Kirish Ro'yxatdan o'tish
26/12 17:30 Manchester Siti - Everton
26/12 20:00 Bornmut - Kristal Pelas
26/12 20:00 Chelsi - Fulhem
26/12 20:00 Nyukasl - Aston Villa
26/12 20:00 Nottingem Forest - Tottenhem
26/12 20:00 Sautgempton - Vest Xem
26/12 22:30 Vulverhempton - Man. Yunayted
27/12 01:00 Liverpul - Lester

Tansiq tarannum yoxud «Orzudan suv ichar jasorat guli»

Tansiq tarannum yoxud «Orzudan suv ichar jasorat guli»

Baho:
+ | -1

Yil boshida turib, ortga nazar tashlash va yangi yil orzulari haqida so‘zlash - insoniyatga xos taomil. Biz ham mulohazalarimizni shu taomilga asosan yozishimiz kerak edi. Ochig‘i, shu ishga o‘zimizni ruhan chog‘ladik ham. Biroq Doniyor Pirmatov va o‘g‘li Ibrohimjonning qo‘ng‘irog‘i rejamizni o‘zgartirib yubordi. «MYU»ning sadoqatli muxlisi bo‘lgan Doniyor har safar muloqotimiz avvalida «Muhammad aka, «Do‘stlik» va «Navbahor»ning chempion tarkibini har qanday vaziyatda aytib berishimga ishonasizmi?» deya so‘raydi. Biz ham futbolni bemisl sevguvchi bu muxlisga ishonishimizni aytishdan charchamaymiz. Haqiqatan ham, u o‘sha mashhur tarkiblarni yoddan biladi va «hay-hay»lashimizga qaramay, nechanchi martadir barchaga tanish sobiq futbolchilar ism-familiyasini birma-bir sanaydi. Uning hayajonlari bizga ham yuqadi va muammolar mavzusiga o‘ralashgan futbol ruhiyati kutilmaganda yangilanayotganini, yuksalayotganini sezib qolamiz. Tuzukroq to‘p tepolmaydigan futbolchilar va arang kun ko‘rayotgan klublar haqidagi tushkun kayfiyat nari suriladi. Futbol aslida mug‘ombirlik va manfaatparastlikdan baland mo‘’jiza ekanini his qilasan kishi, beixtiyor. «Yuventus» va «Liverpul» muxlislari safi birdan ko‘payib ketishi shu beg‘ubor jarayonga aloqador ekani oydinlashadi bahs-munozaralar charchatgan ongu shuurni tinchlantirib.

Doniyor bilan bu safargi muloqotimiz ham qadrdon «ssenariy» asosida boshlandi. Keyin u yana ham «ochildi»: «Kayfiyatim chog‘, aka! O‘g‘lim ikkovimiz No‘’mon Hasanovdan «Qo‘qon-1912» sharfini undirdik. Klublarning sharflari soni uy-muzeyimizda 43taga yetdi. Futbol - uzuk. «MYU» - shu uzukning ko‘zi. Sulsherda g‘alaba surnayi bor. Shu surnayni chalsa bo‘ldi - «MYU» g‘alaba qozonaveradi. Men tan beradigan «Benazir»da quvonchli g‘alaba surnayi yo‘q edi...»

Berilib so‘zlayotgan Doniyorning kayfiyati o‘zgardi va shivirladi: «Ming mahoratli bo‘lsin, g‘alaba surnayini chalolmasa befoyda ekan-a, aka! Mouga achindim. Nima deb o‘ylaysiz: Kuperda shunaqa surnay bormi? Men borligiga ishonyapman!»

Bo‘ldi! Shu so‘zlarni tinglagan ko‘pchilikka ma’lum sarhisob haqida yozish mumkinmi?!

Biz sarhisob yozmadik - she’r yozdik. Ha, o‘zi bilmagan holda Doniyor bizga she’r yozdirdi.

Termamiz tarannumi

Xushhol jilmayadi yovqur Chingachguk,

Qo‘rqmay suzar, ana, Jasper - chuchuk suv.

Unkasning yuragi uradi duk-duk,

Uni deb preriya yosh to‘kar duv-duv.

 

Uzun karabinning chaqnaydi ko‘zi,

G‘alaba qo‘shig‘in yozar Fenimor!

G‘oliblik haqida aytgan har so‘zi,

Qarang, Ektorda ham uning fe’li bor.

 

Kuper! Bu so‘z bizga tanish qadrdon,

Bolalikdan salom yo‘llar yop-yorug‘.

Olqishlashga hozir Dubayda maydon,

Termamiz-la Ektor soladi dovrug‘.

 

Darvoza muxlisning katta qulochi,

Ishonchli Ignatiy, O‘tkirbek, Sanjar.

Uzoqqa cho‘zilmas raqib quvonchi,

Posbonlar qo‘lidir zarblarga xanjar.

 

Futbol Femidasi ko‘tarar gavron,

To‘pga tashlanadi qo‘l siltab Anzur.

Raqibga tik boqar Doston va Davron,

Yegor, Islom, Farrux barchaga manzur.

 

Eslaylik! Hayajon... Raqib hujumi...

Bo‘sh qoldi darvoza... Oleg to‘sar to‘p!

Yelkasida turar alam xurjuni,

Akmalning armoni biznikidan ko‘p!

 

Sakkiz yil muqaddam Doxani turtib,

Odil - Osiyoda bo‘ldi ovoza.

U zarba yo‘llaydi o‘zin unutib,

«Darvozabon qani?!» - titrar darvoza.

 

Yurtdoshi yosh Odil yonida har dam,

Otabek, Ikromdan uning ko‘ngli to‘q.

Eldor, Doston, Aziz hamisha bardam,

Sardor, Jaloliddin - otilajak o‘q.

Fozil g‘alabani ko‘ksiga joylar,

Javohir o‘yini - termamizga zeb.

Marat maydon ichra paytini poylar,

Gollar yomg‘irini yog‘diraman deb!

 

Kuper ajablansin va qolsin hayron,

- Yigitlar! Vaqt yetdi! Sizlarga omad!

O‘zbekiston - bugun ulkan hayajon,

Faqat yutuq-yupanch, obro‘, daromad...

 

Qancha tanqid yozdik - ortdadir bari,

So‘nggi mogikanning faryodi misol.

Vaqt yetdi! Boraylik quvonchlar sari,

Darvoza to‘ridan to‘p topsin visol.

 

Orzumand muxlislar xayolga tolib,

Derlar: «Futbol - falak tashlagan o‘yin!

Termamiz Dubayda gar bo‘lsa g‘olib,

O‘tkazib beramiz chin futbol to‘yin!»

 

Ustida Alpomish kishnar Boychibor,

Har bir futbolchini hujumga chorlab.

Xavi Xavi emas - taxminda kibor,

Uni uyaltirar termamiz porlab.

 

Birdan potrab uchar Dubayda qushlar,

Xonishlari tutib moviy osmonni.

Dunyo qo‘limizdan mahkamroq ushlar,

Bayroq biling unga O‘zbekistonni!

Bor gap - shu! Boshqacha yozib bo‘lmasdi shu kunlarda. Romantik tuy-g‘ular, ulug‘vor orzular - futbolning ham bezagi. «Orzudan suv ichar jasorat guli» deydi shoir. Futbol birov ishonmaydigan g‘alabalari bilan ham qiziqarlidir. Aks holda, ketma-ket ikki mag‘lubiyatdan gangigan «Manchester Siti» bugun «Liverpul»ga qarshi ayovsiz tish qayramasdi. Shu bois termamizga ko‘proq ishonaylik!

Manba: InterFutbol
Kiritildi: 15:13, 05.01.2019.
O'qildi: 3770 marta.
Fikrlar: 4 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.