O‘zbekiston chempionatining yangi mavsumi boshlanishiga ham roppa rosa bir oyvaqt qolmoqda. Xo‘sh, jamoalarda tayyorgarlik jarayoni qanday davom etmoqda? Tarkibda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi.
Quyida barcha savollaringizga javob olishingiz mumkin.
«Lokomotiv»
Amaldagi chempion BAAning Dubay shahrida tashkillashtirilgan yig‘inini yakunladi. «Lokomotiv» u yerda 9-23 yanvar oralig‘ida tig‘iz jadval asosida mashg‘ulot o‘tkazish barobarida 3ta nazorat o‘yinida maydonga tushdi. «Temiryo‘lchilar» dastlab, 16 yanvar kuni «Spartak» (Moskva) bilan kuch sinashib, 2:5 hisobida yengilishdi. 18 yanvarda esa Slovakiyaning «Jilina» jamoasi dog‘da qoldirildi - 2:0. 21-sanada Daniyaning amaldagi chempioni - «Brondbyu»ga qarshi kechgan bahsda esa 1:5 hisobi qayd etildi. Navbatdagi yig‘in 30 yanvar - 13 fevral kunlari Turkiyada olib boriladi. Darvoqe, «Lokomotiv» rahbariyati Davron Hoshimov transferini e’lon qildi. So‘nggi yillarda «Paxtakor» va «Navbahor» jamoalarida munosib o‘ynab, O‘zbekiston milliy termasining asosiy tarkibiga kirgan himoyachi «Loko» bilan 2 yillik shartnoma tuzdi. Jamoa ayni payt yana bir qator futbolchilar bilan muzokara olib bormoqda. Kutilishicha, yaqin kunlarda «qaynoq» transferlar haqida rasman xabar beriladi.
«Paxtakor»
«Sherlar» rejadagi xorij yig‘ini uchun BAAning Abu-Dabi shahriga yo‘l olishgandi. Marriott Forsan mehmonxonasiga joylashgan jamoa mashg‘ulotlarida 24 nafar futbolchi qatnashmoqda. Hozircha asosiy tarkibda bitta yo‘qotish bor: darvozabon Eldor Suyunov jarrohlik amaliyotidan keyin tiklanish jarayoni bilan bandligi sabab, BAA safaridan chetda qoldi. «Paxtakor» kecha Daniyaning «Brondbyu» jamoasiga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida maydonga tushdi. 4 fevral kuni esa «sherlar» Shvesiyaning «Erebro»si bilan kuch sinashadilar. Eslatma, O‘zbekiston vise-chempioni OCHL-2019 saralashi ikkinchi bosqichi doirasida 12 fevral kuni Iroqning «Eyr Fors» klubini qabul qiladi. Saralash bahslari ancha erta boshlanishi bois, «Paxtakor» rahbariyati o‘yinchilarni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini boshlab yubordi. Xususan, BAA safari oldidan bir qator yangi futbolchilarni ro‘yxatga kiritish uchun ariza topshirdi. Deylik, o‘tgan mavsum «Lokomotiv» o‘ynagan Marat Bikmayev hamda Sadriddin Abdullayev «Paxtakor» a’zosiga aylanishdi. Shuningdek, Doston Hamdamov va Sanjar Quvvatov ham «sherlar» safidan joy olishdi. «Paxtakor» rasmiylari 4 nafar futbolchi bilan tuzilgan shartnomani ham taqdim etishdi. PFL endi ro‘yxatni OFKga yuboradi. «Paxtakor» tarbiyalanuvchisi sanalgan Jamshid Iskanderov esa erkin agent sifatida «Lokomotiv» bilan shartnoma tuzdi. Shuningdek, braziliyalik Tiago Bezerra Qatarning «Al-Xor» klubi safiga qo‘shildi. Portugaliyalik Ismoil Gonsalvesh esa «Istiqlol» (Tehron)ga transfer qilindi. Akmal Shorahmedov va Jasur Hakimov OCHLda qatnashadigan AGMK safini to‘ldirishdi. Darvozabon Aleksandr Lobanovning «Metallurg» a’zosiga aylanganini ham ta’kidlash lozim.
«Navbahor»
Namangan klubida yangi vise-prezident ish boshladi. «Navbahor» prezidenti Shavkat Abdurazzoqov buyrug‘iga asosan, bu lavozimga Namangan viloyat futbol assosiasiyasi vise-prezidenti sifatida ishlagan Shamshod Ergashovich Sarikov tayinlandi. Yangi vise-prezident zimmasiga sovrinli o‘rinlar uchun kurashishga qodir raqobatbardosh tarkib shakllantirish vazifasi yuklatildi.
Qrimda yig‘in olib borayotgan «Navbahor» esa Yevpatoriyada «Tavriya» bilan nazorat uchrashuvi o‘tkazib, 3:2 hisobida ustun keldi. Jamoa gollariga Zafar To‘rayev, Bahodir Nasimov va Igor Golban mualliflik qilishdi.
«Navbahor»: O‘tkir Yusupov, Jahongir Mehmonov, Igor Golban, Obid Jo‘raboyev, Mirzohid G‘ofurov, Shahzod Shaymanov, Abdujamol Isroilov, Aziz Turg‘unboyev, Zafar To‘rayev, Ulug‘bek Oqnazarov, Aleksandr Kasyan.
Zaxiradan maydonga tushganlar: G‘iyos Komilov, Ivan Solovyev, Hojiakbar Yunusov, Bahodir Nasimov, Slavko Lukich.
«Navbahor» yig‘iniga 2 nafar eronliklik futbolchi jalb qilingandi. Biroq murabbiylar kuni-kecha Neisarikoli Muhsin va Javadigalingeshlagi Sajadga javob berishdi.
«Bunyodkor»
Vadim Abramov boshchiligidagi jamoaga navbatdagi nazorat uchrashuvida «Dinamo» qarshilik qildi. O‘yin «Bunyodkor»ning 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Toshkent jamoasi gollariga Oybek Hamidov va Nozim Rustamov mualliflik qilishdi.
«Metallurg»
PFL tomonidan klublar oldiga qo‘yilayotgan asosiy talablardan biri - futbol akademiyalari faoliyatini takomillashtirish, tarbiyalanuvchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish. Bu borada «Nasaf» klubi qoshidagi akademiyani namuna sifatida ko‘rsatish mumkin. «Metallurg» matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, shu kunlarda Bekobod klubi futbol maktabi rahbarlari Qarshida tajriba o‘rganishmoqda. Bekobodlik mutaxassislar safar davomida «Nasaf» akademiyasi tizimini yaqindan o‘rganishyapti. Bevosita «Metallurg» jamoasiga to‘xtalsak, tarkib «Paxtakor»ning bir qator futbolchilari bilan kuchaytirildi. Aniqrog‘i, Kamoliddin Tojiyev, Aleksandr Lobanov, Stanislav Andreev, Akbar Ismatullayev va Abbos Otaxonov yangi mavsumda bekobodliklar sharafini himoya qilishadi. Bundan tashqari, Suhrob Nurulloyev va Ibrohim Yo‘ldoshev ijara kelishuvi asosida olindi. «Metallurg» hafta oxirida tayyorgarlikning uchinchi bosqichi uchun Turkiyaga jo‘nab ketdi. Bekobodliklar rejaga muvofiq, Antaliya shahrida 2 hafta shug‘ullanishadi. Yig‘in davomida jismoniy tayyorgarlikni tiklash barobarida nazorat uchrashuvlari o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Kelishuvga binoan, «Metallurg»ga Armaniston, Qozog‘iston hamda Turkiya klublarining sparring-raqib vazifasini o‘tashi kutilmoqda. Bekobodliklar safarga ketish arafasida Zafar Safoyev, Muhammad Isayev, Zohid Abdullayev kabi tajribali o‘yinchilar bilan o‘rtadagi shartnoma muddatini uzaytirishdi. Turkiya yig‘ini 11 fevralga qadar davom etadi.
«Buxoro»
Buxoroliklar Toshkent yig‘ini doirasida «Surxon»ga qarshi nazorat o‘yinida maydonga tushib, 1:2 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Baxtiyor Ashurmatov jamoasining yagona goliga Akobir To‘rayev mualliflik qildi.
«Buxoro» (boshlang‘ich tarkib): Nodir Ashurmatov, Bobur Omonov, Laziz Ubaydullayev, Salamat Qutiboyev, Akobir To‘rayev, Mirjalol Jumayev, Robbim Hasanov, Tohir Shamsiddinov, Rahmatulla Berdimurodov, Jamoliddin Ubaydullayev, Mirfayz Muhiddinov.
«QizilQum»
Toshkentda shug‘ullanayotgan Navoiy jamoasi yig‘in doirasida 3-nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. «Qizilqum»ga bu safar Baxtiyor Ashurmatov boshchiligidagi «Buxoro» raqib bo‘ldi. «Chig‘atoy» sport bazasi sun’iy qoplamali maydonida tashkilashtirilgan bellashuvda navoiyliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonishdi. «Qizilqum» shu o‘yin bilan Toshkent yig‘iniga yakun yasashdi. Futbolchilar qisqa tanaffusdan keyin Navoiyda to‘planishadi. Fevral oyida esa Turkiyada o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘ini olib boriladi.
«Qo‘Qon-1912»
No‘’mon Hasanov Toshkentdagi yig‘in chog‘i jamoa tarkibini kuchli futbolchilar bilan to‘ldirishga harakat qilmoqda. «Qo‘qon-1912» mashg‘ulotlariga hozircha 2 nafar xorijlik o‘yinchi qo‘shildi. Klub matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bular - Marko Milich va yarim himoyachi Nenad Stankovich. Marko o‘tgan mavsum ham jamoa safida to‘p surgandi. Nenad esa ko‘rikda bo‘lib turibdi. U 1992 yilning 19 sentyabr kuni tavallud topgan. Bo‘yi - 179 sm., og‘irligi - 70 kg., amplua bo‘yicha - yarim himoyachi. Stankovich oxirgi jamoasi - «Sindelik» safida Serbiya birinchi ligasi doirasidagi 20ta uchrashuvda maydonga tushgan. Umuman olganda, Nenad so‘nggi 4 mavsumni aynan shu klubda o‘ynagan. «Qo‘qon-1912» Toshkent yig‘ini yakunida «So‘g‘diyona»ga qarshi nazorat uchrashuvida maydonga tushib, 0:2 hisobida yutqazdi.
«Qo‘qon-1912» (boshlang‘ich tarkib): Sarvar Karimov, Bahodir Akramov, Jamshid Hasanov, Nosir Otaqo‘ziyev, Suhrob Ne’matov, Avaz Mamatxo‘jayev, Suhrob Berdiyev, Murod Xolmuhammedov, Nenad Stankovich, Marko Milich, Shahboz Erkinov.
AGMK
Dastlabki o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini 3-22 yanvar kunlari oralig‘ida Toshkentda olib borgan klub Dubay shahriga jo‘nab ketdi. AGMKning ushbu yig‘ini 4 fevralga qadar davom etadi. Jamoa u yerda 4ta nazorat bahsi tashkillashtirishni rejalashtirgan. «Maktum bin Rashid» stadionida kechgan dastlabki «o‘rtoqlik»da olmaliqliklarga Dubayning «Shabab Al-Ahli» jamoasi raqib vazifasini o‘tadi. BAA chempionati 13-turidan so‘ng turnir jadvali 4-pog‘onasida borayotgan klubga qarshi kechgan nazorat bahsida Zafar Polvonov tomonidan birinchi bo‘limda urilgan gol Mirjalol Qosimov drujinasiga g‘alaba keltirdi. Olmaliqliklar yana 3ta nazorat o‘yinidan so‘ng qaytib, OCHL saralashiga qaratilgan hozirlikni yurtimizda yakunlashadi. Ta’kidlash joiz, AGMK 12 fevral kuni o‘z maydonida OCHL-2019 saralashi ikkinchi bosqichi doirasida Tojikiston chempioni - «Istiqlol»ga qarshi bahs olib boradi. Darvoqe, Mirjalol Qosimov tarkibga yana bir yangi futbolchini qo‘shib oldi. Gap avvalgi mavsum «Nasaf»dan «Paxtakor»ga o‘tgan Akmal Shorahmedov haqida ketyapti. Eslatish o‘rinli, Shorahmedov avval ham Mirjolol Qosimov qo‘l ostida o‘ynagandi.
«So‘G‘diyona»
Sergey Lushan boshchiligidagi jamoa «Andijon»ga qarshi kechgan o‘rtoqlik uchrashuvida g‘alaba qozondi - 2:1. «So‘g‘diyona» gollariga Murod Rajabov va Doston Toshmatov mualliflik qilishdi.
«So‘g‘diyona» (boshlang‘ich tarkib): Shirinboy Abdullayev, Sherzod Shokirov, Iskandar Shoyqulov, Sardor Qulmatov, Shahboz Jo‘rabekov, Siroj Meliyev, Sanjar Rashidov, Murod Rajabov, Nuriddin Hasanov, Izzatilla Abdullayev, Oybek Nurmatov.
Keyingi uchrashuv «Qo‘qon-1912»ga qarshi kechdi. Bu safar «So‘g‘diyona» Doston Toshmatov va D. Kamolov urgan gollar evaziga 2:0 hisobida ustun keldi.
«So‘g‘diyona» (boshlang‘ich tarkib): Shirinboy Abdullayev, Sardor Qulmatov, Sanjar Rashidov, Oybek Nurmatov, Doston Toshmatov, Sherzod Shokirov, Daniyel Nasriddinov, Siroj Meliyev, Iskandar Shoyqulov, Nikola Milinkovich, Murod Rajabov, D.Kamolov.
«Andijon»
Superliga debyutanti navbatdagi nazorat uchrashuvini «So‘g‘diyona»ga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida yutqazdi. «Andijon»ning yagona goliga Davron Isoqov mualliflik qildi.
«Andijon» (boshlang‘ich tarkib): Akmal Tursunboyev, Xushnud Avilov, Davron Mamatov, Ruslan Melzitdinov, Abror Husinov, Abdurahmon Abdulhaqov, Alisher Mirzayev, Farhod Bekmurodov, Abdulloh Olimov, Davron Isoqov, Sardor Sulaymonov.
«Neftchi»
Farg‘onaliklar hamon Qirgulida shug‘ullanishmoqda. Mazkur yig‘inda bosh murabbiy Bahrom Haydarovga Diyor Alijonov (katta murabbiy) hamda Abdusamad Do‘rmonov (yoshlar murabbiyi) yordam berishmoqda. «Neftchi» a’zolarini jismoniy holatini yaxshilash ustida esa Ilhom Zaylobiddinov ish olib bormoqda. Xislat Chilmatov doimgidek, darvozabonlarni shug‘ullantirmoqda. Xullas, murabbiylar shtabi futbolchilarni kuniga ikki mahal chiniqtirishmoqda. Shartnomasi yakuniga yetgan bir qator o‘yinchilar «Neftchi» bilan xayrlashishdi. Shuningdek, ijara kelishuvi muddati tugagan futbolchilar ham o‘z jamoalariga qaytishdi.
«Mash’al»
Yangi mavsumga jiddiy hozirlik ko‘rayotgan jamoa Muborakdagi yig‘inini davom ettirmoqda. «Mash’al» bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov hozirda futbolchilarning jismoniy holatini maromiga yetkazishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ya’ni kuniga kuchaytirilgan tarzda 2 mahal mashg‘ulot olib borilmoqda. Muborakliklar yangi futbolchilarni ham ko‘rikdan o‘tkazishni mo‘ljallashgan. Shuningdek, bu bosqichda 2ta nazorat uchrashuvi tashkil etiladi.
«Surxon»
Termiz klubi Toshkent yig‘ini doirasida navbatdagi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. O‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan jamoa bu gal «Buxoro» bilan kuch sinashdi. Har ikki klub murabbiylari o‘yin davomida tarkibda shug‘ullanayotgan deyarli barcha futbolchilarga imkoniyat berishdi. Natijaga kelsak, «Surxon» yakunda 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Ilhom Mo‘minjonov boshqaruvidagi Surxondaryo viloyati jamoasi gollari Ayubxon No‘’monov va Sherzod Karimov hisobiga yozildi.
«Surxon» (boshlang‘ich tarkib): Asilbek Omonov, Najmiddin Normurodov, Abbos Maxstaliyev, Sherzod Karimov, Ilhom Boydedayev, Abdulaziz Yusupov, A’zam Aliyev, Sunnatilla Mamadaliyev, Azamat Allaniyozov, Muzaffar Abdullayev, Ayubxon No‘’monov.
«Dinamo»
Yangi mavsumga puxta hozirlik ko‘rayotgan Samarqand jamoasi 22 yanvar kunidan e’tiboran hisob bo‘yicha uchinchi o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘iniga kirishdi. Tayyorgarlik rejasiga muvofiq, 25 yanvar kuni «Metallurg»ga qarshi dastlabki nazorat o‘yini o‘tkazildi. Unda «Dinamo» 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi. «Bunyodkor»ga qarshi kechgan ikkinchi o‘yinda ham Davron Fayziyev shogirdlari mag‘lubiyatga uchrashdi - 1:2. «Dinamo»ning yagona goli Anvar Murodov hisobiga yozildi.
«Dinamo» (boshlang‘ich tarkib): Shohruh Raimov, Komil Sharofutdinov, Obid Hakimov, Jasur Hamroyev, Mehroj Xudoyberdiyev, Humoyun Tolibov, Jasur Ashurov, Muhiddin Odilov, Sunnatilla Abdullajonov, Anvar Murodov, Daler Almosjonov.
«SHO‘RTAN»
Jamoa mashg‘ulotlarni G‘uzorda davom ettirmoqda. Akmal Saitqulov shogirdlari asosan jismoniy va taktik tayyorgarlikka e’tibor qaratishmoqda. Mashg‘ulotlar kuniga ikki mahal tashkillashtirilmoqda. G‘uzordagi «Bolalar futbol markazi» sport majmuasida «Sho‘rtan» va «Sherdor» o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini tashkil etildi va unda mezbonlar 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Jamoaning yagona goli muallifi - Ma’ruf Murodov.
«Sho‘rtan» (boshlang‘ich tarkib): Akmal Rahimov, Nurali Padarov, Olimjon Karimov, Akrom Bahromov, Sherbek Eshmurodov, Farhod Namozov, Samandar Shodmonov, Sirojiddin Rahmatullayev, Islom Shodmonov, Ma’ruf Murodov, Yusuf Bo‘riyev.