Kirish Ro'yxatdan o'tish
23/12 00:45 Monsa 1-2 Yuventus
23/12 01:00 Betis 1-1 Rayo Valyekano
23/12 22:30 Fiorentina 1-2 Udineze
24/12 00:45 Inter 2-0 Komo

Osiyo kubogi kundaligi, 6-kun: "Ochen rahmat!"

Osiyo kubogi kundaligi, 6-kun: "Ochen rahmat!"

Baho:
+ | -

Bugungi kun ham sensasion natija bilan boshlanishiga bir baxya qoldi. Qo‘shnilarimiz Xitoyga qarshi o‘yinda hisobni ochishgandi, ammo biroz tajriba yetishmadi, shekilli, yakunda mag‘lubiyatga uchrashdi.

Debyutant terma jamoa uchun yomon debyut emas. Musobaqada qo‘shnilarimizga omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

Janubiy Koreya qiynalib Filippinni yutdi. O‘sha bizga qarshi Avstraliyada o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazgan Janubiy Koreya. Bu Osiyo Kubogi "g‘alati" boshlandi. Xayrulla akaning aytishlari bo‘yicha bunday "g‘alati" natijalarning boisi ilk o‘yindagi hayajon va shunga o‘xshash holatlar. "2-turdan boshlab hammasi joyiga tushsa kerak", - deb qo‘shib qo‘ydilar. Ko‘ramiz, vaqt oliy hakam. Biz hozir faqat birinchi o‘yinni o‘ylayapmiz. Qarshimizda "sirli" Ummon "yastanib yotibdi". Uni "Ming bir kecha"dagi mohir dengizchi Sinbad kabi "jilovlashimiz" kerak.

Bugun Osiyo kubogida ishlash uchun O‘zbekistondan bir qator taniqli jurnalistlar tashrif buyurishdi. Xayrulla aka bilan ular joylashgan mehmonxonaga borib, OAV vakillari bilan uchrashdik. Hol-ahvol so‘radik va ertangi matbuot anjumani hamda mashg‘ulotlarga ularning tashrifi bo‘yicha gaplashib oldik. Xayrulla aka hamkasblarni ancha sog‘ingan ekanlar, ular bilan yozilib dildan suhbatlashib olish uchun o‘sha yerda qolishga qaror qildilar. Men esa ba’zi ishlarni yakuniga yetkazish maqsadida yana terma jamoamiz a’zolari joylashgan mehmonxonaga qaytib keldim.



Ertaga bir qator muhim tadbirlar bor. Komissar ishtirokidagi umumiy miting, terma jamoa shifokorlari uchun alohida miting, matbuot anjumani va o‘yinoldi mashg‘ulot. Barchasiga ulgurish kerak. Barchasini yuqori saviyada o‘tkazish zarur.

Darvoqe, bugungi mashg‘ulotlar odatdagidek o‘tdi. Yengil mashqlardan keyin asosiy e’tibor kichik hajmdagi darvozaga gol kiritishga qaratildi. Keyin futbolchilar ikki guruhga bo‘linib, futbol o‘ynashdi. E’tiborlisi umumiy mashg‘ulot yakuniga yetgandan keyin darvozabonlar qolib, Denis Ivankov boshchiligida mashg‘ulotlarni davom ettirishdi. Bugun ham mahalliy OAV vakillari mashg‘ulotga kelishdi. "Sharja" klubi matbuot xizmatidan kelgan jurnalist Otabek Shukurovdan intervyu olmoqchi bo‘ldi. Qizig‘i, bu paytda allaqachon mashg‘ulot boshlanib bo‘lgandi. "Sharja" vakili esa Otabek Shukurov mashg‘ulotni to‘xtatib turib, 10 daqiqa vaqtini intervyuga ajratishini iltimos qildi. "Professionallik"ni qarang! Qaysi futbolchi Osiyo kubogi kabi muhim musobaqa oldidan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotni to‘xtatib turib, intervyu beradi?!
 
Mashg‘ulot tugaguncha kutib turishni unga muloyimlik bilan tushuntirgandik, vaqti ziqroq ekan shekilli, ketib qoldi. Terma jamoamiz yordamchi murabbiyi Mahmud Fayozning iborasi bilan aytadigan bo‘lsak: "Ochen rahmat!"
 
Mashg‘ulotdan so‘ng muzli vannada tiklanish, keyin esa kechki tanovul. Bugun vaqtliroq uxlash kerak, ertaga bizni muhim ishlar kutmoqda!
 
Yoqubjon Bobojonov, O‘FA Matbuot xizmati boshlig‘i
Sharja, BAA

Manba: ufa.uz
Kiritildi: 22:48, 07.01.2019.
O'qildi: 9587 marta.
Fikrlar: 3 ta.

Eng ko'p o'qilgan yangiliklar


Asosiy saxifa
© STADION.UZ
Guvohnoma №0917. Berilgan sanasi: 02.12.2013. Muassis: «OSIYO KABEL» MCHJ. Bosh muharrir: Bo‘ronov Olimxo‘ja Azimxo‘ja o‘g‘li. Tahririyat manzili: 100057, Toshkent shahri, Usta Shirin 125. E-mail: admin@stadion.uz
Barcha huquqlar himoyalangan. Sayt materiallaridan to‘liq yoki qisman foydalanilganda veb-sayt manzili ko‘rsatilishi shart.
Blogdagi materiallar uchun blog egasi, xabarlar ostidagi fikrlar uchun foydalanuvchining o‘zi javobgar.