Kirish Ro'yxatdan o'tish
15/11 02:00 Venesuela 1-1 Braziliya
15/11 04:30 Paragvay 2-1 Argentina
15/11 05:00 Ekvador 4-0 Boliviya
15/11 17:00 Indoneziya 0-4 Yaponiya

Umid Ahmadjonov: «Kim chempionat startidan keyin formatga osilgan bo‘lsa, mag‘lubiyatga chidamas ekan»

Umid Ahmadjonov: «Kim chempionat startidan keyin formatga osilgan bo‘lsa, mag‘lubiyatga chidamas ekan»

Baho:
+1 | -
Bo'lim: O'ZBEK FUTBOLI
Rukn: Yangiliklar

2019 yil kirib kelishi bilan Kun.uz O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi, O‘zbekiston futbol assosiasiyasi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan intervyu uyushtirdi. U O‘zbekiston Superligasining yangi mavsumdagi formati haqidagi savollarga javob qaytardi.

–– 2018 yilgi mavsumda tajriba ko‘rinishida bo‘lgan Superliga formati ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Mavsum davomida hatto klublar murabbiylari ham qoidalarni yaxshi tushunmagani ma’lum bo‘lib qoldi. Tajriba o‘zini oqladimi? Yangi mavsumda ham shu format saqlab qolinadimi?

— Kim chempionat startidan keyin formatga osilgan bo‘lsa, mag‘lubiyatga chidamas ekan. Chunki, chempionatni hamma 0 ochkodan boshladi va hammada imkoniyat teng bo‘ldi. O‘yna, yut va chempion bo‘l, kim xalal beradi senga. Shunday odamlar uchun ham formatni o‘zgartirib beramiz. Qani ko‘raylikchi, endi nima deyisharkin? Hamma muammo formatda deb o‘ylayotgan odam borki, yo futbolni tushunmaydi yoki shunchaki formatdan boshqasiga osilishga aqli yetmaydi.

— O‘zbekiston chempionati o‘yinlari televideniyeda jonli uzatilishi qanday kelishuv bo‘yicha amalga oshiriladi? Bunda qaysi tomonning qanday manfaatlari ko‘zda tutiladi?

— Aslida translyasiyani sotib, pul qilish kerak. Biroq buning uchun talab kuchli bo‘lishi, 2-3 telekanal o‘rtasida raqobat bo‘lishi shart. Biz chempionat o‘yinlari jonli efirda ko‘rsatilishidan manfaatdormiz. Shuning uchun kerak vaqtda «Sport» telekanali uchun moliyaviy yordam bergan vaqtimiz ham bo‘ldi. Va shu o‘rinda MTRK rahbariyatiga ham tarixda bo‘lmagan ishlarni uddalay olishgani uchun minnatdorchilik bildiraman.

Biz o‘zaro hamkorlikni davom ettiramiz. Shu jonli efirlar sabab hakamlar ham Superligada yetti o‘lchab, bir kesishga harakat qildi. Endi sekin-asta Pro-liga «A» uchrashuvlarini ham efirga olib chiqish ustida o‘ylamoqdamiz. Umid qilamanki, «Sport» yanada yeng shimarib ishlay oladi. Bizga jonli efirlar kerak. Bu bu yo‘lda qo‘limizdan kelganicha yordam berishga harakat qilamiz.

— O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo o‘yinlarida kiyadigan libosi muxlislar va jurnalistlar tanqidiga uchradi. Shundan kelib chiqqan holda kelgusida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin?

— Tanqid bo‘lgani yaxshi. Ammo biz ham terma jamoaga sifatsiz libos kiydirib qo‘ymaymiz. Faqat tashqi ko‘rinishga baho bermay, kelishsin, ushlab ko‘rishsin, kiyib ko‘rishsin va baho berishsin. Avvalgi homiy bilan solishtirish uchun ham imkoniyat bo‘ladi.

Ha, dizayni soddagina. Biroq bundan nega uyalish kerak, agar libosning o‘zi sifatli bo‘lsa?! Mark Sukerberg ham oddiy kiyimlarda yuradi, biroq aqli, puli haqida gap ketganida biz uni yerga ura olamizmi? 1994 yilda terma jamoamiz Osiyo o‘yinlariga bittagina libosda ketib, chempionlikni qo‘lga kiritgandi. Futbolchilar terma libosini kiyishni orzu qiladi, uning har qanday matosida ham jonini berib o‘ynaydi, vatan sha’ni turibdi-ku? Bilmaganlar esa ko‘rganiga ishonib gapiraveradi. Bugunga kelib hukumat hech bir sportchini kimdandir kam qilayotgani yo‘q. Osiyo o‘yinlariga bordik, boshqa musobaqalarda qatnashdik, birortasida ham hech kimdan kam joyimiz bo‘lmadi. Bundan keyin ham bo‘lmaydi. Buning uchun davlatimizga va uning rahbariga alohida tashakkur aytaman.

Kimlardir orzu qilayotgan o‘zgacha dizayn esa albatta bo‘ladi. Shu vaqtgacha aytgan ishlarimizni qilib kelyapmiz, bundan keyin ham shunga harakat qilamiz. Mashhur xorijlik murabbiy kelishiga ishonmaganlar Kuperni kutib olganidek, bugun format yoki formadan norozi bo‘layotganlar o‘sha maxsus dizaynli formani ham ko‘rishadi. Faqat sabr kerak ozgina.

Manba: KUN
Kiritildi: 12:07, 06.01.2019.
O'qildi: 4718 marta.
Fikrlar: 1 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.