Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Qoyilmaqom hujum triolari

Qoyilmaqom hujum triolari

Baho:
+ | -

Yevrofutboldagi eng kuchli 5ta hujum triosi. Qachonlardir jamoalar hujumida futbolchilar juftligi, ya’ni tandemi (dueti) bosh rolni bajarardi, endi esa o‘tkir trio (uchlik)dan xavflirog‘i yo‘q.

Futbol jamoaviy o‘yin hisoblanadi va natijani ko‘pincha tarkibdagi ijrochilarning nechog‘li hamkorlik qilishlari belgilab beradi. Xususan, endilikda jamoaning hujumdagi qudrati oldinda to‘p suradigan futbolchilar bilan o‘lchanmoqda. Qisqasi, zamonaviy o‘yinda hujumkor trioning roli tobora oshmoqda, har holda, duet o‘tmishda qoldi. Ayni payt eng keng tarqalgan taktik chizma - bu 4-3-3. Deylik, Yevropaning yetakchi jamoalari bundan unumli foydalanmoqda.

5-o‘rin: Serxio Aguero - Rahim Sterling - Leroy Sane («Manchester Siti»). «Shaharliklar» triosi ayniqsa, oxirgi vaqtlarda samarali o‘ynamoqda. APLning dastlabki 15 turi yakuni bo‘yicha olsak, Aguero, Sterling va Sane jami 22ta gol yaratishdi. Bu jamoaning deyarli 50 foiz goli demakdir. Agar samarali uzatmalarni ham qo‘shsak, ushbu trioning «Siti» ko‘rsatkichidagi ulushi 82,22 foizga ko‘tariladi. Umuman, uchlikning har bir vakili ajoyib ijrochi, lekin ular birgalikda ko‘proq effekt berishadi: Sterling va Sane qanotlarda himoyachilarni har ko‘yga solishadi, Aguero esa markazda...

4-o‘rin: Pako Alkaser - Marko Roys - Jeyson Sancho («Borussiya» D.). Hozircha 4-yaxshi ko‘rsatkich ispan, nemis va inglizdan iborat «Dortmund qo‘shini»ga tegishli. Shu joyda bitta faktga e’tibor qaratish kerak: Pako Alkaser «Borussiya» safiga joriy mavsum arafasidagina qo‘shilgandi, Jeyson Sancho ham uncha «eski» emas. Statistikaga ishonsak, ushbu futbolchilar 14 dekabrga qadar «Borussiya»ning jami 37ta golidan 23tasiga mualliflik qilishdi - 62 foiz. Ular shuningdek, jamoadoshlariga 10ta vaziyat yaratishdi. Umuman olganda, «Borussiya» triosi butun Yevropada alohida ajralib turibdi. Negaki, Alkaser boshlang‘ich tarkibga atigi 2 marta kirdi, Sancho esa hali 18 yoshli o‘smir.

3-o‘rin: Lionel Messi - Luis Suares - Usmon Dembele («Barselona»). Kataloniya klubi yaqin-yaqingacha ham dunyo futbolidagi eng kuchli hujum triosiga egaligi bilan maqtanardi. Zero, «MSN» (Messi - Suares - Neymar) uchligi har qanday himoyani qiyin ahvolga solardi. Biroq Neymar «PSJ»ga o‘tishni ixtiyor etgach, dahshatli trio buzildi. Mana, endi Neymar o‘rnini 105 million yevroga sotib olingan Usmon Dembele to‘ldira boshladi. Yangi ko‘rinishdagi uchlik Primeroning dastlabki 15ta turida 23ta gol urdi. Xullas, «Barsa»ning 62 foiz goli «MSD» hisobiga yozildi.

2-o‘rin: Luka Yovich - Sebastyan Aller - Ante Rebich («Ayntraxt»). Ochig‘i, Frankfurtda o‘ynayotgan futbolchilarning elit reytingga kirishlari kutilmagan holatdir. Lekin fakt shuki, Ante Rebich, Sebastyan Aller va Luka Yovich 2-o‘ringa munosib natija qayd etishmoqda. Ular Bundesliganing dastlabki 14ta turida 24ta gol hosil qilib, Germaniya futbolida o‘ziga xos shov-shuv ko‘tarishdi. Umuman, kamtarin jamoaning 80 foiz goli aynan xorvat, serb va fransuz ittifoqiga tegishli. Boshqa hech bir trio bunday yuqori statistika bilan maqtanolmaydi. Misol uchun, «Benfika»dan ijara shart­nomasi asosida olingan Yovich «Fortuna» (Dyusseldorf)ni 5ta gol bilan «siylab» butun Yevropaga ovoza bo‘ldi. Aller esa yetuk «9-raqam», uning hisobida 9ta gol va 7ta samarali uzatma yig‘ildi. JCH finalchisi Rebichga kelsak, u anchadan buyon yuqori tezligini ishga solib, raqib himoyachilarini rosa asabiylashtirmoqda.

1-o‘rin: Neymar - Kilian Mbappe - Edinson Kavani («PSJ»). Reytingda 1-o‘ringa qaysi trio joylashishini ko‘pchilik oldindan to‘g‘ri taxmin qilgan bo‘lsa kerak. Har holda, ayni payt «PSJ»dagi Neymar|Mbappe|Kavani ittifoqidan xavfliroq (yana qimmatliroq) uchlikni tasavvurga keltirish ham mushkul. Ehtimolki, ayrimlar «Parij uchburchagi»ni natijasini Fransiya elit divizionida raqobat nisbatan pastligi bilan izohlashar. Lekin statistikadan ko‘z yumishning iloji yo‘q: Neymar, Mbappe va Kavani Liga 1ning 17ta turida 33ta gol urishdi. «PSJ» bu o‘yinlarda 49ta gol hosil qilganini inobatga olsak, trioning ulushi 67 foizdan ko‘p. Qolaversa, Parij grandi to‘purarlari jami gollar soni bo‘yicha 2-o‘rindagi triodan ancha oldinda.

P.S.: mazkur reyting varaqasiga milliy chempionatlarning so‘nggi tur o‘yinlari ko‘rsatkichi qo‘shilmagan. Aytish joiz, ularda ro‘yxatga tushgan aksariyat trio­lar hisobiga yana gollar yozildi.

Manba: stadion.uz
Kiritildi: 09:03, 22.12.2018.
O'qildi: 2635 marta.
Fikrlar: 2 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.