O‘zbekiston Superligasining chempioni bo‘lgan holda “Lokomotiv” OCHL-2019ning B guruhiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oldi.
Oldinroq guruhdoshlarimiz Saudiya Arabistonining “Al Ittihod” va BAAning “Al Vahda” jamoalari haqida ma’lumotlar bergandik.
Endi B guruhiga chiqish uchun kurashadigan jamoalar haqida to‘xtalamiz.
Dastlab, B guruhiga chiqish uchun OCHL saralashining 2-bosqichida Hindistonning “Minerva Panjob” jamoasi 12 fevral kuni Eronda “Saypa” mehmoni bo‘ladi. Bu Hindiston jamoasining qit’a miqyosidagi ilk o‘yini hisoblanadi. Jamoa mamlakatning amaldagi chempioni sifatida OCHL saralash bosqichiga yo‘llanma oldi. Yakunlangan 2017/18 yilgi mavsumda panjobliklar 18 o‘yinda 11 g‘alaba, 2 durang, 5 mag‘lubiyat qayd etdi va 35 ochko to‘plab, yaqin ta’qibchisi “NEROKA”ni 3 ochkoga ortda qoldirdi.
2018 yilning avgustida jamoa boshqaruviga shimoliy irlandiyalik Pol Myunster taklif etildi. Hozircha uning qo‘l ostidagi jamoaning ishlari yaxshi emas. Yevropalik mutaxassis qo‘l ostida “Minerva Panjob” ayni damda Hindistonning 7-jamoasi bo‘lib turibdi. Klub 10 o‘yindan keyin 3 g‘alaba, 4 durang, 3 mag‘lubiyat qayd etdi. 13 ochko jamg‘argan “Minerva” peshqadam “Real Kashmir”dan 5 ochkoga ortda qolmoqda.
“Minerva Panjob”ning uy o‘yinlari va mashg‘ulotlarni Panchkula shtatidagi 3000 o‘ringa mo‘ljallangan “Tau Devi Lal Football Stadium” stadionida o‘tkaziladi.
“Minerva Panjob” tarkibida kolumbiyalik Xorxe Rodriges, nigeriyalik Filipp Njoku, Bala Daxir, Donatus Edafe, ganalik Uilyam Asiyedu va yaponiyalik Yu Kuboki kabi legionerlar faoliyat olib bormoqda.