O‘tgan yili bronza medalini qo‘lga kiritgan Namanganning «Navbahor» klubi yangi mavsumda ham o‘z oldiga jiddiy maqsadlarni qo‘ymoqda. Deylik, yangi mavsumda «lochinlar» yanada yaxshiroq natijalarga erishishmoqchi. Jiddiy maqsadlar uchun esa tabiiyki, tayyorgarlik ham a’lo darajada bo‘lishi lozim. Shu maqsadda namanganliklar bu yilgi mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini nafaqat Namanganda, balki xorijda - Qrim va Turkiyada ham olib borishni rejalashtirishgan. Hozirgi vaqtda jamoa a’zolari o‘z qarorgohlaridagi ilk mashg‘ulotlarni yakunlab, Qrimdagi yig‘inga kirishishgan. Biz safar oldidan «Navbahor» klubi bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis bilan uchrashib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.
- Andrey Antanasovich, Namangandagi ilk o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini qanday o‘tdi? Avvalo, shu haqda fikr bildirsangiz...
- Umuman olganda, ilk yig‘indan to‘la qoniqish hosil qildim. Yig‘inning ko‘pchilik kutganidek, Toshkentda emas, Namangandagi o‘tkazilgani klubga iqtisodiy tarafdan ham ancha foydali bo‘ldi. Boisi, ko‘plab futbolchilarning uylari shu viloyatda, shuningdek, stadionlar ham yaqin. 5-17 yanvar oralig‘idagi mashqlar davomida asosiy e’tiborni o‘yinchilarning tiklanish jarayoniga qaratdik. Shuningdek, mazkur yig‘in davomida 2ta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdik. «Rash-Milk» (Andijon) hamda «Istiqlol» (Farg‘ona) jamoalari bilan bo‘lgan nazorat-sinov bahslarida yigitlar tegishlicha - 4:0 va 2:1 hisoblarida zafar quchishdi. Buning uchun futbolchilarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ammo ushbu o‘rtoqlik o‘yinlarida men uchun asosiysi, natija emas, balki futbolchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarliklarini qandayligini ko‘zdan kechirish edi. Eng muhimi, yig‘in davomida jamoaning 90 foiz tarkibini aniqlab olishga ham muvaffaq bo‘ldik.
- Rejaga ko‘ra, keyingi o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari Qrim va Turkiyada davom ettiriladi. Aytingchi, bu yig‘inlar davomida «Navbahor» qaysi jamoalarga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazadi?
- To‘g‘ri aytdingiz, jamoamizning keyingi yig‘inlari xorijda - Qrim va Turkiyada davom ettiriladi. Qrimda 20 yanvardan 1 fevralgacha yig‘in olib borishni rejalashtirganmiz. So‘ngra futbolchilarga qisqa muddatli ta’til beriladi hamda keyingi yig‘in 5-17 fevral kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tadi. Joriy mavsumga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichini esa Namanganda o‘tkazamiz. Albatta, xorijdagi yig‘inlar davomida bir qator nazorat-sinov bahslari o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Jumladan, Qrimda mazkur respublikaning yetakchi jamoalari bo‘lgan «Tavriya» (Simferopol), «Sevastopol» (Sevastopol) va «Evpatoriya» (Evpatoriya) klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.
- Xorijdagi yig‘inlar davomida «Navbahor» tabiyki, bir qator yangi futbolchilarni sinovdan o‘tkazadi. Umuman, legionerlar borasida nima deysiz?
- Ha, albatta, Qrimdagi mashg‘ulotlar davomida bir nechta xorijlik o‘yinchilarni ko‘rikdan o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ular qatorida 2 nafar osiyolik, aniqrog‘i, eronlik legionerlar ham bor. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida o‘z mahoratini namoyish etib, ishonchimizni oqlagan futbolchilar bilan shartnoma imzolaymiz. Men uchun nomlar emas, o‘yinchilarning saviyasi hamda mahorati asosiy o‘rinda turadi.
- «Navbahor»ning murabbiylar shtabiga ukrainalik mutaxassis Nikolay Shevchenko kiritilgandi. Ammo u negadir Namangandagi mashg‘ulotlarda ko‘rinmadi va keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, jamoani tark etibdi. Buning sababi nimada?
- Biz Nikolay Nikolayevich Shevchenkoni klubning tashkiliy ishlari bilan shug‘ullanishi uchun taklif etgandik. Lekin uning rejalari boshqacha bo‘lgan, chog‘i. Bunisi endi bizga qorong‘u. Bilganim shuki, Shevchenko bu yo‘nalishda faoliyat yuritishni istamadi. Xullas, Nikolay bilan do‘stona tarzda xayrlashib, uning keyingi faoliyatiga omad tiladik.
- Siz ko‘plab mashhur klublarda o‘ynagan bo‘lsangizda, ancha kamtarsiz. Ammo shunday futbolchilar borki, hali biror narsani qoyil qilmagan bo‘lsa-da, ancha takabbur. Siz jamoaga taklif qilayotgan o‘yinchilarning mahorati va saviyasidan tashqari, insoniylik jihatlari, o‘zini qanday tutishiga ham e’tibor qaratasizmi?
- Bo‘lmasam-chi! Futbolchi har qancha mahoratli bo‘lmasin, u tarbiyali bo‘lmasa va intizomga bo‘ysunmasa, bunday o‘yinchining menga keragi yo‘q. Boisi, futbolda tartib-intizom birinchi o‘rinda turadi. Bejizga sportda intizom mahoratdan ustun, deyishmaydi. Bunga misol tariqasida rossiyalik futbolchilar - Aleksandr Kokorin va Pavel Mamayevni keltirish mumkin. Ular tartibsizlik uyushtirishgani uchun o‘z qilmishlariga yarasha jazolanishdi. Takabbur futbolchilar bir narsani unutmasliklari lozim: barchamiz kim bo‘lishimizdan, qaysi mashhur klubda o‘ynashimizdan, qancha mablag‘ topishimizdan qat’iy nazar, barcha qatori oddiy insonmiz. Shuni unutmasak bo‘lgani.
- Futbolchilik davrida ko‘plab mashhur murabbiylar, deylik, Valeriy Lobanovskiy, ser Aleks Fergyuson va Dik Advokatlarning qo‘l ostida o‘ynagansiz. Mazkur taniqli mutaxassislardan o‘rgangan o‘yin uslublaringiz murabbiylik faoliyatingizda asqotyaptimi?
- Bilasizmi, o‘sha paytlari maxsus daftar tutib, siz yuqorida tilga olgan murabbiylarning taktikalarini yozib borardim. To‘g‘ri, ulardan ko‘p narsa o‘rgandim va murabbiylik faoliyatimda ayrim o‘yin uslublari ham asqotyapti. Ammo har bir murabbiyning uslubi bo‘ladi, shu jumladan, mening ham o‘z taktikam bor. To‘g‘ri, Lobanovskiy, Fergyuson va Advokat kuchli murabbiylar sirasiga kirishadi. Ammo ularning o‘yin uslublaridan menikidan tubdan farq qiladi. Har qanday taktikani qachon va qayerda, qaysi raqibga qarshi qo‘llashni bilish kerak. Shundagina har bir murabbiy o‘z niyatiga yetadi.
- Tarkibda ajablanarli o‘zgarish bor: o‘tgan mavsumda «Navbahor» darvozasini qo‘riqlagan darvozabonlarning barchasi jamoa safini tark etishdi. Xo‘sh, bu o‘rinni qanday to‘ldirmoqchisiz?
- Bir necha yil davomida Muborakning «Mash’al» klubida faoliyat yuritgan, asli poplik bo‘lgan Pavel Sinelnikov bu yildan boshlab, klubimizda darvozabonlar murabbiyi sifatida faoliyat olib boradigan bo‘ldi. U bilan kelishgan holda, jamoamizga 2 nafar mahoratli golkiperni taklif etishni rejalashtirganmiz. Mazkur darvozabonlarning safimizga Qrimdagi yig‘in davomida qo‘shilishlari ehtimoli bor. Ammo ularning kimligini hozircha oshkor etolmayman.
- Ayni paytda BAAda navbatdagi Osiyo kubogi musobaqasi davom etmoqda va unda O‘zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda. Mutaxassis sifatida milliy terma jamoamizning namoyish etayotgan o‘yinlari borasida nima deya olasiz?
- Ayni paytda yurtingizda faoliyat olib boryapman va albatta, O‘zbekiston terma jamoasi uchun muxlislik qilib, ushbu jamoa uchun qayg‘uraman. Biz uchun quvonchlisi, milliy terma jamoada 2 nafar vakilimiz - himoyachi Davron Hoshimov va yarim himoyachi Azizbek Turg‘unboyevning borligi. Bu mehnatlaringizning samarasini ko‘rsatuvchi omil. Milliy terma jamoaning namoyish etayotgan o‘yinlari haqida to‘xtaladigan bo‘lsam, guruh bosqichi 1-turida ummonliklar bilan o‘yinda Ektor Kuper shogirdlariga omad kulib boqdi. Hamyurtlaringiz shuning hisobiga g‘alaba qozonishdi (2:1). Turkmanlar bilan kechgan ikkinchi bahsda esa o‘zbekistonliklar hujumkor o‘yin namoyish etib, yirik hisobda zafar quchishdi (4:0) va muddatidan oldin nimchorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Yaponlarga qarshi ham yigitlar yomon o‘ynashmadi, aksincha, to‘pni aynan vatandoshlaringiz nazorat qilishdi. Biroq vaziyatlardan foydalanish borasida kamchiliklar bor, baribir. Deylik, Davron zarba bergan holatda men ham to‘p darvozaga kirdi, deb o‘ylagandim. Afsuski, yana omad biroz pand berdi. Har qanday holatda ham, milliy terma jamoaga BAAdagi musobaqada omad tilayman.
- O‘tgan mavsumda «Navbahor» bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu yil ham klub rahbariyati va muxlislar jamoadan sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishini kutishlari tabiiy. Klub yangi mavsumda o‘z oldiga qanday maqsadni qo‘ygan?
- Bitta marra egallangandan keyin uni yanada yuqoriga ko‘tarish talab etiladi. Shunday ekan, joriy yil o‘tgan mavsumdagidan ham ko‘ra, yaxshiroq natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. Buning uchun esa tarkibni kuchaytirish talab etiladi. Shuning uchun jamoa safiga yuqori saviyali va mahoratli futbolchilarni jalb etishga intilyapmiz. Nasib qilsa, o‘z maqsadimizni amalga oshiramiz, degan umiddaman.
Aytgancha, "Manchester Yunayted" klubi rasmiy tarzda o‘zining sobiq futbolchisi, hozirda "Navbahor" FK bosh murabbiyi Andrey Kanchelskisni yubiley 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan tabrikladi... Andrey Antanasovichni "MYU"dagilar hozir ham yaxshi ko‘rishib eslab turishadi...