Bugun, 2019 yil 21 yanvar kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganiga 27 yil to‘ldi. MOQ – nodavlat notijorat tashkilot hisoblanadi.
O‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Xartiyasi va O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Nizomi asosida olib boradi. Tashkilot Respublikamizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpiya harakatini targ‘ib qilish yo‘lida muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 1992 yilning 21 yanvar kuni tashkil etilgan. 1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 101 sessiyasida O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan va shundan so‘ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Shu kundan e’tiboran, O‘zbekiston muntazam ravishda yozgi va qishki Olimpiya o‘yinlarida qatnashib kelmoqda.
Mustaqil mamlakat sifatida Olimpiya o‘yinlarida
O‘zbekiston bugungi kungacha mustaqil davlat sifatida 7 ta qishki (Lillexammer-1994, Nagano-1998, Solt-Leyk-Siti-2002, Turin-2006, Vankuver-2010, Sochi-2014, Pxyonchxan-2018) Olimpiadada qatnashgan. Umumiy hisobda qishki Olimpiya o‘yinlarida shu kungacha 29 nafar sportchi yurtimiz sharafini himoya qilgan. Qishki Olimpiadalar tarixida terma jamoamiz a’zolari tomonidan 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgan. 1994 yili Lina Cheryazova Norvegiyaning Lillixammer shahrida fristayl bo‘yicha qishki Olimpiya o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilgan. Ushbu medal mustaqil O‘zbekistonning Olimpiadalardagi ilk oltini sifatida tarixga kirgan.
Yozgi Olimpiya o‘yinlarida esa 1996 yildan buyon muntazam ravishda ishtirok etib kelamiz. O‘zbekiston umumiy hisobda 6 ta yozgi (Atlanta-1996, Sidney-2000, Afina-2004, Pekin-2008, London-2012, Rio-de-Janeyro-2016) Olimpiadada 406 nafar sportchi bilan qatnashgan. Hamyurtlarimiz tomonidan 9 ta oltin, 7 ta kumush va 17 ta bronza medali qo‘lga kiritilgan.
Bugungi kunda MOQ siyosati
Bugun Milliy olimpiya qo‘mitasi mamlakatimizda sportni rivojlantirish yo‘lida keng ko‘lamda ish olib bormoqda. Tabiiyki, bu borada asosiy e’tibor olimpiya sport turlariga qaratilmoqda. O‘tgan yili noolimpiya yo‘nalishlaridan olimpiya sport turlariga iqtidorli sportchilarni saralab olish maqsadida ko‘plab seleksion musobaqalar tashkil etildi.
Bundan tashqari, Milliy olimpiya qo‘mitasi xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli xalqaro sport tashkilotlari, yetakchi sport mamlakatlari bilan keng qamrovli hamkorlikni qo‘lga qo‘ygan.
Olimpiada-2020 yo‘lida
Milliy olimpiya qo‘mitasi xalqaro arenalarda, kompleks musobaqalarda muvaffaqiyatga erishish uchun sport federasiyalari va assosiasiyalari bilan hamjihatlikda ish olib bormoqda. Tashkilot tomonidan Tokio-2020 Olimpiadasi uchun ishlab chiqilgan strategiya asosida terma jamoalarimiz xorijiy o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etishmoqda. Qolaversa, sport tibbiyoti yo‘nalishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu munosabat bilan, MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazidagi sharoitlar yaxshilandi, terma jamoa a’zolari ushbu markazda to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tib kelishmoqda.
2019 yil lisenzion musobaqalar yili bo‘ladi. Biz ushbu musobaqalarda Tokio 2020 Olimpiya o‘yinlari uchun ko‘plab lisenziyalarni qo‘lga kiritishni maqsad qilganmiz. Bungacha har to‘rt yillikning eng nufuzli sport musobaqasida o‘zbek sportchilari ishtirok etmagan yo‘nalishlarda ham qatnashib, o‘ziga xos «Olimpiya imtihoni»ni muvaffaqiyatli topshirish va xalqimiz, Prezidentimiz hamda sport muxlislari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.