Sport sohasida ro‘y berayotgan voqeliklarni xalqqa yetkazishda ommaviy axborot vositalarining roli katta. Milliy olimpiya qo‘mitasi yil davomida ko‘plab OAVlar bilan hamkorlik qildi. «Milliy sport mukofoti-2018» doirasida o‘zini har tomonlama ko‘rsata olgan ommaviy axborot vositalari xodimlari ham taqdirlandi.
«Yilning eng yaxshi sport jurnalisti» yo‘nalishida «Sport» telekanali muhbiri Marina Yakubova g‘olib bo‘ldi.
«Meni yorqin hislar qamrab olgan. Ushbu muvaffaqiyat men uchun kutilmagan bo‘ldi. Shuni aytib o‘tishni istardimki, biz o‘zbek sportini yoritish orqali uning rivojiga hissa qo‘shish uchun ishlayapmiz. Musobaqalar davomida biz ham sportchilardan kam bo‘lmagan holda qayg‘uramiz va ularning chiqishi vaqtida hayajonda o‘tiramiz. Biz bundan keyin ham sportchilarimizning ishtirokini yoritib, eng yaxshi reportajlarni tayyorlaymiz va O‘zbekistonda sport rivojlanishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz», – dedi 15 yildan buyon sport jurnalistikasi sohasida faoliyat olib borayotgan Marina Yakubova.
«Eng yaxshi ijtimoiy rolik» yo‘nalishida esa «Sport» telekanali direktori Zohid Karimov mukofotlandi.
«Ortda qolayotgan yil «Sport» telekanali uchun tarixiy bo‘ldi. Chunki, biz HD formatga o‘tdik. Milliy olimpiya qo‘mitasi bilan tizimli hamkorlik o‘rnatdik. Buning evaziga bizda musobaqalarni muxlisga voqea joyidan, jonli ravishda yetkazib berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Birinchi navbatda, yoqori saviyada yoritib berilgan Osiyo o‘yinlarini qayd etgan bo‘lardim. O‘ylaymanki, muxlislarimiz o‘zbek sportchilarining Indoneziyadagi g‘alabasini, ularning xursandchiliklarini his qila oldilar. Umid qilamanki, ushbu hamkorlik uzoq davom etadi. Va albatta, kamtargina mehnatimizni ana shunday taqdirlagan Milliy olimpiya qo‘mitasiga minnatdorchilik bildiraman. OAV xodimlariga ana shunday e’tibor qaratilayotgani juda yoqimli. Kelajakda bundan ham qattiqroq ish olib boramiz», – dedi Zohid Karimov.
Shuningdek, «Sport sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun» «UzReport» telekanali direktori Ravshan Jo‘rayev, «Eng yaxshi sport targ‘ibotchisi» yo‘nalishida esa MOQning Matbuot va media departamenti direktori Zafar Imomxo‘jayev taqdirlandi.