va sardori Javlon Ibrohimov eng yaxshi futbolchi nomiga loyiq.

- «Navbahor»ning muvaffaqiyatida muxlislarning hissasi qanchalik ahamiyatga ega bo‘ldi?

- Albatta, bronza medalini qo‘lga kiritishimizda muxlislarning ham munosib hissalari bor. Ishqibozlar jamoamizning har bir uchrashuvida bizni qo‘llab-quvvatlab, g‘alabalarimizga o‘z hissalarini qo‘shishdi.

- Kelasi mavsum ham «Navbahor»dagi faoliyatingizni davom ettirasizmi?

- Nasib qilsa, shunday bo‘ladi.

Manba: www.interfutbol.uz
Kiritildi: 16:17, 21.12.2018.
O'qildi: 1902 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.