“Liverpul” hamda Niderlandiya terma jamoasi vingeri Kodi Gakpo yozgi transferlar oynasi vaqtida boshqa jamoaga o‘tishi mumkin. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar kelasi mavsum uchun asosiy tarkibda doimiy o‘yin amaliyoti kafolatlanmasa, Gakpo “Liverpul”ni tark etishga tayyor. Chunki futbolchiga Yevropaning 8 ta klubi jiddiy qiziqish bildirmoqda. Ular orasida Angliyaning “Aston Villa” va “Tottenhem”, Madridning “Atletiko”, Italiyaning “Milan”, Germaniyaning “Leypsig” hamda Turkiyaning “Fenerbahche” va “Beshiktosh” bor.
Ma’lumot o‘rnida, Kodi Gakpo yakuniga yetgan mavsum Angliya Premyer Ligasi doirasida jami 36 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 7 ta gol va 5 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ygan. Uning klub bilan shartnomasi 2030-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portali futbolchining bozor qiymatini 60 million yevroga baholamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 27 yoshli o‘yinchi ayni paytda Niderlandiya terma jamoasi safida Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Mundial oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan so‘nggi nazorat uchrashuvida Gakpo ikkita penaltidan unumli foydalanib, niderlandlarning 2:1 hisobida g‘alaba yordam bergan edi.













